Abu Ravvod

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Ravvod
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 776-yil (hijriy 159-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi ilk davr so‘fiylaridan

Abdulaziz ibn Abu Ravvod (arabcha: عبد العزيز بن أبي رواد) – ilk davr soʻfiylaridan.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asli xurosonlik va ehtimolga koʻra, turk boʻlganligi rivoyat qilingan. Azd qabilasi raislaridan Mugʻiyra ibn Mu­hallabning mavlosi. Abu Ravvod kunya­si bilan tanilgan otasining asl ismi Maymun (Ayman) ibn Badr boʻlgan. U Makka shahrida yashab, oʻsha yerda vafot etgan.

Manbalarda Abdulaziz ibn Abu Ravvodning murjialardan boʻlgani toʻgʻrisida rivoyatlar keltirilgan. Shuningdek, uning hadis roviysi sifatida jarh va taʼdil borasidagi qarashlari manbalardan juda keng oʻrin egallaydi. Tobeʼinlarning ulugʻlari, avvalgi ummat va davrlar haqida naql qilgan xabarlari baʼzi muhaddislar tomonidan qattiq tanqid ostiga olinishiga sabab boʻlgan.

Rivoyatlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Undan naql qilingan soʻzlar va diniy faoliyatiga berilgan baholar Abdulaziz ibn Abu Ravvodning zuhd davri tasavvufining asoschisi boʻlganini koʻrsatadi. Oʻtmishini soʻragan kimsaga gunohlar ichida ekani, umri tezda oʻtib ketgani, oʻlim va oxiratdan gʻaflatda qolganini aytib yigʻlagani rivoyat qilinadi. Eng fazilatli ibodat haqida soʻralganda „kechayu kunduz doimo mahzun holatda boʻlish­lik“, deb javob qaytargan. Rivoyatga koʻra, koʻzlari koʻrmay qolganida yigirma yil buni hech kimga bildirmagan. Holat maʼlum boʻlganida esa, „rizo va Allohga taslim boʻlish­lik buni maʼlum qilishga toʻsqinlik qildi“, deb javob bergan. Uning bu tushunchasi keyingi davr soʻfiylari tomonidan tasavvuf taʼriflaridan biri sifatida qoʻllanilgan: „Tasavvuf – ilohiy lutflarni birma-bir sanash va ayblarni yashirishdir“. Shuningdek, u sabr va rizoga tes­kari bir ish qilib qoʻygani uchun qirq yil mobaynida boshini koʻtarib samoga qaramagani naql qilinadi.

Hadis olimi Shuayb ibn Harb Abdulaziz ibn Abu Ravvodning besh yuz ilmiy majlislarida ish­tirok etib, uning biror marta ham gunohga sabab boʻladigan holatga tushganini koʻrmaganini naql qilgan. Bu xabardan Abdulaziz ibn Abu Ravvod shogirdlarga ega boʻlgani va tasavvufiy taʼlim faoliyatini olib borganini koʻrish mumkin.

Abdulaziz ibn Abu Ravvod iymon faqatgina qalbning tasdigʻi va tilning iqroridan iborat deb hisoblagani va gunohi kabira qiluvchilarni Allohga havola qilgani uchun murjialardan hisoblangan. Shu sababdan hadis olimlari bilan orasi ajralgan. U mazkur fikrga umrining soʻnggi yillarida kelgan boʻlib, ilgari gunohi kabira qiluvchilar masalasida muhaddislar bilan qarashlari bir boʻlgan. Uning irjo fikrini tanqid qilganlardan biri – hadis ilmida shogirdi, zuhdda doʻs­ti boʻlgan Sufyon as-Savriydir.

Baʼzi hadisshunoslar fikricha, Abdulaziz ibn Abu Ravvodning hofizasi zaif deb topilsa-da, odatda ishonchli roviy sifatida qabul qilingan. Ahmad ibn Hanbal, an-Nasoiy, ad-Doraqutniy va Ibn Abu Hotimlar asarlarida uning rivoyatlari keltirilgan. U Nofeʼ, Ato, Ikrima, az-Zahhok ibn Muzohim, Solim ibn Abdulloh kabi ulugʻ tobeʼinlardan hadis ting­lagan. Shu’ba, Vakiy’, Abdurrazzoq, Zoida, Sufyon as-Savriy, Ibn al-Muborak, Yahyo ibn Saʼid al-Qatton va boshqa taniqli olimlar undan hadis rivoyat qilganlar[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. – Bayrut: 1968. IV, 166-168; V, 493;
  • Ibn Hibbon. Kitāb al-maj­rӯhӣn. – Halab: 1396. II, 136-138;
  • Az-Zahabiy. Siyar. VII, 184-187;
  • Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. VI, 338-339;
  • Ibn Kasir. Al-Bidāya. – Qohira: 1932-39. I, 131;
  • Ash-Shaʼroniy. At-Tabaqāt al-kubrā. – Qohira: 1954. I, 61.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.