Abdulloh ibn Muqriy as-Samarqandiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Muhammad Abdulloh ibn Muqriy Muhaqqiq Ahmad ibn Umar ibn Abu Ash’as ibn as-Samarqandiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 1052-yil (hijriy 444-yil)
Vafoti milodiy 1122-yil
Bagʻdod
Dini Islom
Tanilgan sohasi shayx, imom, muhaddis va hofiz

Abdulloh ibn Muqriy as-Samarqandiy (arabcha: عبد الله بن مقري السمرقندي — Abu Muhammad Abdulloh ibn Muqriy Muhaqqiq Ahmad ibn Umar ibn Abu Ash’as ibn as-Samarqandiy, 444/1052, Damashq — 1122, Bag‘dod) — shayx, imom, muhaddis va hofiz.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Muqriy as-Samarqandiy Damashqda tug‘ilib, o‘sha yerda voyaga etgan. Muhaddis Ismoil ibn as-Samarqandiyning akasi bo‘lib, u lug‘at olimlaridan edi. Damashqda Abu Bakr al-Xatib, Abdulaziz al-Kattoniy, Abu Nasr ibn Tullob, Nishopurda Fazl ibn Muhibdan, Isfahonda Abu Mansur ibn Shukrvayhdan taʼlim olib, ulardan hadis rivoyat qilgan. Hadis ilmi bilan qiziqqan va o‘zi uchun qomus tayyorlab olgan. Abdulloh ibn Muqriy as-Samarqandiy, shuningdek, Damashqda Abduddoim al-Hiloliydan, Bag‘dodda Abu-l-­Husayn ibn Naqqur, as-Sarifiyniy va boshqa muhaddislardan, Bushanjda Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Afiyfdan, Marvda Ali ibn Musa al-Musaviydan, Jurjonda Komil ibn Ibrohim al-Xandaqiydan, Nishopurda al-Fazl ibn Mu­hib va boshqa bir necha muhaddislardan hadis eshitgan.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Muqriy as-Samarqandiy hadis ilmi bilan tanilib, ko‘p asar yozgan. Hadislarni ishonch, qiziqish bilan rivoyat qilgan. Dindor va adabiyot bilimdonlaridan bo‘lgan. Nizomul-mulkka o‘z sanadlari bilan hadis o‘qib bergan. Abdulloh ibn Muqriy as-Samarqandiydan as-Silafiy hadis rivoyat qilgan va: „Alloma fozil, olim, ishonchli bo‘lib, arab tilida so‘zga usta edi. Uni qoyilmaqom qilib o‘qir va hammani hayratda qoldirar edi“, degan. Otasi qiroat ilmida Abu Ali al-Ahvoziyning yetuk shogirdlaridan bo‘lgan."Mu’jam" yozgan.[1] Ibn Najjor aytgan: „Abu Muhammad chiroyli va bexato yozar, quvvai hofiza va ishonchlilikda vasf qilingan edi. U kishidan akasi, qizi Ummul-Hasan Kamol(a) bint Abdulloh ibn Ahmad as-Samarqandiy, Ibn Nosir, Hibatulloh ibn Mukarram va shayxlarimiz Zokir ibn Komil hamda Yahyo ibn Bavshlar hadis rivoyat qilganlar“. Abdulg‘ofirning "As-Siyāq" kitobida: „Abu Muhammad as-Samarqandiy fozil, hofiz, o‘tkir xotirali, ruhi yengil yigit edi“. Kitobning boshqa bir o‘rnida: „Zamonasining hofizi edi“, deyilgan[2].

Asari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • „Mu’jam“.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Az-Zahabiy. Siyar. „Muassasa ar-risola“, 1985. XIX, 465;
  2. Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. — Bayrut: „Dor ihyo at-turos“, 2009. VI, 29;
  3. Ibn Kasir. Al-Bidāya. — Bayrut: „Dor ihyo at-turos“, 1988. 236;
  4. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. IV, 41. O‘rta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi. — Samarqand: „Imom Buxoriy xalqaro markazi“, 2016. 310-311.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 529.
  2. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.