Qangʻli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qangʻli, qangli, qangqali — turkiy xalqlar tarkibidagi bir guruh qabilalarning umumiy nomi. Q.lar oʻzbeklarning 92 urugʻi tarkibida ham uchraydi. Chingizxon istilosiga qadar Q.lar Ural togʻidan gʻarbda, Emba va Ural daryolari oraligʻida joylashgan hududda yashaganlar. Mahmud Koshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk" asari va 10-asrgacha yozilgan Xitoy manbalarida, jumladan, mil. 2—9-asrlarda mavjud boʻlgan turkiy qabilalar orasida Q. atamasi uchramaydi. Bu atamani ilk bor Yuan sulolasi tarixi ("Yuan shi")da uchratish mumkin (13-asr). Unda Q. Xan davridagi (mil. av. 2-asr — mil. 2-asrlar) gavchelar deb qayd , etilgan. Vey sulolasi tarixida ("Vey shu") mil. 3—5-asrlarda "gavche" ("baland arava" maʼnosida) lar 2 qismga boʻlingani aytilgan. Ulardan biri di (qad. oʻqilishda diyek, yaʼni turk), byaoxe (uygʻur), xolyu (xogursu), xopi (xipni, chibni), xugu (qirgʻiz), biqitszin (iltekin) kabi 6 qabiladan, 2si chifuli (chipli), tulu ("tur", ichjan (iljon, ilxon), dalyan (tarlon), kuxe (qugʻa), dabogan (tarbakan, davgan), alun (oyrun), moyen (muyen, bayon), sifen (irkin), fufulo (boʻrkli), chiyun (qiyun, kiyen) va yushupi (yusib, yushib) kabi 12 qabiladan iborat boʻlgan. Baʼzan gaochelar sharqiy turklar yoki uygʻur deb ham atalgan.

Ayrim olimlar qangʻarlar Qangʻ (Qangkiya) davlati hududida yashagan xalq, 10—12-asrlarda Markaziy Osiyoda paydo boʻlgan Q.lar ana shu oʻtmishdagi qangkiyalarning avlodidir deb hisoblaydilar. Ammo Xitoy manbalarida Qangʻ davlati aholisi Q. yoki qangʻar deb atalgani haqida maʼlumot uchramaydi. Manbalarga koʻra, Uygʻur xoqonligi yemirilgach, gaoche (uygʻur) larning katta bir qismi Moʻgʻuliston va Sharqiy Turkiston hududidan hozirgi Markaziy Osiyo davlatlari va ularning gʻarbidagi yerlarga koʻchib kelgan.

11-asrda Q.larning koʻpchiligi Kichik Osiyo, Bolgariya va Vengriya yerlaryga oʻtib, mahalliy aholiga, ayrim guruhlari Volga boʻylarida qolib boshqird, tatar xalqlariga qoʻshilib ketgan. Q.ning boshqa bir qismi esa Talas va Chu daryolari vodiysiga hamda Balxash koʻlining jan.gʻarbiy sohillariga oʻrnashganlar. 11 —12-asrlarda Q.ning katta guruhi Sirdaryo boʻylariga qaytib kelgan. Xorazmshohlar davlati harbiy qoʻshinida Q.lar katta nufuzga ega boʻlgan. Xorazmshohlar davlatining ichki siyosatida faol ishtirok etishgan. Q. yarimoʻtroqholda yashab dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanishgan. Ular bir necha urugʻlarga boʻlingan: sariQ, qoraQ, qizilQ, boboQ, oltmishQ, boʻkaQ va boshqalar 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Q.dan 23 ming kishi Oʻzbekiston hududida (hoz. Jizzax va Zominda 7,7 ming kishi, Jomboy va Ishtixonda 1,2 ming kishi, Gʻallaorodda 2 ming kishi, Xatirchida 0,6 ming kishi, Fargʻona vodiysida 6 ming kishi, Toshkent vohasida 3 ming kishi, Qoraqalpogʻiston va Xorazmda 2,8 ming kishi) yashagan. Q. Oʻrta Osiyo xalqlari tarkibiga singib ketgan.

Adabiyot[tahrir]

  • Shoniyozov K., Qangʻ davlati va qangʻlilar, T., 1990.

Abdulaxad Xoʻjayev.