Kontent qismiga oʻtish

Abdulloh ibn Idris

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Muhammad Abdulloh ibn Idris ibn Yazid al-Avdiy al-Kufiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 728-yil (hijriy 110-yil
Vafoti 807-808-yil (hijriy 192-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi

muhaddis

va qiroat olimi

Abdulloh ibn Idris arabcha: عبد الله بن إدريس — Abu Muhammad Abdulloh ibn Idris ibn Yazid al-Avdiy al-Kufiy — 110/120,? — 192/807—808, Kufa) — kufalik mashhur muhaddis va qiroat olimi.

Abdulloh ibn Idris rivoyat qilgan hadislarini otasidan, Aʼmash, Sufyon as-Savriy, Hishom ibn Urva, Shu’ba, Molik ibn Anas va boshqa ko‘plab muhaddislardan eshitgan. Qiroatni ham Nofeʼ va Aʼmashdan o‘rganib, II asrning sanoqli qiroat olimlaridan biri bo‘ladi. Undan hadis rivoyat qilganlar orasida esa ustozi Molik ibn Anas, Abdulloh ibn Muborak, Ahmad ibn Hanbal, Yahyo ibn Ma’iyn va Ishoq ibn Rohuya (Rohavayh) kabi imomlar bor. Imom Molik uning do‘sti ham edi. U „Al-Muvatto“ asarida Abdulloh ibn Idrisning nomini zikr qilmagan bo‘lsa-da, „ Alidan (Ali ibn Abu Tolib) menga yetib kelgan xabarga ko‘ra…“, deb „taʼliqan“ rivoyat qilgan hadislarni Abdulloh ibn Idrisdan olgan. Ehtimol, oralaridagi bu yaqinlik sababli Kufada istiqomat qilishiga qaramay, fatvolarining ko‘pida Madina ahlining qarashlariga mayl ko‘rsatib, kufaliklarga muxolif bo‘lgan. Abdulloh ibn Idrisning keng qamrovli bilimi, yuksak axloqi, hadis rivoyatidagi talab­chanligi va ishonchliligi sababidan, Ahmad ibn Hanbal va Abu Hotim kabi hadis imomlari uni maqtaganlar. Abdulloh ibn Idris rahbarlik mansablariga qiziqmagan va davlat xizmatini qabul qilmagan. Horun ar-Rashid tarafidan unga taklif qilingan Kufa qoziligini „Men qozilikka loyiq emasman“, deb rad qilgan. Bunga javoban xalifa unga: „Koshki men ham seni ko‘rmagan bo‘lsam edi“, deb javob bergan. U birodari Hafs ibn Gʻiyosning ham qozilik vazifasini qabul qilishini hamda Bag‘doddan ketishlari uchun yo‘l xarajatlari sifatida yuborilgan mablag‘ni olishni xushlamagan. Shu maqsadda unga berilgan besh ming dirhamni rad etgan. Xalifaning hech bo‘lmasa o‘g‘li Maʼmunga hadisdan taʼlim berishi haqidagi iltimosiga ham Abdulloh ibn Idris „O‘g‘ling huzurimizga boshqa talabalar bilan birga kelsa, unga ham hadis rivoyat qilamiz“, deb javob bergan va hech qachon bir kishiga maxsus muomala qila olmasligini bildirgan. Abdulloh ibn Idris rivoyat qilgan hadislar " Kutubi sitta "ning barchasidan joy olgan. Abdulloh ibn Idris 192-yilning zulhijja oyida vafot etgan. O‘lim to‘shagida yotganda qizining yig‘laganini ko‘rib: „Qizim, yig‘lama, bu uyda 4000 marta Qur’onni xatm qildim“, deb aytgan.

1. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. VI, 389;

2. Al-Xatib. Tarӣx Bag‘dād. — Qohira: 1931. IX, 415-421;

3. Az-Zahabiy. Siyar. IX, 42-48;

4. o‘sha mual. Tazkira al-huffāz. — Haydarobod: 1955-58. I, 282-284;

5. Ibn al-Jazariy. Gʻāya an-nihāya. — Qohira: 1932-33. I, 409-410;

6. Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. V, 144-146;

7. Talat Koçyiğit. „Abdullah b. İdrîs“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 110.