Abdulloh ibn Unays al-Juhaniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Yahyo Abdulloh ibn Unays al-Juhaniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 674-yil (hijriy 54-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi sahoba

Abdulloh ibn Unays al-Juhaniy (arabcha: عبد الله بن أنيس الجهني — Abu Yahyo Abdulloh ibn Unays al-Juhaniy,? — 54/674, Shom) — sahoba.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Unaysning tavallud topgan yili va o‘spirinlik davri haqida maʼlumotlar mavjud emas. Islom raqibi bo‘lgan boy yahudiy — Abu Rofe’ni yo‘q qilishga kirishgan to‘rt-besh kishilik guruhdan joy olgan. Usayr ibn Zoram ustiga yuborilgan o‘ttiz kishilik harbiy guruhga ham qo‘shilgan. Madinaga hujum qilish uchun odam yig‘ayotgan yahudiylar boshlig‘i Xolid ibn Sufyon ibn Nubayhni yo‘q qilish vazifasi yolg‘iz Abdulloh ibn Unays al-Juhaniyning o‘ziga topshiriladi. Unga Xolidni Naxla yoki Uranadan topa olishi mumkinligini aytib, uning ishonchiga kirish uchun zarur bo‘lsa madinaliklarni yomonlashiga ham ruxsat beriladi. Abdulloh ibn Unays al-Juhaniy Xolid ibn Sufyonni Urana vodiysida uchratadi. Uni ko‘rganida ichiga qo‘rquv oralab, eti uyushganini his qiladi. Xolid tomon borayotganida asr namozi vaqti kirgani bois namozni imo-ishora bilan o‘qiydi. Abdulloh ibn Unays al-Juhaniy o‘zini Xolid qo‘li ostida musulmonlarga qarshi kurashish uchun kelgan xuzoalik arab sifatida tanishtiradi. U dindosh­lari haqida shunday noxush gaplar gapiradiki, Xolid raqibini u kabi yomonlagan, ularga qarshi kurashishga intiq odamni endi uchratayotganini eʼtirof etishga majbur bo‘ladi. U Abdulloh ibn Unays al-Juhaniyni yonidan jildirmay, kechasi o‘z chodirida olib qoladi. Xolidning odamlari tarqalgach, Abdulloh ibn Unays al-Juhaniy qulay fursatni topib uni o‘ldiradi va o‘sha zahoti u yerdan uzoqlashib, bir g‘orga yashirinadi. Keyinroq Madinaga qaytib keladi va bo‘lib o‘tgan voqealarni gapirib beradi.

Rivoyatlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalarda keltirilishicha, Payg‘ambar Abdulloh ibn Unays al-Juhaniyga bir hassa beradilar va „Bu qiyomat kuni oramizda belgi bo‘ladi, sen jannatda ham shu hassaga tayanasan“, deydilar. Abdulloh ibn Unays al-Juhaniy bu esdalikni o‘lgunicha qilichi bilan birga olib yuradi. Vafot etgach, vasiyatiga muvofiq hassa kafanining ichiga qo‘yiladi.

Hijratning to‘rtinchi yoki oltinchi yil muharram oyining beshinchi kunidan yigirma uchinchi kuniga qadar davom etgan bu voqea „Abdulloh ibn Unays sariyyasi“ deb nomlangan. Mazkur voqea yashirincha dushman ichiga kirgan musulmonlarning boshqa musulmonlar haqida salbiy fikr bildirishi, imo-ishora bilan namoz o‘qish mumkinligiga dalil qilib ko‘rsatilgan.

Abdulloh ibn Unays al-Juhaniy isitma kasali tufayli Badr jangida ishtirok etolmagan. Lekin [[Uhud jangi|Uhuddan boshlab ke­yingi barcha g‘azotlarda qatnashgan. Misr fathi, Afrika janglarida ham ishtirok etgan. Abdulloh ibn Unays al-Juhaniy uyi Masjid an-Nabaviyga uzoq bo‘lgani sababli Payg‘ambardan Qadr kechasini o‘tkazish uchun masjid­ga qachon kelishi mumkinligi haqida so‘raganida, Ul Zot ramazonning yigirma uchinchi kechasini tavsiya qilganlar[1][2]. Shunga ko‘ra, har ramazon oyi­ning yigirma uchinchi kechasida u Madinaga kelib, Suffa yoki Masjid an-Nabaviyda yotib qolgan va ashobi suffadan hisoblangan.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Baʼzi manbalarda Abdulloh ibn Unays al-Juhaniy 80/699-yil Shomda vafot etgani rivoyat qilingan. Aksar tarixchilar esa, uni Muoviyaning xalifalik davrida, 54/674-yil vafot etganiga ishora qilganlar.

Hadislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Unays al-Juhaniyning Payg‘ambardan rivoyat qilgan hadislari ayrim „Sunan“ kitoblari va „Musnad“da zikr qilingan. Uning o‘zidan esa, Jobir ibn Abdulloh va farzandlari Atiyya, Amr, Abdulloh va Zamralar hadis rivoyat qilganlar. Jobir ibn Abdulloh Abdulloh ibn Unays al-Juhaniyning o‘zigina bilgan bir hadisni undan o‘rganish uchun orasi bir oylik masofa bo‘lishiga qaramay Shomgacha borgani naql qilingan[3][4].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Al-Voqidiy. Al-Mag‘āzӣ. — London: 1965-66. I, 3, 4, 117, 170, 391-395; II, 531-533, 566, 567-568, 686, 687; III, 908, 997;
  2. Ibn Hishom. As-Cӣra. — Qohira: 1955. IV, 619;
  3. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. II, 50-51;
  4. At-Tabariy. Tarӣx. — Qohira: 1960-70. III, 156-157;
  5. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1970-73. III, 179-180;
  6. Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. II, 278-279;
  7. M. Asım Köksal. İslâm Tarihi. — İstanbul: 1981. IV, 9-12;
  8. İsmail L. Çakan. „Abdullah b. Üneys el-Cühenî“. TDV İA — İstanbul: 1988. I, 140-141.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Al-Muvatto. „I’tikāf“ — 12 bet. 
  2. Abu Dovud. „Shahr ramazān“ — 3 bet. 
  3. (Al-Buxoriy. „Ilm“ — 19 bet. 
  4. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.