Kontent qismiga oʻtish

Afgʻoniston 2004-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida

Ushbu maqola yaxshi maqolalar sarasiga kiradi.
Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Afgʻoniston Olimpiada oʻyinlarida
Oʻyinlarda foydalanilgan bayroq
XOQ kodi:AFG
MOQ:Afgʻoniston Milliy Olimpiya qoʻmitasi
'
Sportsmenlar 5 nafar 4 sport turlarida
Bayroqdor Neema Suratgar (ochilishda)
Kosia Akashi (yopilishda)
Medallar Oltin
0
Kumush
0
Bronza
0
Hammasi
0
Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi ishtiroki
1936  • 1948  • 1956  • 1960  • 1964  • 1968  • 1972  • 1980  • 1988  • 1996  • 2004  • 2008  • 2012  • 2020  • 2024  •

Afgʻoniston islom respublikasi 2004-yilning 13–29-avgust kunlari Gretsiyaning Afina shahrida boʻlib oʻtgan Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan. Ushbu Olimpiada Afgʻonistonning umumiy hisobda Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi oʻn birinchi va 2003-yili Afgʻoniston Milliy olimpiya qoʻmitasi (MOQ) Xalqaro olimpiada qoʻmitasi (XOQ) tarkibida qayta tiklanganidan keyingi ilk ishtiroki boʻlgan. 1996—2001-yillarda Afgʻonistonni boshqargan „Tolibon“ harakati mamlakatda ayollar huquqlari borasida bir qancha cheklovlar eʼlon qilgan edi. 2004-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlariga Afgʻoniston delegatsiyasi besh nafar sportchidan iborat jamoa, jumladan, sprinterlar Mas’ud Aziziy va Robina Muqimyar, bokschi Basharmal Sultoniy, dzyudochi Friba Rizoiy hamda kurashchi Bashir Ahmad Rahmatiylar bilan tashrif buyurgan. Muqimyar va Rizoiy Afgʻoniston delegatsiyasi tarkibida Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan ilk ayol sportchilar boʻlgan. Delegatsiya tarkibidagi hech bir sportchi oʻz yoʻnalishi boʻyicha birinchi turdan keyingi bosqichga oʻta olmagan. Biroq ular orasida eng yaxshi koʻrsatkichni yengil atletikachi Muqimyar qayd etgan boʻlib, u oʻz yoʻnalishida yaʼni ayollar oʻrtasida 100 metrga yugurish bahslarida mamlakat milliy rekordini oʻrnatgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Afgʻoniston ilk marotaba 1936-yilda Berlinda boʻlib oʻtgan Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan. Shundan keyin mamlakat sportchilari 1936-yildan 2004-yilgacha oʻtkazilgan beshta – 1952, 1976, 1984, 1992 va 2000-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridan tashqari barcha oʻyinlarda qatnashib kelishgan[1]. 1999-yilning oktyabr oyida Xalqaro olimpiada qoʻmitasi Afgʻoniston delegatsiyasini diskvalifikatsiya qilgan. Keyinchalik „Tolibon“ tomonidan ayollar huquqlarining cheklanishi va mamlakatda ayollar sportining taqiqlanishi tufayli afgʻon sportchilarining 2000-yilgi Sidney Olimpiadasidagi ishtiroki ham cheklangan[2][3]. 2001-yilda Afgʻonistonda „Tolibon“ hokimiyati qulagach, XOQ mamlakatga yangi Milliy olimpiya qoʻmitasini tuzish ishlariga yordam bergan[2]. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida 2003-yilning 29-iyunida Chexiya poytaxti Pragada boʻlib oʻtgan XOQning 115-yigʻilishida Afgʻoniston Milliy olimpiya qoʻmitasining aʼzoligi rasman qayta tiklangan. Qoʻmitaga qoʻyilgan yagona talab Olimpiada oʻyinlarida ayol sportchilarning ham ishtirokini taʼminlash boʻlgan[4][5].

2004-yilning 13–29-avgust kunlari Afinada boʻlib oʻtgan Yozgi Olimpiya oʻyinlarida Afgʻoniston delegatsiyasi oʻn birinchi marta ishtirok etgan[1]. Mamlakat Olimpiadaga besh nafar sportchilar delegatsiyasi bilan tashrif buyurgan. Ular sprinterlar Masʼud Aziziy va Robina Muqimyar, bokschi Basharmal Sultoniy, dzyudochi Friba Rizoiy va kurashchi Bashir Ahmad Rahmatiylar edi[6]. Robina Muqimyar va Friba Rizoiylar Yozgi Olimpiada oʻyinlarida Afgʻoniston nomidan ishtirok etgan ilk ayol sportchilar boʻlishgan[7][8]. Delegatsiyaning barcha besh nafar vakili ham dastlab Afgʻonistonda, keyinroq eronlik murabbiylar qoʻl ostida Tehronda mashgʻulotlar olib borishgan. Shuningdek, oʻyinlarga qisqa muddat qolganda delegatsiya Salonikiga oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari oʻtkazish uchun yoʻl olgan[6][9]. Afgʻon hukumati sportchilarning mashgʻulot olib borishlari uchun yetarli sarmoya kiritmagan. Ommaviy axborot vositalarida bildirilgan umumiy fikrlarga koʻra, aynan shu sababli ham afgʻonistonlik sportchilar oʻyinlarga yaxshi tayyorgarlik koʻra olmagan va musobaqadan medalsiz qaytgan[9]. Jamoa murabbiysi Neema Surgatar Olimpiadaning ochilish marosimida bayroqdor boʻlgan boʻlsa[10], yopilish marosimida mamlakat bayrogʻi murabbiy Kosia Akashiga topshirilgan[11].

Yengil atletika[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilk bor 18 yoshida Yozgi Olimpiada oʻyinlarining yengil atletika musobaqalarida ishtirok etgan Mas’ud Aziziy Afgʻonistondan tashrif buyurgan yagona erkak yengil atletikachi edi[12]. Aziziy Olimpiada yoʻllanmasini beruvchi bir qancha musobaqalarda ishtirok etgan va yaxshi natija koʻrsatgan holda oʻyinlarda qatnashish huquqini qoʻlga kiritgan. U mashgʻulotlar vaqtida erkaklar oʻrtasida 100 metrga yugurish boʻyicha bahslarda eng yaxshi, yaʼni 11,16 soniyalik natija koʻrsatgan. Ushbu natija Olimpiada oʻyinlari „B“ saralash standarti koʻrsatkichlaridan 0,88 soniyaga sekinroq edi[8][13]. Musobaqalar oldidan bergan intervyusida Aziziy: „Men boshqa jahon chempionlari bilan birga ekanligimdan juda faxrlanaman va ushbu oʻyinlarda ularga oʻzimni tanishtiraman“, – degan[6]. Shuningdek, sportchi „Men ushbu musobaqalardan sovrin bilan qaytish uchun qoʻlimdan kelgancha harakat qilaman. Oʻyinlarga tashrif buyurgan barcha sportchilar medal olishni istaydi, lekin muhimi gʻalaba yoki magʻlubiyat emas. Asosiysi, ishtirok“, deya taʼkidlagan[8]. Mas’ud Aziziy 21-avgust kuni sakkiz nafar sprinter bilan qur’a tashlashda ishtirok etgan. Qur’a tashlashdan keyin oʻtkazilgan yugurish bahslarida 11,66 soniyalik natijani qayd etgan holda barcha yuguruvchilar orasida sakkizinchi, yaʼni oxirgi oʻrinni egallagan. Ushbu saralash bahslarining har biridan faqat eng yaxshi uch nafar, shuningdek, ulardan keyingi eng yaxshi natijani qayd etgan oʻn nafar sportchilar keyingi bosqichga oʻtishga muvaffaq boʻlishgan. Biroq Aziziy birinchi tur oʻyinlaridayoq imkoniyatni boy bergan[14]. Sportchi bundan keyingi 2008 va 2012-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ham mamlakat sharafini himoya qilgan[12].

18 yoshli Robina Muqimyar 2004-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida Afgʻoniston sharafini himoya qilgan yagona ayol yengil atletikachi boʻlgan[15]. XOQ Muqimyarga Olimpiadada ishtirok etish uchun maxsus wild card (saralash oʻyinlarida ishtirok etmasdan yoki maʼlum darajadagi reytingga ega boʻlmasdan turib sportchiga oʻyinlarda ishtirok etish uchun beriladigan imtiyoz) taqdim etgan. Keyinchalik sportchi ayollar oʻrtasida 100 metrga yugurish bahslarida 13,76 soniyalik natijani qayd etgan. Ushbu koʻrsatkich Olimpiada „B“ saralash standartidan 1,74 soniyaga sekinroq edi. Shundan soʻng, Muqimyarning oilasi sportchiga Afinada oʻtkaziladigan Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etishi uchun rozilik bergan[7][13][16]. Muqimyar haftasiga ikki marotaba Gʻozi stadionida mashq qila boshlagan. Sportchi baʼzida yalangoyoq holda ham sport mashgʻulotlarini oʻtagan. Biroq u doim erkaklarning taʼqib va hujumlaridan qoʻrqib, ulardan uzoqda boʻlishga harakat qilgan[9][17]. Oʻyinlar oldidan Muqimyar „BBC World Service“ telekanaliga afgʻon ayollari uchun namuna boʻlish istagi borligini aytgan[18]. 2004-yilning 20-avgustida sportchi 7-yugurish yoʻlagidan joy olib, sakkizta yuguruvchi orasida yettinchi oʻrinni egallagan. Shunday boʻlsa-da, 14,14 soniya bilan Afgʻoniston milliy rekordini yangilagan[5][19]. Yozgi Olimpiada oʻyinlarida Robina Muqimyar birinchi bosqichdan keyingi turga oʻta olmagan. Chunki musobaqa qoidalariga koʻra har bir turdan eng yaxshi natija koʻrsatgan kuchli uchlik, shuningdek, barcha oʻnta turda eng yaxshi natija qayd etgan oʻnta sportchi keyingi bosqichga oʻtish imkoniyatiga ega boʻlgan[19]. Oʻyinlardagi ishtirokini yakunlagan Muqimyar shunday degan: „Men biroz hayajonlandim, chunki oʻsha paytda butun dunyo meni kuzatib turgan edi. Yugurish chogʻida boshqa sportchilar marraga yetib kelish uchun qanday qiyinchiliklarga duch kelganimni koʻrganini aytishdi va meni ruhlantirishdi. Stadionda muxlislarning „Robina! Robina!“ deya meni qoʻllab-quvvatlashlarini eshitdim, bu meni juda xursand qildi“[20]. 2004-yilgi Afinada oʻtkazilgan Yozgi Olimpiada oʻyinlaridan keyin Robina Muqimyar 2008-yilgi Pekin Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ham Afgʻoniston sharafini himoya qilgan[15].

Erkaklar:
Sportchi Musobaqa Yugurish Chorak final Yarim final Final
Natija Daraja Natija Daraja Natija Daraja Natija Oʻrin
Mas’ud Aziziy 100 m 11.66 8 Keyingi bosqichga oʻta olmagan[14]
Ayollar:
Sportchi Musobaqa Yugurish Chorak final Yarim final Final
Natija Daraja Natija Daraja Natija Daraja Natija Oʻrin
Robina Muqimyar 100 m 14.14 MR 7 Keyingi bosqichga oʻta olmagan[5][19]

MR – milliy rekord.

Boks[tahrir | manbasini tahrirlash]

2004-yilgi Afina Yozgi Olimpiada oʻyinlari paytida Basharmal Sultoniy 19 yoshda boʻlgan. Ushbu Olimpiada sportchi sportdagi faoliyati davomida qatnashgan ilk va yagona Olimpiada boʻlgan[21]. Sultoniy yarim oʻrta vazn toifasida Osiyo oʻyinlari saralash bahslarida ishtirok etib, uchinchi oʻrinni egallagan. Biroq bu natija sportchiga Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritish imkonini bermagan. Shundan soʻng XOQ sportchiga Olimpiadada ishtirok etish uchun maxsus wild card taqdim etgan[9]. Sultoniy 15-avgust kuni Peristeri Olimpiada boks zalida 32-turda misrlik Muhammad Hikalga qarshi maydonga tushgan. Biroq 12:40 hisobda raqibiga oʻyinni boy bergan holda Olimpiadadagi ishtirokini yakunlagan[22]. Basharmal Sultoniy Yozgi Olimpiada oʻyinlarida magʻlubiyatga uchragan boʻlsa-da, tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻlgan. Sportchi Olimpiya oʻyinlaridagi ishtiroki haqida „The Atlanta Journal-Constitution“ nashriga bergan intervyusida shunday degan: „Bu mening hayotimdagi eng ajoyib lahzalar edi. Bu har qanday sportchi uchun katta faxr“[23].

Sportchi Musobaqa 32-tur 16-tur Chorak final Yarim final Final uchun qayta kurash (1) Final uchun qayta kurash (2) Final uchun qayta kurash (3) Yakuniy/BM
Natija Natija Natija Natija Natija Natija Natija Natija Oʻrin
Basharmal Sultoniy Yarim oʻrta vazn Muhammad Hikal

(Misr)

L 12–40

Keyingi bosqichga oʻta olmagan[24]

Dzyudo[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ano Liosia Olimpiada zali, bu yerda Rizoiy dzyudo boʻyicha musobaqalarda, Rahmatiy esa kurash boʻyicha bahslarda qatnashgan.

2004-yilgi Afina Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan Friba Rizoiy oʻsha vaqtda 18 yoshda boʻlgan[16]. Rizoiy Olimpiada oʻyinlarida Afgʻoniston sharafini himoya qilgan birinchi ayol dzyudochi boʻlgan[25]. Xalqaro dzyudo federatsiyasi Olimpiadaga reyting jihatdan past darajada boʻlgan bokschilarga yoʻllanma berish borasida ikkilansa-da, Rizoiy oʻyinlarda ishtirok etish uchun XOQ tomonidan beriladigan wild carddan foydalangan[25]. 1994-yilda, Rizoiy toʻqqiz yoshda boʻlgan vaqtda uning oilasi Afgʻonistonni tark etgan. Oila sakkiz yil davomida Pokistonda yashagan. U yerda Rizoiy jang sanʼatiga qiziqib qolgan. Oradan sakkiz yil oʻtib, Afgʻonistonda „Tolibon“ hokimiyati qulagach, sportchi Afgʻonistonga qaytib kelib, dastlab boks bilan, keyinchalik dzyudo bilan shugʻullangan[16]. Friba Rizoiy Olimpiada oʻyinlari Afgʻonistonda sport haqidagi tasavvurni oʻzgartirishi mumkinligi toʻgʻrisida shunday degan[16]: „Mening ishtirokim u qadar muhim emas. Men hammaga afgʻon ayollarining sportda oʻz oʻrniga ega ekanligini oʻz misolimda koʻrsatmoqchiman“[26]. 18-avgust kuni Rizoiy ispaniyalik Cecilia Blancoga qarshi nimchorak finalda 42 soniyadan soʻng bir ochkolik farq bilan magʻlubiyatga uchragan[25]. Sportchi oʻyinni boy bergan bergan boʻlsa-da, Olimpiada oʻyinlarida qatnashganidan faxrlanishi haqida gapirgan va oʻz kamchiliklarini tan olgan holda shunday degan: „Men qoʻlimdan kelganini qildim, lekin yuqori natija koʻrsata olmadim. Keyingi safar, albatta, musobaqada gʻolib boʻlaman“[25].

Sportchi Musobaqa Nimchorak final 16-tur Chorak final Yarim final Final uchun qayta kurash (1) Final uchun qayta kurash (2) Final uchun qayta kurash (3) Yakuniy / BM
Natija Natija Natija Natija Natija Natija Natija Natija Oʻrin
Friba Rizoiy −70 kg Cecilia Blanco

(Ispaniya)

L 0000–1000

Keyingi bosqichga oʻta olmagan[25]

Kurash[tahrir | manbasini tahrirlash]

20 yoshida kurash boʻyicha 2004-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida Afgʻoniston sharafini himoya qilgan Bashir Ahmad Rahmatiy oʻyinlarga tashrif buyurgan yagona afgʻon kurashchisi boʻlgan. Ushbu musobaqa Rahmatiy uchun yagona Olimpiada oʻyinlari boʻlib qolgan[27]. Rivojlanmagan Milliy olimpiya qoʻmitalariga milliy va mintaqaviy sport tuzilmalarini tashkil etishda yordam beruvchi Olimpiya birdamligi dasturiga koʻra, Birlashgan jahon kurashi federatsiyasining uch tomonlama taklifi bilan Rahmatiy Olimpiadada erkaklar oʻrtasida yengil vazn toifasida (55 kg) oʻtkaziladigan bahslarda qatnashish huquqini qoʻlga kiritgan[8][28]. Sportchi saralash bahslarida oltin medal uchun bahs olib borgan sportchilar oʻzbekistonlik Dilshod Mansurov va rossiyalik Mavlet Batirovga gʻalabani boy bergan va saralash bahslarida soʻnggi oʻrinni egallagan. Yakuniy reytingda esa yigirma ikkinchi oʻrinda qayd etilgan[29].

Erkaklar oʻrtasida yengil vazn toifasida:
Sportchi Musobaqa Saralash bosqichi Chorak final Yarim final Yakuniy/BM
Natija Natija Oʻrin Natija Natija Natija Oʻrin
Bashir Ahmad Rahmatiy − 55 kg Dilshod Mansurov (Oʻzbekiston)

L 0–4 ST

Mavlet Batirov

(Rossiya) L 0–4 ST

3 Keyingi bosqichga oʻta olmagan 22[29]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 „Afghanistan“. Sports Reference. 2018-yil 24-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  2. 2,0 2,1 The Multimedia Encyclopedia of Women in Today's World Zeiss Stange: . SAGE Publications, 9 January 2013. ISBN 978-1-4522-7037-1. 2018-yil 23-sentyabrda qaraldi. 
  3. Baker, Aryn. „A Run to The Future“. Time (2004-yil 11-aprel). 2017-yil 13-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  4. „Afghanistan back in Olympics“. BBC News (2003-yil 29-iyun). 2007-yil 1-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  5. 5,0 5,1 5,2 Adelson, Andrea. „Islamic women stride into history“. Deseret News. Associated Press (2004-yil 21-avgust). 2018-yil 23-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  6. 6,0 6,1 6,2 Orkin, Lisa. „Athens Olympic journey for five“. The Spokesman-Review. Associated Press (2004-yil 18-iyun). 2018-yil 23-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  7. 7,0 7,1 de Quetteville, Harry. „Running free after escaping iron rule of the Taliban“. The Daily Telegraph (2004-yil 5-iyul). 2018-yil 23-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  8. 8,0 8,1 8,2 8,3 Robbins, Liz. „Olympics; Unveiling New Face of Afghan Freedom“. The New York Times (2004-yil 7-iyun). 2018-yil 24-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  9. 9,0 9,1 9,2 9,3 Ford, Peter; Halpern, Orly; Kazem, Halima. „For Iraqi and Afghan Olympians, victory is just being there“. The Christian Science Monitor (2004-yil 19-avgust). 2018-yil 23-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  10. „Flag bearers for Opening Ceremony“. Rediff.com (2004-yil 13-avgust). 2016-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 25-oktyabr.
  11. „Flag Bearers for the Closing Ceremony“. International Olympic Committee (2018-yil 29-avgust). 2016-yil 15-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 16-aprel.
  12. 12,0 12,1 „Masoud Azizi Bio, Stats, and Results“. Sports Reference. 2018-yil 23-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  13. 13,0 13,1 „IAAF Games of the XXX Olympiad – Athens 2004 Entry Standards"“. International Association of Athletics Federations (2008-yil 5-fevral). 2018-yil 11-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  14. 14,0 14,1 „Olympic results for 21 August: Results – 21/08/2004“. BBC Sport (2004-yil 21-avgust). 2007-yil 10-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  15. 15,0 15,1 „Robina Muqim Yaar Bio, Stats, and Results“. Sports Reference. 2018-yil 23-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  16. 16,0 16,1 16,2 16,3 Lopresti, Mike. „Afghan women making Olympic history“. USA Today (2004-yil 17-avgust). 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  17. McGeachy Fox, Ashley. „For Afghan runner, an unforgettable Games“. The Philadelphia Inquirer. Knight Ridder News Service (2004-yil 21-avgust), s. K0592. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  18. „Afghan women's Olympic dream“. BBC News (2004-yil 22-iyun). 2012-yil 11-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  19. 19,0 19,1 19,2 „Today's Track and Field Results: August 20, 2004“. ESPN (2004-yil 28-sentyabr). 2004-yil 28-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  20. Robertson, Linda. „Afghanistan athlete sprints toward equality“. The Miami Herald. Knight Ridder News Service (2004-yil 21-avgust), s. K0680. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  21. „Basharmal Sultani Bio, Stats, and Results“. Sports Reference. 2018-yil 23-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  22. „Welterweight (69kg/152lbs) Round of 32“. NBC Sports (2004-yil 15-avgust). 2004-yil 24-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  23. Schultz, Jeff. „Athens 2004: For Afgans, Freedom to Compete is Golden“. The Atlanta Journal-Constitution (2004-yil 18-avgust), s. D1. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  24. Donegan, Lawrence. „Forty-two seconds that put Afghan women on the map“. The Guardian (2004-yil 19-avgust). 2018-yil 27-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  25. 25,0 25,1 25,2 25,3 25,4 Donegan, Lawrence. „Forty-two seconds that put Afghan women on the map“. The Guardian (2004-yil 19-avgust). 2018-yil 27-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  26. Babcock McGraw, Patricia. „American women may not realize how good they have it“. Daily Herald (2004-yil 14-avgust), s. 1. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  27. „Bashir Ahmad Rahmati Bio, Stats, and Results“. Sports Reference. 2018-yil 23-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  28. Abbott. „Olympic Games preview at 55 kg/121 lbs. in men's freestyle“. The Mat (2004-yil 12-iyul). 2012-yil 10-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.
  29. 29,0 29,1 „Results – Wrestling Freestyle: under 55kg“. BBC Sport (2004-yil 29-avgust). 2006-yil 23-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 23-sentyabr.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]