Kinokomediya

Kinokomediya — kino sanʼati turi. Filmda xarakter, konflikt, vaziyatni tasvirlashda tomoshabinda kulgi qoʻzgʻatish kinokomediyaning asosiy xususiyatidir[1]. Yumoristik va hajviy jihatlari bir-biriga bogʻliq holda koʻrsatiladi. Kinovodevil, ekssentrik „komik“, lirik, maishiy, hajviy, tragikomik, fantastik kinokomediya janrlari keng tarqalgan. Sirk, karikaturani oʻzida singdirgan ekssentrik „komik“ kinokomediya XX asrning 10—20-yillarida yuzaga kelgan (André Deed, Max Linder, René Clair — Fransiya; Mack Sennett, Charlie Chaplin, Buster Keaton, Harold Lloyd — AQSH). Frank Capra ovozsiz kino davrida „Bir kunlik xonim“, „Mister Dids shaharga koʻchib oʻtmoqda“, „Tundagi hodisa“ kabi filmlarni ishlab Amerika kinokomediyasining rivojlanish davrini boshlab berdi. Keyinchalik Alessandro Blasetti, Juan Antonio Bardem, Jacques Becker, Luis García Berlanga, G. Krichton, R. Kornelius kabi rejissyorlar jamiyatdagi mavjud nuqsonlarga qarshi kinokomediyalar („Millioner Neapol“, „Tramvay oʻgʻirlandi“, „Dadam, oyim, xizmatkor qiz va men“ va boshqalar) yaratdilar. Yakov Protazanovning „Nasriddin Buxoroda“ (1943) filmi — birinchi oʻzbek kinokomediyasi. „Nasriddinning sarguzashtlari“ (rejissyor Nabi Gʻaniyev), „Mahallada duv-duv gap“ (Shuhrat Abbosov), „Kelinlar qoʻzgʻoloni“, „Maysaraning ishi“, „Chimildiq“ (Melis Abzalov), „Sharif va Maʼrif“, „Temir erkak“ (Isamat Ergashev), „Bomba“ (Zulfiqor Musoqov), „Masxaraboz“ (Sharof Boshbekov) va boshqalar eng yaxshi oʻzbek kinokomediyalaridir. R. Pirmuhamedov, R. Hamroyev, N. Raximov, H. Umarov, S. Xoʻjayev. Baxtiyor Ixtiyorov, H. Sharipov, O. Asomov, M. Xolmedov va boshqalarning oʻzbek kinokomediyasi rivojida hissalari katta. Zamonaviy rejissyorlar izlanishi natijasida kinokomediya unsurlari kinoning boshqa janrlariga ham singib bormoqda.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Comedy Films“. Filmsite.org. Qaraldi: 2002-yil 29-aprel.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- IMDBda kinokomediyalar (inglizcha)
| Kinematografiyaga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |