Abdurazzoq Yunusov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdurazzoq Yunusov
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1948-yil 3-yanvar
Vafoti 2018-yil 4-oktabr
Dini Islom
Tanilgan sohasi ulamo

Abdurazzoq Yunusov (arabcha: عبد الرزاق یونسوف — (03.01.1948 – Toshkent – 04.10.2018) — taniqli ulamo.

Shayx Abdurrazzoq Mirjalol o‘g‘li Yunusov Toshkent shahrining ziyolilar oilasida tug‘ilgan.

Taʼlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilk savodini Toshkent shahridagi 45-sonli o‘rta maktabda olgan. Bobosi Mulla Yunus tomonidan xonadonida uyushtiriladigan ilmiy majlislarda atoqli ulamolardan shayx Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon, Fozilxo‘ja Sodiqxo‘jayev, Shorasul Qoraboyev (Nofe’ domla), Shoikrom Shoislomov va boshqalarning suhbatlaridan bahramand bo‘lgan. Ushbu suhbatlar yosh Abdurazzoq Yunusovda Islom diniga xizmat qilish muhabbatini uyg‘otadi. Maktabdan so‘ng 1964–1969-yillar mobaynida Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil oladi.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Universitetni tamomlagach, mehnat faoliyatini O‘zbekiston televideniyesida jamoatchi muxbirlikdan boshlaydi. Biroq din xizmatiga bo‘lgan muhabbat va katta qiziqish uni O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga yetak­laydi. Abdurazzoq Yunusov dastlab 1970–1975-yillar mobaynida diniy nazorat tomonidan nashr etiladigan «Sovet Sharqi musulmonlari» jurnalida adabiy muharrir, 1975–1994-yillari O‘rta Osiyo va Qozog‘is­ton musulmonlari diniy nazoratida xalqaro aloqalar bo‘limi referenti, mas’­ul kotib sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Diniy idorada ishlagan kezlari muftiy Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon, muftiy noibi Ismoil maxdum Sottiyev, idoraning mas’­ul xodimlari Yusufxonto‘ra Shokirov, Abdulg‘ani Abdullayev, Abuturob Yunusov, Salohiddin Muhiddinov kabi ustozlardan ta’lim oladi.

Diniy idorada ishlash barobarida Abdurazzoq Yunusov 1985–1989-yillari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida ta’lim oladi. 1994-yildan boshlab uch yil mobaynida «Islom nuri» gazetasining bosh muharriri vazifasida faoliyat olib boradi. Abdurazzoq Yunusov 1997-yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari vazifasiga tayinlanadi va bu vazifada nafaqaga chiqquncha, ya’ni salkam yigirma yil samarali faoliyat olib boradi.

Abdurazzoq Yunusov Islom dini ta’limoti va unga aloqador qator mavzularda respublikaning turli nashrlari, internet sayt­lari, radio-televideniyesi orqali 350 dan ortiq maqola va suhbatlari orqali faol qatnashish bilan birga «Farzandlar tarbiyasi, axloqi va oila munosabatlari», «Mo‘minlik ko‘zgusi», «Ehtirom» kabi risolalarni ham yozib, nashr ettirgan.

Abdurazzoq Yunusov diniy idoradagi faoliyati chog‘ida jahonning Saudiya Arabistoni, AQSh, Avstriya, Rossiya, Ozarbayjon, Tojikis­ton, Qozog‘iston kabi mamlakatlarida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda ma’ruzalar bilan ishtirok etgan. Muntazam ravishda mamlakatimizdan haj va umra ziyoratiga boruvchi musulmonlarga xizmat qilib, ularning ibodatlari to‘kis va ko‘ngildagidek o‘ti­shi yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan. Abdurazzoq Yunusov din va unga bog‘liq bo‘lgan har qanday voqyeaga befarq bo‘lmagan. Hatto uning faoliyati Katta Langar Qur’oni tarixi bilan ham bog‘liq bo‘lgan.

Butun hayotini din ishiga bag‘ishlagan Abdurazzoq Yunusov diniy idora raisining o‘rinbosari sifatida fidokorona xizmat qildi, turli anjumanlarda musulmonlarning manfaatlarini qat’iylik bilan himoya etdi, idoraning xalqaro aloqalarini mustahkamlash ishida alohida fidoyilik ko‘rsatdi.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shayx Abdurazzoq Yunusov 2018-yil 5-oktabr kuni Toshkent shahrining Kamolon dahasidagi Xo‘ja Alambardor qabristoniga dafn qilingan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. H. Yo‘ldoshxo‘jayev, I. Qayumova. O‘zbekiston ulamolari. – T.: «Movarounnahr», 2015. 113–114;
  2. O‘zbekis­ton musulmonlari idorasi. – Toshkent: «Movarounnahr», 2014. 45–46.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.