Shohimardon majmuasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shohimardon majmuasi
Umumiy maʼlumot
Turi Majmua
Manzili „Shixlar“ MFY
Shahar Xiva
Mamlakat O‘zbekiston
Qurilishi boshlangan XVII asr
Qurilishi tugagan XIX asr
Egasi Davlat mulkiga tegishli

Shohimardon majmuasi — Oʻzbekiston Respublikasi Xorazm viloyatining Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Majmua qurilishi XIX asrda tugallangan boʻlib, bugungi kunda u „Shixlar“ mahallasida joylashgan.

Shohimardon majmuaasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda Xorazm viloyati madaniyat boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].

Tarixi va qurilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xivadagi Shohimardon majmuasi Dishan qal’adan 500 metr gʻarbda, Pahlavon Mahmud majmuasi hududiga yaqin joyda joylashgan. Shohimardon majmuasi yodgorlik majmuasining markaziy qismi boʻlib, unda yana madrasa (XIX asr oxiri) va qorixona (1908) joylashgan. Odamlar bu joyni Islom dini paygʻambari Muhammadning kuyovi Hazrati Ali nomi bilan bogʻlashadi. Majmua qabristoniga dastlab Xorazmshoh jangchilari dafn etilgan. XIII asrda majmua atrofida qabriston tashkil etilgan. Majmua hududida 1512—1535-yillarda Xiva xoni boʻlgan Elbarsxonga atab qurilgan Shohimardon minorasi ham mavjud. U XVIII asrning oʻrtalarida qayta tiklangan. Keksa aholining aytishicha, 1740-yilda Eron shohi Nodirshoh tomonidan Xiva shahri bosib olingan vaqtda halok boʻlgan eronlik jangchilar Shohimardon qabristoniga dafn etilgan. Minora ham shu davrda tiklangan[3].

Majmua turli davrlarda qurilgan maqbara, qorixona, oshxona, mujovur (mulla) va ziyoratchilar uchun yotoqxona hamda uning atrofida bunyod etilgan xon avlodlari va aslzodalarning maqbaralaridan tashkil topgan. Xorazmda Shohimardon nomi bilan mashhur boʻlgan xalifa Ali sharafiga qurilgan asosiy maqbara peshtoq gumbazli, bir xonadan iborat, peshtogʻi 2 qator gʻishtin sharafa bilan yakunlangan, yuzasi mayda koshinkori yashil „pechak“ va „toʻrtburchak“ shakllar bilan qoplangan. Yoʻl yoqasi boʻylab joylashgan 3 ta qorixona soʻnggi davr meʼmorchiligiga xos uslubda barpo etilgan. Bir xil kattalikda qurilgan peshtoqli 2 maqbara (biri 7 gumbaz, ikkinchisi 2 gumbaz bilan yopilgan) yon devorlariga anʼanaviy yassi ravoqlar ishlangan. „Qoʻsh mozor“ nomi bilan keng tarqalgan yer osti maqbarasi 3 qismli boʻlib, bosh tarzidagi peshtoq orqali markaziy xona – miyonsaroyga kiriladi, miyonsaroyning 2 yonida kulohiy gumbaz bilan yopilgan goʻrxonalar joylashgan, shakldor ravoqlarga oʻrnatilgan ichki gumbazi ganch oʻymakorligi bilan bezatilgan. Ayrim binolar buzilgan.

Shohimardon majmuasi shoʻrolar davrida hokimiyatning Islomga qarshi siyosati doirasida yopib qoʻyilgan. Biroq, aholining aksariyat qismi uni ziyorat qilishda davom etadi. 1945-yil 27-martda Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Kengashining 410-sonli qarori bilan musulmonlar eng koʻp tashrif buyuradigan yettita mozordan foydalanish huquqi Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti huzuridagi Arxitektura ishlari boshqarmasi vakolatidan Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi tasarrufiga oʻtkazildi. Ular orasida Shohimardon ham bor edi. Shohimardon uzoq vaqt davomida musulmonlar tomonidan rasmiy foydalanilmagan. Bu davrda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi Shohimardon maqbarasi qoshida mehmonxona va gidropatik klinika qurdi. SSSR Vazirlar Sovetining 1950-yil 18-iyundagi 9363-rs-son buyrugʻi Oʻzbekiston hukumatiga Shohimardonni Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasidan musodara qilishga ruxsat berdi[4].

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pahlavon Mahmud majmuasi

Shayx Mavlon bobo majmuasi

Avesto meʼmoriy majmuasi

Dashkin bobo majmuasi

Al-Beruniy meʼmoriy majmuasi

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]