Xorazmshohlar davlati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

11-asr va 12-asrning birinchi yarmida Xorazm saljuqlar davlati (g`aznaviylar davlati xarobalarida 11-asrda tashkil topgan) tarkibiga kirgan. Xorazmning 11-asrdagi yuksalishi turkiylar sulolasiga mansub xorazmshohlar siyosati bilan uzviy bog`liq. Mazkur sulolaga saljuq amirining tashtdori Anushtegin asos solgan. Sulton hammomchilari mahkamasining sardori bo`lgan Anushtegin Garchoi Malikshoh (1072-1092 yy.) saroyida yuksak martabaga erishgan. U rahbarlik qilgan mahkama zimmasiga Xorazmni boshqarish ham yuklangan. 1077-yilda Malikshoh Anushtegin Garchoini Xorazmga noib etib tayinlaydi va Xorazmda Anushteginlar sulolasi hukmronligi boshlanadi. Anushteginlar turkiylar sulolasidan bo`lib, o`sha paytda, Osiyoda hukmronlik qilgan uch buyuk sulola: Anushteginlar, Saljuqiylar va G`aznaviylar bir negizdan kelib chiqqan. 1097-yilda Anushtegin vafot etgach, Xorazm noibi etib Ekinji ibn Qorachar tayinlanadi. Biroq u o`sha yili noiblikdan chetlatilib, uning o`rniga Anushteginning o`g`li Qutbiddin Muhammad (1097-1127 yy.) qo`yiladi. Garchi, u "Xorazmshoh" unvonini tiklab, shu nom bilan ulug`lansa ham Saljuqiylarning sadoqatli noibi bo`lib qoldi. Qayta tiklangan xoramshoh mansabiga sazovor bo`lgan Anushtegin nabirasi Otsiz Xorazm mustaqilligi yo`lida astoydil harakat qilgan. Xorazmshoh Otsiz (1127-1156 yy.) saljuq sultoni Sanjarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan. U mug`ombir diplomat va qat'iy sarkarda bo`lib, mustaqil tashqi siyosat yuritadi. Chunonchi, u o`z hukmdori Sanjarning ruxsatisiz qipchoqlar va turkmanlarga qarshi urush boshlaydi. 12-asrning boshida O`rta Osiyoni sharq tomondan yangi istilochilar - qoraxitoylar bosib oladilar. Sulton Sanjar o`zining yaqin qarindoshi bo`lgan samarqandlik qoraxoniylar xoni Mahmudga yordamga keladi. Qoraxitoylarga qarshi Samarqand yaqinida bo`lib o`tgan jang Sanjarning to`la mag`lubiyati bilan yakunlanadi. Xorazmshoh Otsiz Sanjarning mag`lubiyatidan ustalik bilan foydalanib 1141 yili Marvni ishg`ol etadi, 1142 yili esa Nishopurga yaqinlashadi. 1156 yili Otsiz vafot etadi va uning o`g`li Elarslon (1156-1172 yy.) xorazmiylar davlatini mustahkamlashni davom ettirib, Dixistonni tevarak-atrofdagi yerlarga qo`shib oladi. Elarslon o`ziga voris etib o`g`li Sultonshoh Mahmudni (1172-1193) tayinlaydi, biroq to`ng`ich o`g`li Takash ukasi hokimyatini tan olmay, unga qarshi kurash boshlaydi. Natijada toju-taxt uchun kurash boshlanadi, bu kurash 21 yil davom etib, unda Takash g`olib keladi. Uning o`g`li Tekesh (1172-1200 yy.) 1187 yili Nishopurni, 1192 yili esa Marvni bosib oladi. 1194 yili g`arbiy saljuqlar sultonini qaqshatqich mag`lubiyatga uchratib, Eronning butun sharqiy qismini egallab oladi. 1195 yili Tekesh abbosiy xalifa qo`shinini tor-mor qilib, Iroqga bostirib kiradi. O`z mamlakati hududlarini ikki karra kengaytirgan va qudratli davlat barpo etgan xorazmshoh Tekeshni Xorazmning eng iste'dodli hukmdori deb e'tirof etish mumkin. Uning siyosati kamchiliklaridan biri qipchoq harbiy aristokratiyasiga ko`rsatilgan homiylik bo`lgan. Qipchoqlar Tekesh rafiqasi xayriohligidan foydalanib davlat ishlariga ko`proq ta'sir ko`rsatishga intilgan. Turkiy "qo`mondonlar"ning davlat ishlariga o`zboshimcha aralashuvi keyinchalik Tekesh o`g`li Muhammad zamonida Xorazm davlatining parchalanishiga sabab bo`lgan. Alovuddin Muhammad (1200-1220) davrida mamlakat hududi yanada kengadi. 1210-yilda Movarounnahrni Qoraxitoylardan toritib oladi. Uning davrida mamlakat qanchalik gullab-yashnamasin, mamlakat ich-ichidan yemirilib borgan. Xatto, sulton saroyida ham ichki nizolar avj olib, ularning boshida Turkonu Xotun va qipchoqlar turgan. Sulton saroyidagi bunday nizolardan foydalangan mo`g`ullar 1219-1221-yillarda mamlakatning asosiy qismini bosib oladilar. Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi (1220-1231 yy.) 11 yil davomida Hindiston, Eron va Ozarbayjon hududlarida mo`g`ullarga qarshi mardonavor kurash olib boradi. 1231-yil avgustda Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjonda halok bo`lgach, 154-yil hukmronlik qilgan Anushteginlar sulolasining hukmronlik davri tugaydi. Anushteginlar sulolasidan bo`lgan Xorazmshohlar (1077-1231-yillar): 1. Anushtegin Garchoi 1077-1097 yy. 2. Ekinji ibn Qorachar 1097-y. 3. Qutbiddin Muhammad 1097-1127 yy. 4. Otsiz 1127-1156 yy. 5. Elarslon 1156-1172 yy. 6. Sultonshoh Mahmud 1172-y. 7. Takash 1172-1200 yy. 8. Alovuddin Muhammad 1200-1220 yy. 9. Jaloliddin Manguberdi 1220-1231 yy.


Manba:

7-sinf O`zbekiston tarixi A.Muhammadjanov

Sharqning mashhur sulolalari Sh.Vohidov, A.QodirovQodirov