Alisher Uzoqov (25-avgust 1984-yilda tugʻilgan) – oʻzbekfilm aktyori, rejissori, qoʻshiqchisi va professional futbolchisi[1] Uzoqov 2009-yil olingan „Janob hech kim“ filmida oʻynagan rolidan keyin Oʻzbekistonda shuhrat qozonadi. Undan keyingi yillarda aktyor bir necha kinokomediyada rol ijro etdi. Uzoqov faoliyati davomida bir necha qoʻshiqlar ham kuylagan.
Uzoqov oʻzini rejissor sifatida ham sinab koʻrdi. U hozirgacha uch filmga, yaʼni „Mening akam boʻydoq!“ (2011), „Endi dadam boʻydoq?“ (2012) hamda „Kuzda gullagan daraxt“ (2015) filmlariga rejissorlik qildi. 2013-yil aktyor filmlarda boshqa rol ijro etmasligini eʼlon qildi[2], lekin undan keyingi yillarda bir necha filmda rol oʻynadi.
Alisher Uzoqov 2012-yildan beri Futbol boʻyicha Oʻzbekiston birinchi ligasida bellashuvchi „Istiqlol“ futbol klubida oʻynab keladi. 2016-yil u Andijon viloyati futbol federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti etib tayinlandi[3].
Hayoti
Alisher Uzoqov 1984-yil 25-avgustda Toshkentda tugʻilgan.[4] Uzoqov taniqli mumtoz qoʻshiqchi Maʼmurjon Uzoqovning nevarasidir. Otasi Muhammadjon Uzoqov aktyor va qoʻshiqchidir.[5] Onasi Shohida Uzoqova ham aktrisa boʻlib, oʻgʻli bilan bir necha filmda, jumladan, „Soʻnggi lahza“ (2009), „Tundan tonggacha“ (2009), „Mening akam boʻydoq!“ (2011), „Uchrashuv“ (2011), „Soʻnggi qoʻngʻiroq“ (2012) hamda „Tundan tonggacha davom etadi…“ (2012) filmlarida birga rol ijro etgan. Uzoqov oilali boʻlib, bir oʻgʻli va bir qizi bor.
Uzoqov 2012-yildan beri Futbol boʻyicha Oʻzbekiston birinchi ligasida bellashuvchi Istiqlol futbol klubida oʻynab keladi. 2016-yil u Andijon viloyati futbol federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti etib tayinlandi.