Axmed Mutushev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Axmed Mutushev
Tavalludi 1879-yil
Vafoti 1943-yil
Toshkent, OʻzSSR, SSSR
Fuqaroligi Rossiya imperiyasining bayrogʻi Rossiya imperiyasi SSSR bayrogʻi SSSR
Kasbi advokat, publitsist, siyosatchi

Axmed (Axmetxon) Magomedovich Mutushev (1879-yil (1884[1]) – 1943-yil) – chechen advokati, publitsist, jamoat va siyosiy arbob. Chor armiyasi podpolkovnigi, rus-yapon urushi qatnashchisi. Fevral inqilobidan keyin Checheniston va Kavkazda sodir boʻlayotgan ijtimoiy va siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi boʻlgan[2].

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Axmed Magomedovich 1879-yilda tavallud topgan. Otasining vasiyatini bajarib, 1904-yilda Sankt-Peterburgdagi artilleriya maktabini imtiyozli diplom bilan tugatgan. Chor armiyasida podpolkovnik unvoniga ega boʻlgan. Rus-yapon urushida qatnashgan[1].

1911-yilda Xarkov universitetining yuridik fakultetini tamomlagan. Iqtidorli talabaga Sankt-Peterburg universitetida davlat imtihonlarini topshirish va nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish taklif qilingan. Mutushev sinovlardan aʼlo baholarga oʻtib, advokatlik faoliyatini boshlagan[1].

Mutushev XIX asr oxirida oʻzini qobiliyatli publitsist deb eʼlon qilgan. Mutushev oʻz nashrlarida xalqlarning ijtimoiy-siyosiy ahvoliga oid dolzarb masalalarni koʻtargan, mehnatkash ommani ezayotgan chor maʼmuriyatini, Terek viloyati boshqarmasi apparati mansabdor shaxslarini tanqid qilgan. Mutushevning soʻzlariga koʻra, „faqat saylangan mahalliy maʼmuriyat hamma joyda, shu jumladan, albatta, Kavkazda ham tartibni tiklashi mumkin“.

Sovet davri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Axmed 1921-yilda bolalari istiqomad qilayotgan Xarkovga koʻchib oʻtgan va partiya ishiga kirgan. Ammo F. Dzerjinskiy uni Moskvaga olib ketgan, Mutushev VChKda Oliy tribunalda alohida ishlar boʻyicha tergovchi sifatida ishlay boshlagan. Biroq tez orada chechen xalqi vakillari RSFSR hukumatiga Mutushevni Chechenistonga qaytarish iltimosi bilan murojaat qilishgan[3].

1922-yil 2-yanvarda Grozniy inqilobiy qoʻmitasi yangi ijroiya qoʻmitasi va uning raisini saylash uchun Checheniston Sovetlarining III qurultoyini chaqirgan. Gikalo tarafdorlari oʻz gʻalabasini mustahkamlashga umid qilishgan. Biroq, Mutushevning kutilmaganda qurultoyda paydo boʻlishi, ularning rejalarini chalkashtirib yubordi. Delegatlar uni qurultoy prezidiumiga kiritishni talab qilishgan. Mutushev yigʻilganlarning eʼtiborini tortgan va aslida qurultoy ishini oʻz qoʻliga olgan. Bolsheviklar va ularning tarafdorlari norozilik sifatida majlisni tark etishgan. Natijada Mutushev bir ovozdan Chechen milliy okrugi ijroiya qoʻmitasi raisi etib saylangan.

Mutushev Moskvada Gikaloga qarshi kurashda yordam topishga umid qilgan. Biroq, uning tarafdorlari oʻz lavozimlaridan boʻshatilgan yoki kichik lavozimlarga oʻtkazilgan. Shuning uchun Mutushev faol siyosiy faoliyatdan voz kechgan va 1920-yillarning oʻrtalaridan Moskvada yuridik maslahatchi boʻlib ishlagan. 1930-yilda davlat chegarasini kesib oʻtishga urinishda soxta ayblovlar bilan besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Biroq, qamoqda oʻtirganda ham oʻzining reabilitatsiyasi uchun kurashni davom ettirgan, mahbuslar sharoitini yaxshilashga intilgan, jurnalistik maqolalar yozgan va xitoy tilini oʻrgangan.

1932-yilda S. M. Kirovning iltimosiga binoan Mutushev ozod qilingan va yuridik maslahatchi sifatida ish boshlagan. Bir muddat oilasi bilan Stalingrad, Astraxan va boshqa shaharlarda yashagan. 1936-yilda Stalinga maktub yoʻllab, partiyadan nohaq chiqarib yuborilganini, ammo partiya safiga qayta tiklansa, foydali boʻlishi mumkinligini aytgan. Oʻsha yili hibsga olingan. Guvohlarning yozishicha, Axmed 1943-yil oktyabr oyida Toshkent yaqinidagi lagerda oʻpka kasalligidan vafot etgan.

1975-yilda Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi kollegiyasi Mutushev ishi boʻyicha sud hukmi jinoyat boʻlmaganligi sababli bekor qilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 „Ахметхан Мутушев“. abrek.org (2017-yil 11-yanvar). 2017-yil 18-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 16-aprel.
  2. „Мутушев, Ахмед Магомедович“. Qaraldi: 2023-yil 22-noyabr.
  3. „Мутушев Ахмад Магомедович“. Qaraldi: 2023-yil 22-noyabr.