Sa’duddin Taftazoniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sa’duddin Taftazoniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1322-yil
Vafoti 1390-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi mantiqshunos

Sa’duddin Taftazoniy (arabcha: سعد الدين تفتازاني — Sa’duddin Taftazoniy — Toʻliq ismi: Sa’duddin Mas’ud ibn Umar ibn Muhammad ibn Abu Bakr ibn Muhammad ibn Abu Said Gʻoziy Taftazoniy) — Qomusiy olim, mantiqshunos va mutakallim.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Allomaning toʻliq ismi — Saʼduddin Masʼud ibn Umar ibn Muhammad ibn Abu Bakr ibn Muhammad ibn Abu Saʼid Gʻoziy Taftazoniy boʻlib, Taftazoniy nisbasi bilan mashhurdir. Alloma mantiq ilmining yirik vakillaridan biri hisoblanib, 722/1322-yil (hozirgi Turkma­nistonning) Naso viloyatiga qarashli Taftazon qishlogʻida, ilmda ildiz otgan oilada tavallud topgan. Otasi olim va qozi boʻlgan, shuningdek, bobolari ham ulamolardan boʻlishgan. Avvalgi taʼlimini Nasoda arab tilini oʻrga­nish­dan boshlagan, Qurʼonni yod olgan va diniy ishlarni oʻrgangan. Keyingi taʼlimni Hirot, Sheroz kabi shaharlarda olgan. Samarqandga koʻchib oʻtgandan keyin, davrining yirik olimlaridan biri shofiʼiy faqihi va ashʼariy mutakallimi boʻlgan. Azduddin Abdurrahmon ibn Ahmad ibn Abdulgʻaffor Iyjiy (vaf. 756/1355 y.)dan kalom, mantiq, usul va bayon ilmlaridan taʼlim olgan.[1] Shuningdek, ustozlaridan biri, Qutbuddin Muhammad ibn Muhammad Nizomuddin Roziy (Qutbiddin Tahtoniy nomi bilan taniqli (vaf. 1365 y.), koʻp kitoblar u kishiga ishora qilardi, goʻyoki u kishi kitob rastalari va qogʻoz doʻkonlaridek boʻlgan. U kishidan darslarni Damashqda olgan. Yana Ziyouddin Abdulloh ibn Saʼdulloh ibn Muhammad Usmon Qazviniy (vaf. 1378 y.), Nasimuddin Abu Abdulloh, Ahmad ibn Abdulvahhob Qusiy va Bahouddin Samarqandiy Hanafiylarga shogird tushgan va ilmda yetuk olim darajasiga erishgan. Alloma islom olamida koʻplab mashhur shogirdlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Jumladan, Hisomiddin ibn Hasan ibn Ali ibn Hasan Abivardiy Xatibiy (1360—1413), Haydar ibn Ahmad ibn Ibrohim Rumiy Hanafiy (Shohu toj nomi bilan tanilgan) (1379—1450), Muhammad ibn Ahmad Xazariy Koshiy (vaf. 1522 y.), Alouddin Ali ibn Muso ibn Ibrohim Rumiy Hanafiy (1355—1438), qozi Muhammad ibn Atoulloh ibn Muhammad Roziy'' (1366—1426), Shamsuddin Muhammad ibn Fazlulloh ibn Mujduddin Karimiy (1372—1457), Alouddin Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad Buxoriy Hanafiy (1369—1438), Mullo Jaloliddin Yusuf ibn Ruknuddin Avbahiy Xuro-soniy Samarqandiy, Lutfulloh Kamol Samarqandiy, Hasan ibn Ali ibn Muhammad ham uning shogirdlari sirasiga kiradi. Taftazoniy 742/1342-yilda Jurjoniyaga koʻchib borib, u yerda yanada mashhur boʻlgan. Kitob yozishga astoydil kirishgan va bir qancha asarlar­ni taʼlif qilgan. Asarlarini ulamolar ijobiy baholashgan va ilm oʻrganishda uning kitoblaridan foydalanishga ijozat berishgan. 748/1347-yilda Hirotga koʻchib oʻtgan. Chunki, u yerda ulamo va fazl ahllari koʻpchilikni tashkil qilar edi. Taftazoniy ilmiy xalqalardagi majlislarda ishtirok etib, turli xil fikrlarni oʻrtaga tashlab majlislarini qizitgan. U yerda oʻzning „Sharhu-l-mutavval ala talxisi-l-miftoh“ („Kalitlar mohiyatiga mufassal sharh“) asarini yozib, Hirot podshohiga hadya qilgan. Hirotda toʻrt yil istiqomat qilib, keyin Hom shahriga boradi. U yerdan Buxoroning Gʻijduvon, keyin Kuliston, soʻng esa 759/1358-yilda yana Hirotga qaytgan. U yerda toʻliq oʻn yil turib, asarlar taʼlif qilgan. Amir Temur 791/1389-yilda uning Samarqandda xizmat qilishini soʻraydi. Avvaliga Taftazoniy eʼtiroz bildiradi, keyinchalik, rozi boʻlib, Samarqandga kelgan va vafotigacha shu yerda yashagan. Taftazoniy qariyb 30 yil (1340—1372) davo­mi­da Hirot va Movarounnahrning turli shahar­laridagi madrasalarda falsafa va mantiqdan dars bergan[2]. Umrining koʻp qismi Samarqand, Xorazm, Buxoro, Gʻijduvon kabi shaharlarda oʻtgan. 792/1390 yili Muharram oyining yigirma ikkinchi, dushanba kuni Samarqandda vafot etgan va Saraxsga olib borilib, oʻsha yerda dafn etilgan[3].

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Saʼduddin Taftazoniy alloma, balogʻat, mantiq, kalom ilmi va nahv ilmlari bilimdoni boʻlib, bu sohalarga doir koʻplab maʼlumotlarni jamlab, kitob tasnif qilish borasida shuhrat qozongan va turli ilmlarga doir koʻplab asarlarga sharhlar yozgan. Ilk asarlarini oʻn besh oʻn olti yoshlarida yoza boshlagan. Uning kitoblari maʼhad va ilm dargohlarida darslik sifatida oʻqitilgan. Uning yozgan asarlari dunyoga tarqalib mashhur boʻlgan. Hozirgi maʼlumotlarga qaraganda, uning ilmiy-maʼnaviy merosiga mansub asarlarning soni oʻttiztaga yetadi, bizga maʼlum boʻlgan asarlari, jumladan: „Sharh tasrifi-z-Zinjoniy“ („Zinjoniy tasri­figa sharh“), mazkur asarAs-saʼdiya“ deb ham nomlangan. AsarAziy“ nomi bilan mashhur boʻlgan Azuddin Ibrohim ibn Abdulvahhob ibn Imodiddin ibn Ibrohim Zinjoniyning (vaf. 1257 y.) „At-tasrif“ asari matniga sharhdir. Taftazoniy bu asarni 738/1338-yil oʻn olti yoshida yozib, Shaʼbon oyida tugatgan[4]. Bu asar uning birinchi kitobidir. „Irshodu-l-hodiy“ („Hidoyatga olib boruvchi irshod“) asari nahv faniga tegishli boʻlib, Ibn Hojibning „Kofiya“siga muxtasar matndir. „Mutavval“ („Mufassal“) nomi bilan tanilgan „Sharhu-l-mutavval ala talxisi-l-mif­toh“ („Kalit­­lar mohiyatiga mufassal sharh“) asari, Jaloliddin Muhammad ibn Abdurrohman ibn Umar Qazviniyning (vaf. 1339 y.) „Talxisu-l-miftoh“ („Kalitlar mohiyati“) kitobiga yozgan sharhidir. Bu asar Sirojiddin Yusuf Sakkokiyning (vaf. 1229 y.) „Miftahu-l-ulum“ („Ilmlar kaliti“) kitobining uchinchi qismiga xulosadir. Asar maʼno va bayon ilmlariga taalluqli asar boʻlib, uni qisqartma qilgandan keyin „Al-muxtasar“ deb ham nomlagan[5]. Alloma bu sharhni yozishga 742/1342-yil Ramazon oyining ikkinchi, dushanba kuni Xorazmda kirishgan. Oʻsha paytda Taftazoniy yigirma yoshlarda edi. Mazkur asar­ni 748/1347-yil safar oyining oʻn birinchi, payshanba kuni Hirotda tugatgan. Amir Temur oʻsha kitobni Hirot qalʼasi eshigiga ilib qoʻygan, deyiladi. „Sharhu-l-muxtasar alo talxisi-l-miftoh“ („Kalitlar mohiyatiga qisqacha sharh“) asari „Mux-tasaru-l-maoniy“ („Maʼnolar qisqartmasi“) nomi bilan tanilgan. U yuqorida zikr etilgan „Mutav-val“ („Mufassal“) asarining qisqartmasidir. Asar 756/1355-yilda yozib tugatilgan. „Muxtasaru-l-maoniy“ asosan darslik sifa­tida Al-Azhar va boshqa ilm dargohlarida oʻrga­til­gan. Unga juda koʻp hoshiyalarning yozilganligi ham asarning qanday ahamiyatga ega ekanligiga dalolat qiladi. „At-talvih ila kashfi haqoiqi-t-tanqih“ („Qayta koʻrib chiqish haqiqatlarini kashf etish haqidagi alomatlar“) asariAt-tavzih sharhu matnu-t-tanqih“ kitobiga hoshiya boʻlib, uni 758/1357-yil Zulqaʼda oyi, dushanba kuni, Kuliston (yoki Gulshan) shahrida yozib tugatgan. Oʻsha paytda u 36 yoshda boʻlgan. Ulamolar bu kitobni munosib baholashgan, oʻquv dargohlarida darslik sifatida oʻqitilgan, asarga hoshiya va izohlar bitilgan. „Tavzih maʼa-t-talvih“ nomi bilan 1902, 1910, 1913 yillar 2 jildda Qozon shahrida nashr qilingan. Imom Jamoliddin Abu Amr Usmon ibn Hojib-ning (vaf. 1248 y.) „Muxtasaru-l-muntahiy“ asariga Azududdin Iyjiy tomonidan yozilgan „Sharh Azududdin Iyjiy“ („Azududdin Iyjiy sharhi“) kitobiga „Hoshiya“ yozgan boʻlib, uni 770/1369-yil Xorazmda yozib tugatgan. „Miftoh“ („Kalit“) asari shofiʼiylarga tegish­li, uni „Miftohu-l-fiqh“ („''Fiqhning kaliti“), — deb ham nomlangan. Asarni yozishga 782/1380-yil Saraxsda kirishgan, ammo tugat­ma­si­dan oldin vafot etgan. Asarni nabirasi Yahyo ibn Muhammad ibn Saʼd tugatgan. Kitob hozirgacha nashr etilmagan.Muxtasar sharh talxisi-l-jomiʼi-l-kabir“ („Katta toʻplam mohiyati sharhining qisqartmasi“) „Al-jomiʼu-l-kabir“ („Katta toʻplam“) asari Muhammad ibn Hasan (vaf. 803 y.) qalamiga mansub boʻlib, u asarni bir nechta ulamolar sharhlagan. Ulardan biri Imom Masʼud Gʻijduvoniyning (vaf. 1371 y.) sharhidir. Taftazoniy mana shu sharhga suyanib, uni muxtasar qilishga 786/1384-yil Saraxsda kirishgan, lekin yozib tugatmasidan oldin vafot etgan. Bu kitob ham hozirgacha chop etilmagan. „Hoshiya ala-l-kashshof“ („Al-kashshof“ asariga hoshiya") asari Zamaxshariyning (1075—1144) „Al-kashshof“ asariga yozgan hoshiyasidir. Mazkur asar ham vafoti sababli oxirigacha tugatilmagan. Uni 789/1387-yil Rabiʼu-l-oxir oyida Samarqandda yozgan. Bu hoshiyani Hoji Xalifa (vaf. 1657 y.) juda maqtagan va uni tengi yoʻq deb aytib oʻtgan. Ulamolar asarni diqqat bilan oʻrganishgan, dars va izoh bilan unga bezak berishib, hoshiyalar bitishgan. Kitob hanuzgacha nashr etilmagan. „Sharhu-r-risolati-sh-shamsiya“ („Shamsiya riso­­la­sining sharhi“) yoki „Sharhu muxtasari-sh-sham­siya fi-l-mantiq“ ("Mantiq ilmi haqidagi „Shamsiya risolasining qisqartmasi“ nomli asarga sharh") asarini 750/1349-yil Jumadi-l-oxira oyida Mazor-jomda taʼlif qilgan[6]. Asar Najmuddin Ali ibn Umar Kotibiy Qazviniy (vaf. 1277 y.) taʼlif qilgan „Risolatu-l-muxtasar fi-l-mantiq“ („Mantiq ilmi haqidagi muxtasar risola“) kitobiga yozgan sharhidir. Qazviniy mazkur asarini Xoʻja Shamsuddin Juyiniyga (1050-yilda yashagan) atab yozgani uchun „Shamsiya“, — deb nomlagan. „Gʻoyatu tahzibi-l-kalom fi tahriri-l-mantiq va-l-kalom“ („Mantiq va kalom ilmini tahrir qilishdagi kalom ilmining tarbiyaviy gʻoyasi“) yoki „Tahzibu-l-mantiq va-l-kalom“ („Mantiq va kalom ilmidagi tarbiya“) yoki „Sharh tahzib“ asari ikki qismga ajralgan: birinchisi mantiq ilmi, ikkinchisi kalom ilmiga bagʻishlangan. Kitobni 789/1387-yil rajab oyi Samarqandda yozishga kirishgan. Ulamolar mantiq ilmiga tegishli qismiga koʻproq yondashishgan, natijada, u qism ommaga tarqalib, mashhur boʻlgan, uzoq vaqt ilm dargohlarida darslik sifatida oʻqitilgan va unga sharhlar tasnif qilingan. Mazkur asarning kalom qismiga eʼtibor kamroq qaratilgani bois, unchalik mashhur boʻlmagan. Olimning bu asari va unga yozilgan sharhlarning bir necha qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA ShI qoʻlyozmalar xazinasida saqlanmoqda. „Sharh aqoidi-n-Nasafiy“ („Nasafiy aqida­si­ga sharh“) asari Najmuddin Abu Hafs ibn Umar ibn Muhammad Nasafiyning (1068-1142 y.) „Aqoidi-n-Nasafiy“ matniga yozgan sharhidir. „Al-aqoid“ kitobiga koʻp ulamolar tomonidan sharhlar yozilgan, lekin Taftazoniyning sharhi ular ichidagi shuhratlisi va ulamolar tomonidan qabul qilinish, muhimlik jihatidan katta ahamiyatga ega boʻlgan. Asar bir qancha sharʼiy ilm dargohlarida darslik sifatida oʻqitilgan. Taftazoniy kitobni 768/1367-yilning shaʼbon oyi Xorazmda yozib tugatgan[7]. „Aqoidu-n-Nasafiy“ asari Moturidiy eʼtiqo­di magʻiz boʻlgan boʻlsa, Taftazoniyning qoʻlida eʼtiqodni mufassal qiluvchi va qolipi boʻlib namoyon boʻlgan. Aqoid sharhi hoshiyalar bilan nashr qilingan. Asar 1260/1844-yil Kalkuttada Mavlaviy Xodim Husayn Azim Obodiy hoshiyasi bilan, 1286/1869-yil Laknahurda Xiyoliy hoshiyasi ilova qilinib, 1321/1903-yil Misrda, 1331/1913-yil Shokir matbaasida, 1897-yil Qozonda Sharhu-l-Isom hoshiyasi bilan, 1898-yil yana Qozonda Mavlo Muslihiddin Mustafo Kustaliy hoshiyasi bilan, 1313/1896, 1323/1905 yillarda Ostonada, 1322/1904, 1323/1905 yillar esa Lakhnavda „Sharh aqoidi-n-Nasafiy“ va „Al-Xiyoliy sharh aqoidi-n-Nasafiy maa hoshiya Mullo Abdulhakim Siyolkutiy“ nomi bilan nashr etilgan. Asarning qoʻlyozma nusxalari dunyoning koʻplab kutubxonalarida saqlanmoqda. Hozirga kelib, ushbu asar va unga yozilgan hoshiyalar nafaqat sharqda, balki gʻarbda ham tadqiq qilinmoqda. Ushbu asarning nufuzi shundaki, unda moturidiya taʼlimoti qisqa satrlar va sharhlar orqali bayon qilib berilgan. Bu oʻquvchiga qulaylik tugʻdirishi bilan bir qatorda, moturidiya taʼlimotini izchil ravishda oʻrganishga imkoniyat yaratadi. „Al-maqosid“ („Koʻzlangan maqsadlar“) va uning sharhi kalom ilmi haqidagi muxtasar matn boʻlib, uni sharhlab ham yozgan. Asarlarni 784/1382-yil Samarqandda tasnif qilgan[8]. „Sharhu-l-maqosid“ („Koʻzlangan maqsadlarning sharhi“) asari yuqorida aytilgan matnga sharhdir. Taftazoniy matnni tugatib boʻlgandan keyin, 784/1382-yil Samarqandda unga sharh yozgan. Asar kalom ilmi sohasida yozilgan kitoblarining buyuklaridan biri boʻlgan. Faqatgina uning uslubi qiyinroq boʻlgan. Ulamolar asarni muhim sanab, unga hoshiyalar bitishgan. „An-naimu-s-savobigʻ fi sharhi-l-kalimi-n-navobigʻ“ („Nozik iboralar sharhi boʻlgan toʻliq neʼmatlar“) asari fiqhiy lugʻatlar haqidagi kitob boʻlib, unda ZamaxshariyningNavobigʻu-l-kalim“ („Nozik iboralar“) asarini sharhlagan. Hasan ibn Muhammad Naysaburiyning (vaf. 1328 y.) „Arifmetika haqida quyoshiy risola“ asariga ikkita sharh yozgan: birinchisi „Quyosh risolasi“ (1389 y.), ikkinchisi „Uchburchak burchak­lari haqida risola“ boʻlib, birinchisining geomet­rik qismini sharhlaydi[9]. Shuningdek, „Sharhu hikmati-l-ishrof“ („Hik­­­matu-l-ishrof“ga sharh"), „Sharh hikmatu-l-ishroq“ („Hikmatu-l-ishroq“ sharhi"), „Al-arbaʼin“ („Qirq hadis“), „Sharhu abyoti-l-misboh“ („Al-misboh“dagi baytlar sharhi"), „Irshodu-l-osiy“ („Osiyni hidoyatga boshlovchi koʻrsatma“), „Al-mutavval fi-l-balogʻa“ („Balogʻat ilmi haqidagi batafsil kitob“) va boshqa asarlarini koʻrsatish mumkin. Bundan tashqari, Taftazoniy islom falsafasi — kalomga mantiqiy xulosalarni tatbiq etib, ilohiyotning fan sifatida rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi[10].

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • “As-sa’diya”
  • “Sharhu-l-mutavval ala talxisi-l-miftoh”
  • “Sharhu-t-tasnif li-z-Zanjoniy”
  • “Irshodu-l-hodiy”
  • “Sharhu-l-muxtasar alo talxisi-l-miftoh”
  • “At-talvih ila kashfi haqoiqi-t-tanqih”
  • “Miftoh”
  • “Muxtasar sharh talxisi-l-jomi’i-l-kabir”
  • “Hoshiya ala-l-kashshof”
  • “Sharhu-r-risolati-sh-shamsiyya”
  • “Gʻoyat tahzibi-l-kalom fi tahriri-l-mantiq va-l-kalom”
  • “Sharhu-l-aqoidi-n-Nasafiyya”
  • “Al-maqosid”
  • “Sharhu-l-maqosid”
  • “An-naimu-s-savobig‘ fi sharhi-l-kalimi-n-navobig‘”
  • “Muxtasaru-l-maoniy”
  • “Risola fi zavoyei-l-musallas”


Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 632-637.
  2. Ўзбекистон миллий энциклопедияси. Ж. 8. Ўзбекистон миллий энциклопедияси Давлат илмий нашриёти. – Т.: 2004. – Б.300.
  3. Муҳаммад Шавконий. Ал-бадру-т-толиъ. – Дамашқ, Байрут. Дор ибн Касир, 2006. – Б. 859.
  4. Муҳаммад Шавконий. Ал-бадру-т-толиъ. – Дамашқ, Байрут: Дор ибн Касир, 2006. – Б. 858.
  5. Муҳаммад Санъоний. Рофъу-л-устор. – Байрут: Мактабату-л-исломийя, 1985. – Б. 107.
  6. Ибн Имод. Шазароту-з-заҳаб. Ж. 6. Дору-л-китоби-л-илмия, 2003. – Б. 319.
  7. Саъдуддин Тафтазоний. Шарҳ ақоиди-н-Насафий. – Лакҳнав. 1322/1904. – Б. 128.
  8. Муҳаммад Шавконий. Ал-бадру-д-толиъ. Ж. 2. – Б. 294.
  9. Ўзбекистон миллий энциклопедияси. Ж. 8. Ўзбекистон миллий энциклопедияси Давлат илмий нашриёти. – Т.: 2004. – Б.300.
  10. Ислом энциклопедияси. – Т.: Ўзбекистон миллий энциклопедияси Давлат илмий нашриёти, 2004. – Б. 230, 231.