Abbos ibn Mirdos

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abbos ibn Mirdos
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 639-yil (hijriy 18-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi shoir, sahoba

Al-Abbos ibn Mirdos (arabcha: العباس بن مرداس – Abu-l-Haysam (Abu-l-Fazl) Abbos ibn Mirdos ibn Abu Omir ibn Horisa ibn Abd Qays ibn Rifoʻa ibn al-Horis ibn Bahsa ibn Salim ibn Mansur as Sulamiy)  – shoir, sahoba.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abbos ibn Mirdos Sulaym qabilasidan boʻlib, qahramonliklar haqidagi sheʼrlari bilan mashhur boʻlgan. Onasi al-Xunaso shoira boʻlgan. Otasi Mirdos­ning butparast boʻlgani hamda jinlar tomonidan oʻldirilgani ri­voyat qilinadi. Makka fathidan bir muddat avval,  bir rivoyatga koʻra, Hijriy 8-yilda (milodiy 629) qabiladosh­laridan bir guruhi bilan birga Paygʻambarning huzurlariga borib musulmon boʻlgan. Qabilasidan toʻplangan yetti yuz kishilik jangchi boʻlinmasiga boshliq boʻlib, oldin Makka fathida, ke­yin Hunayn jangi va Toif qamalida ham qatnashgan. Umar davrida Basraga koʻchib borib, oʻsha yerda joylashgani maʼlum. Ayrim manbalarda uning Shomga ham borgani aytilgan. Abbos ibn Mirdosning Hunayn jangida qoʻlga kiritilgan oʻljalar taqsimotida muallafati qulub boʻlganlarga undan koʻra koʻproq hissa berilganidan norozi boʻlib, bu haqida sheʼr aytadi. Shunda paygʻambar unga ham yuzta tuya berilib, rozi qilinishini amr qiladilar.

Abbos ibn Mirdos paygʻambardan toʻrtta hadis rivoyat qilgan. Xalifa Umar davrida vafot etgan.

Oʻzi qatnashgan Hunayn va boshqa janglardagi qahramonliklar haqida yozgan sheʼrlarining ayrimlari bizgacha yetib kelgan. „Al-Agʻānӣ“ hamda Ibn HishomningAs-Sӣra“si kabi tarixiy manbalarda ulardan koʻpgina namunalar bor. Jamil Bek al-Azm tomonidan jamlanib, Abbos ibn Mirdosning ayrim sheʼrlarini oʻz ichiga olgan nusxa az-Zohiriyya kutubxonasida saqlanadi. Yahyo al-Jabburiy uning sheʼrlaridan yetmish yettitasini jamlab, 1968-yilda „Dӣvān al-Abbos bin Mirdās as-Sulamӣ“ nomi ostida Bagʻdodda nashr ettirgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Ibn Hishom. As-Sӣra. – Qohira: 1955. II, 427-428, 460-470, 494-495;
  • Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. – Bayrut: 1968. I, 273, 307-308;
  • Ibn al-Asir. Usd al-gʻāba. – Qohira. 1970-73. III, 168-179;
  • Ibn Hajar. Al-Isāba. – Qohira: 1912. II, 272;
  • Sezgin. GAS. II, 242-243;
  • G. E. von Grunebaum. „Al-Abbas b. Mirdas“. EI2 (Eng.). I, 12;
  • Mustafa Fayda. „Abbas b. Mirdâs“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 27;
  • Alixontoʻra Sogʻuniy. Tarixi Muhammadiy. – T.: „Movarounnahr“, 2017. 458.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.