Abdurrahim ibn Ahmad al-Buxoriy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Zakariyo Abdurrahim ibn Ahmad ibn Nasr ibn Ishoq ibn Amr ibn Muzohim ibn Gʻiyos at-Tamimiy al-Buxoriy al-Hofiz
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 992-yil (hijriy 382-yil)
Vafoti milodiy 1068-69-yil (hijriy 461-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi muhaddis, hadis hofizi

Abdurrahim ibn Ahmad al-Buxoriy (arabcha: عبد الرحيم بن أحمد البخاري — Abu Zakariyo Abdurrahim ibn Ahmad ibn Nasr ibn Ishoq ibn Amr ibn Muzohim ibn Gʻiyos at-Tamimiy al-Buxoriy al-Hofiz, 382/992, Buxoro — 461/1068-1069, Misr) — muhaddis, hadis hofizi.

Abdurrahim ibn Ahmad al-Buxoriy so‘z va rivoyatlari ishonchli hofiz, muhaddis, imom-peshvolardan bo‘lib, milodiy yilning may-iyun (hijriy yilning rabi’ul-avval) oylarida tug‘ilgan va Misr viloyatlaridan hisoblangan Havro’da vafot etgan.

Taʼlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdurrahim ibn Ahmad al-Buxoriy sayyoh ham bo‘lib, hadis ilmi talabida Xuroson, Iroq, Shom, Yaman, Misr, Afrika, Andalusiya (Ispaniya) diyorlariga safar qilgan va u yerning shayx va olimlaridan taʼlim olgan.

Hadislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

U Buxoroda Muhammad ibn Ahmad al-Gʻunjor al-Buxoriy, Abu-l-Fazl Ahmad ibn Ali as-Sulaymoniy al-Baykandiy va Abu Abdulloh al-Husayn ibn al-Hasan al-Halimiylarni, Xurosonda Abu Yaʼlo al-Muhallabiyni tinglagan, so‘ng Misrda yashab qolib, Abdulg‘aniy ibn Saʼid al-Azdiy al-Hofizdan, Damashqda Tammom ibn Muhammad ar-Roziydan, Bag‘dodda Abu Umar ibn Mahdiy va boshqalardan hadis rivoyat qilgan.

Shamsuddin az-ZahabiyningTazkira al-huffāz“ asarida Abdurrahim ibn Ahmad al-Buxoriyning tarjimai holida roviy­lar zanjirida hofiz ham ishtirok etgan hadislardan uchtasi keltirilgan bo‘lib, birinchi (isnodida noaniqlik mavjud, sahih bo‘lmagan hadis) va ikkinchisi (Imom Muslimning hadis to‘plamida kelgan hadis)ning sanadi Ibn Allon hamda al-Hasan ibn Alilardan Ali ibn Abu Tolibga, uchinchisi (sahih, g‘arib hadis)niki Abdulloh ibn Hofizdan an-Noʻmon ibn Bashirga yetib borganiga guvoh bo‘lish mumkin. Manbalarda olim, shuningdek, al-Hofiz Abdulg‘aniy ibn Saʼidning „Mushtabah an-nisba“ asarini ham ri­voyat qilgani zikr qilinadi.

O‘z navbatida, hofizdan ustozi Abdulvahhob ibn Abdulloh ibn al-Habbob, shofeʼiy faqihi Abu-l-Fath Nasr ibn Ibrohim al-Maqdisiy, Musharraf ibn Ali at-Tammor, Jamil ibn al-Hasan al-Modroiy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ar-Roziy va boshqalar hadis ri­voyat qilganlar.

Iqtibos[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yoqut al-Hamaviy «Mu’jam al-buldān»da olimning «Buxoroda mening o‘n to‘rt ming juz(li asarlar)im bor. Uni (u yerdan) olib ketib, bu yerga [Misrga] keltirishni xohlayman», – deb aytgan so‘zlarini naql qiladi.

Asari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Risāla ar-rihla va asbābuhā va qavlu lā ilāha illallāh va savābuhā[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Yoqut. Mu’jam. -Misr: „As-Saʼoda“, 1906. II, 58;
  2. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. — Bayrut: „Dor ihyo at-turos“, 1906. III, 1157;
  3. Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. — Damashq-Bayrut: „Dor Ibn Kasir“, 1991. V, 258;
  4. Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. — Damashq: „At-Turos“, 1957. V, 202;
  5. Imom Shamsiddin Zahabiy. Mashhur daholar siyrati. — T.: „Hilol-nashr“, 2017. 52-54.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.