Gumbaz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gumbaz — qubba shaqlidagi suyri fazoviy hajmdagi tom. Tarhi aylana, chorsi, toʻgʻri toʻrtburchaqli, muntazam koʻpburchaqli boʻladi. Shuningdek, koʻpburchaqli xona va katta inshootlar devorlari ustida, baʼzan ustunlarni birlashtirgan doirasimon qurilma poygumbaz ustida davra koʻrinishida xom gʻisht, pishiq gʻisht, tosh, beton va b. materiallardan sirti silliq, qirrali, qovurgʻali piltavor koʻrinishida boʻlishi mumkin.

Tarixan G. paydo boʻlishi (genezisi), taraqqiyot yoʻllari, zarurati 3 sabab bilan izohlanadi: 1) tabiiy sharoit, hayot taqozosi; 2) mavjud qurilish materiallari imkoniyati; ayniqsa yogʻoch tanqis joylarda meʼmorlar koʻproq gumbaz tomlarni bogʻlagan; 3) shaklu shamoyili yuksak badiiy samara bagʻishlagani, meʼmoriy obrazi muhtasham mahobat kasb etgani.

G.ning ilk namunalari ibtidoiy odamlar boshpanalari — tabiiy gʻorlarda, keyinchalik yertoʻlalarda, yogʻoch va xaschoʻplardan, qamish, hayvon terisi, kigiz yopilgan oʻtov kabi kulbalarda mujassam topib, ijtimoiy taraqqiyot mobaynida shaqli murakkablasha borgan. Dunyo xalqlari meʼmorligida G.ning oddiy pogʻonali, davra, suyri, bagʻal (parus, tromp)larga ishlangan va b. turlari uchraydi. G. binoga tashqi va ichki tomondan mahobat bagʻishlaydi.

Oʻrta Osiyodagi gumbazlar shaklu shamoyilini kuzatib, tahlil etganda qad. turkiylarning shu yoʻnalishdagi meʼmoriy ijodkorlikka qoʻshgan barakali hissasi borligini sezish mumkin. G.lar ibtidosida inson tafakkuri bilan yaratilgan oʻtov (yurt) koʻrinishi, yaʼni yogʻoch, qamish qurilmalari orqali paxsa, gʻishtdan yasalgan doʻppi (yarim sferik), kulohiy (sferokonik) xajmda mujassam topgan va davr oʻtishi bilan yangi imkoniyatlar asosida rivojlanib borgan. mksak badiiy mujassamotga aylangan.

Yunoniston va Rim meʼmorligida chorsi, davra xonalar ustini berkitish uchun yarim sferik (yarim shar) shaqlidagi gumbaz turlari katta jamoat va diniy binolarda keng ishlatilgan. Rimdagi Panteon (mil. 125 y.)ning katta davra binosi rotondasi ustiga oʻrnatilgan yarim sferik G. eng qad. gumbaz hisoblanadi. G.ni bildiruvchi italyan atamasi "kupola" (cupola — bochka) jahon meʼmorligi lugʻatiga kirgan. Istanbuldagi mashhur Ayo Sofiya ibodatxonasining ulkan G.i ham eng qad. gumbazli binolar qatoriga kiradi.

Oʻrta Osiyoda saqlangan qad. meʼmoriy yodgorliklar — mahobatli jamoat binolari (saroy, masjid, xonaqoq, karvonsaroy, maqbara, hammom va b.), sardobalarda G.ning balxi gumbaz, charxi gumbaz, chortark gumbaz, chorkunjak gumbaz, piltavor, gʻarovli, kuloqiy, mirzoiy, shalgʻamiy turlari, ayrimlarida qoʻsh (ichki va tashqi) G. ham mavjud. Saroy, masjid, Madrasa va b. binolar, maqbaralarning asosiy katta xonasi — xonaqohi mehrobiy G. bilan yopilgan. Balxi G. tuzilishi ancha sodda boʻlib, Madrasa, hammom, karvonsaroy oddiy xonalari, qaznoq va b.da koʻp qoʻllanilgan. Chortark G. esa toʻgʻri toʻrtburchak shakldagi kichik xonalarda boʻladi. Oʻrta Osiyoda G.ning ilk namunalari Oqtepa (Toshkent), Afrosiyob (Samarqand) va Xorazm qalʼalarida uchraydi. 10 — 11-a.larda xonaning devor burchagidagi bagʻali ravoq shaqlida boʻlib, ustiga G. oʻrnatilgan (q. Somoniylar maqbarasi). 12-a.dan G.lar baland boʻlishiga ahamiyat berilgan. 14-a.dan murabba tarhli xonalar burchagiga ravoqli bagʻallar ishlana boshlagan, ichkarisi ganchkor muqarnaslar bilan bezatilgan, G.ning devorga tutash qismiga muqarnaslar ishlangan (q. Yassavip majmuasi). 15-a.dan G. bilan devor ustiga gʻoʻlasimon va koʻp qirrali poygumbaz tiklanib, tepasiga qoʻsh G. bogʻlangan, G.lar tashqi tomoni gʻishtin, sirkor, koshinkor bezatilgan (q. Amir Temur maqbarasi). 16-a.dan ichki G. shaqli yanada oʻzgardi, poygumbazlarga darchalar ochildi, qobirgʻali bezaklar paydo boʻldi. Zamonaviy binolarda G. temir-beton, armotsement, metall, plastmassadan ishlanmoqda (mas, Toshkentdagi Moviy gumbaz qahvaxonasi, Eski joʻva bozori). Meʼmoriy yodgorliklar G.larini taʼmirlashda milliy meʼmorlik materiallaridan tashqari, temir-betondan (mas, Toshkentdagi Yunusxon maqbarasi, Samarqanddagi Tillakori va Amir Temur jome masjidi, Imom al-Buxoriy majmuasi va b. G.lari), shuningdek, armotsement konstruksiyalardan (mas, Andijondagi jome masjid va b.) foydalanilmoqda.

Mustaqillik davri meʼmorligining ijobiy badiiy jihatlaridan biri G. shaqlidan dadil va keng foydalanishda kuzatilmoqda. Ayniqsa, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekistan milliy bogʻidagi meʼmoriy shiyponi ustiga oʻrnatilgan piltavor G. juda oʻrinli va xushbichim chiqqan. G. shaqlidan foydalanish meʼmorlik soxasida yangi-yangi ijodiy imkoniyatlarni ochib bermoqda.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil