Moʻtabar Tojiboyeva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mo'tabar Tojiboyeva
Mutabar Tadjibayeva.jpg
Mo'tabar Tojiboyeva 2008 yil Martin Ennals Inson huquqlari himoyachisi mukofoti taqdimoti ma'rosimida
Tavallud sanasi: 25-avgust, 1962 (1962-08-25)(52 yosh)
Tavallud joyi: Flag of the Soviet Union.svg Flag of Uzbek SSR.svg Margʻilon, Fargʻona viloyati, O'zbekiston SSR, Sovet Ittifoqi
Fuqaroligi: Andoza:ФлагификацияAndoza:Флагификация

Moʻtabar Tojiboyeva Ibragimovna — o'zbekistonlik mustaqil jurnalist va taniqli huquq himoyachisi."Oʻtyuraklar klubi" inson huquqlarini himoya qilish halqaro tashkiloti asoschisi. O'zbekiston Respublikasida inson huquqlarining poymol qilinishiga qarshi kurashayotgan faol. U inson huquqlari muammolari yuzasidan monitoring oʻtkazish bilan shugʻullanib, tergov va sud jarayonlarida jamoatchi himoyachi va ishonchli vakil sifatida ishtirok etgan. M. Tojiboyeva 2005 yil mart oyida tashkil etilgan „Fuqarolik jamiyati“ halq harakati asoschilaridan biridir. U 2005 yil 7 oktyabrda Dublinga inson huquqlari boʻyicha halqaro anjumanga ketish arafasida hibsga olingan. Unga tergov jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 18 ta moddasi asosida ayblov qoʻyilgan, sud esa ushbu moddalarning 13 tasi bilan M. Tojiboyevani aybdor deb topgan va 8 yilga ozodlikdan mahrum etishga hukm chiqargan. Uning hibsga olinishi inson huquqlari himoyachisi sifatidagi faoliyati, 2005 yildagi Andijon voqealari yuzasidan tanqidiy chiqishlari va halqaro teshkiruv oʻtkazish talabi oqibati deb taʼkidlanadi.

2005 yilda Moʻtabar Tojiboyeva Xalqaro Nobel mukofoti nominanti mavqeyiga erishdi. 2008 yil 15 mayda, hali u jazo muddatini oʻtayotgan davrda Halqaro Martin Ennals mukofoti sovrindori boʻladi. Shu kuni halqaro [[inson huquqlari] masalalari mavzusida yozuvchi bloggerlar bu sohaga ulkan hissa qoʻshgan 10 ayol roʻyxatini eʼlon qildi, va bu oʻntalikka Moʻtabar Tojiboyevaning nomi ham kiritilgan edi.

2008 yil 2 iyun kuni Moʻtabar Tojiboyeva qamoqdan ozod qilinadi, va shu yili 20 noyabr kuni Shveytsariyaning Jeneva shahrida unga Martin Ennals mukofotini topshirish taqdimoti boʻlib oʻtadi.


Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 60 yilligi munosabati bilan „Oʻtyuraklar klubi“ inson huquqlarini himoya qilish tashkilotiga Fransiya Respublikasining „Ozodlik, Tenglik, Birodarlik“ mukofoti berildi, va ushbu mukofot shu yilning 10 dekabrida Parijda o'tkazilgan taqdimot marosimida M. Tojiboeyvaga topshirildi. 2009 yil mart oyi boshida M. Tojiboevaga AQSh Davlat departamentining «Jasur ayol» mukofoti berildi, ammo keyinchalik u shaxsiy prinsiplariga asosan bu mukofotdan voz kechdi. Avgust oyida u Inson huquqlari jamg’armasining halqaro kengashiga a’zo bo’ladi. Hozir Fransiyaning Il-de-Frans provinsiyasida yahsaydi. "Qiynoqlar oroli asirasi" nomli asar muallifi. Bu kitob muallifning shaxsiy xotiralari asosida yozilgan boʻlib, ushbu kitobda Moʻtabar Tojiboyeva O'zbekiston hukumatining ommaga mavhum qirralarini hamda O'zbekistonda qoʻllaniladigan taz'yiq va agressiyalar haqida hikoya qiladi. Asarning ingliz, fransuz, rus va o'zbek tillarida chop qilinishi kutilmoqda.

Tarjimai holi[tahrir]

Moʻtabar Tojiboyeva 1962 yil 25 avgustda Oʻzbekistonning Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida ishchi oilasida tugʻilgan. Otasi — Ibrohimjon Tojiboyev, onasi — Qandolatxon Oʻljayeva. Moʻtabar Tojiboyevaning buvasi (onasi tomonidan) Oʻljaboy Hamroqulov 1937 yilda halq dushmani sifatida oilasi bilan Sibirga surgun qilinadi[1]. Shu vaqtdan boshlab, Oʻljaboy Hamroqulov oʻz oilasi bilan bir necha marta Sovet Ittifoqining turli hududlariga koʻchirilgan. 1946 yilda Oʻljaboy Hamroqulov oʻzining Uchinchi Reyx qoʻshinlariga qarshi kurashda partizanlar safidagi jangovor xizmatlari uchun Sovet hukumati tomonidan oqlanib, oʻz yurtiga qaytib keladi. Moʻtabar Tojiboyevaning onasi Qandolatxon Oʻljayeva, Ikkinchi jahon urushi yillarida Ukraina hududidagi oʻrmonlarning birida oʻzining boʻlajak turmush oʻrtogʻi Ibrohimjon Tojiboyevni yarador va behush holatda uchratadi. Ibrohimjon Tojiboyev Sovet Armiyasi safida piyoda askar boʻlib xizmat qilgan. 1944 yilda ular turmush quradilar, va ularning birinchi farzandi Ukrainada dunyoga keladi. Moʻtabar Tojiboyeva bu voqealarning toʻgʻridan-toʻgʻri guvohi boʻlmasada, oʻz onasidan eshitgan hikoyalari uning inson huquqlari yetakchisi boʻlib yetishishda katta rol oʻynagan.

Ma'lumoti[tahrir]

Moʻtabar Tojiboyeva 1969 yilda Margʻilon shahridagi Hamza Hakimzoda Niyoziy nomli 7-oʻrta maktabda ilk taʼlim olishni boshlagan.

1987—1989 yillarda u Margʻilon reja-iqtisod texnikumining sirtqi boʻlimida o'qigan va uni tamomlab, iqtisodchi diplomini qoʻlga kiritgan. Ayni paytning oʻzida, yaʼni 1987—1989 yillarda Fargʻona viloyati Matbuot boshqarmasi qoshida tashkil etilgan ikki yillik jurnalistika kursini tamomlagan.

Ish faoliyati[tahrir]

1979 yilda maktabni tugatgandan soʻng, M. Tadjibayeva Margʻilon shahridagi Ipakchilik kombinatida bir yil muddatda ip yigiruvchi boʻlib ishlagan. 1980 yilda Oxunboboyev tumanidagi davlat notarial idorasiga notarius yordamchisi sifatida ishga kiradi. 1981 yilda Oxunboboyev tumanidagi Qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasiga kotiba va ish yurituvchi sifatida ishga joylashadi.

1985 yilda Moʻtabar Tojiboyeva ish faoliyatini O'zbekiston Respublikasi Halq nazorati qoʻmitasining Oxunboboyev tuman boʻlimida inspektor vazifasida davom ettiradi. Keyinchalik jamoatchilik asosida ariza va shikoyatlar boʻlimi, shu bilan bir paytda qoʻmitaning matbuot markazini boshqaradi. Bu tashkilotda M. Tojiboyeva qonunlarning ijrosini amalda qoʻllanilishini nazorat qiluvchi guruhlar bilan oʻtkaziladigan tekshiruvlarda faol qatnashgan hamda ariza va shikoyatlar boʻlimi rahbari sifatida huquqlari poymol qilingan shaxslarning shikoyatlarini oʻrganib, ularning huquqlarini tiklash va himoya qilishga oʻz hissasini qoʻshgan. Aynan shu yerda u jamoat bilan yaqindan turib, hamkorlokda ishlashni dastlab o'z tajribasida koʻradi. M. Tojiboyeva qoʻmitaning matbuot markazi maʼsul xodimi sifatida Oʻzbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan qonunlar va ularning ijrosi yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlarida faol qatnashgan va, shuningdek, bu qonunlarni oyoq osti qilgan amaldor shaxslarga qarshi mahalliy va markaziy matbuot organlarda chiqishlar qilishni boshlagan. Uning bu qoʻmitadagi ish faoliyati keyinchalik inson huquqlari himoyachisi sifatida shakllanishiga katta taʼsir qiladi.

1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanib ketishi natijasida Xalq nazorati qoʻmitasi tarqatib yuboriladi. Moʻtabar Tojiboyeva 1997 yilgacha oʻz faoliyatini bank tizimida davom ettirib, jumladan, Oʻzbekiston sanoat-qurilish bankining Margʻilon va Qirguli boʻlimlarida va Qirguli tuman halq banklarida kadrlar boʻlimi boshligʻi, pul muomala boʻlimi Iqtisodchisi, bosh iqtisodchisi vazifalarida ishlagan.

1997—1998 yillarda O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimining targʻibot-tashviqot markazini boshqargan. 1998 yilda „Yodnoma“ nomli birinchi risolasi nashr etilgan. Bir vaqtning oʻzida, M. Tojiboyeva inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini ham davom ettirgan, [[Respublika]) matbuot vositalarida oʻzining shu mavzuga oid tanqidiy maqolalari bilan qatnashgan.

1998—1999 yillarda "Halqaro Qizil Hoch va Qizil Yarim Oy" jamiyatining Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari vazifasida ishlagan.

Inson huquqlari sohasidagi faoliyati[tahrir]

1999 yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan saylovda M. Tojiboyeva Fargʻona viloyati kengashi deputatligiga tashabbuskor guruhdan oʻz nomzodini qoʻyadi. U oʻz nomzodlik dasturida asosan qonunlar ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini shakllantirish boʻyicha qonun qabul qilish masalasini kun tartibiga olib chiqishni koʻzlagan edi. U saylovda gʻalabaga erishmaydi, shundan soʻng oʻz dasturini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Halq-demokratik partiyasi(OʻzXDP)ga aʼzo boʻladi. 2000 yil yanvar oyida M. Tojiboyeva shu partiyaning Margʻilon shahri „Zuhro“ mahallasi boshlangʻich partiya tashkilotining kotibasi etib tayinlanadi va ushbu tashkilot huzurida inson huquqlarini himoya qilish "Oʻtyuraklar klubi"ga asos soladi.

M. Tojiboyevaning "Oʻtyuraklar klubi"ni yaratishi uning rasman inson huquqlari sohasiga kirib kelishiga imkon berdi. 2001 yilda "Oʻtyuraklar klubi" yordamida uning „Ogoh boʻlaylik“ nomli risolasi chop etilgan. 2002 yil yanvar oyida [[OʻzXDP] Margʻilon shahar kengashining plenumida "Oʻtyuraklar klubi"ning 2 yillik ish faoliyati muhokama qilingan, va klub rahbari M. Tojiboyevaning hisoboti tinglangan. Plenum klubning jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi olib borgan kurashini ijobiy baholaydi va uning ish faoliyatini Respublika boʻylab namuna sifatida koʻrsatish haqida qaror qiladi. Mahalliy va Respublika matbuot vositalarida klub faoliyati haqida maqola, ocherklar yozilib, maxsus koʻrsatuvlar berib borilgan.

Hukumat tomonidan taʼqib va tayziqlar[tahrir]

Alimuhammad Mamadaliyev ishi va uning oqibatlari[tahrir]

M. Tojiboyeva 2002 yilda MXX xodimlari tomonidan qiynoqlarga solib oʻldirilgan Alimuhammad Mamadaliyev/2/ /3/ ishi[2][3] ishi boʻyicha monitoring olib borgan. U halqaro axborot agentliklari va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga murojat qilib, mazkur ishni jamoatchilikka yetkazishga muvaffaq bo'lgan. Natijada ish O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan koʻrib chiqiladi, va Mamadaliyev qotillari uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 2002 yil 30 iyunda M. Tojiboyeva Christian Science Monitor halqaro gazetasi muxbiri Scott Peterson bilan marhum Alimuhammad Mamadaliyevning oilasi yashaydigan Doʻrmon qishlogʻiga boradilar. Ular qishloq aholisi bilan suhbatlashib, mahalliy hokimiyat va maʼmuriy organlar tomonidan ularga nisbatan qilinayotgan tajovuzlar xususida jurnalistik surishtiruvlar olib boradilar.

Ertasiga, ya'ni 1 iyulda O'zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligining Qirguli tuman boʻlimi DAN xodimlari Moʻtabar Tojiboyeva ketayotgan yengil avtomobilni toʻhtatib, uni hibsga oladilar[4]. Rasmiy protseduralarsiz M. Tojiboyevani shu joyning oʻzida tahqirlab soʻroq qiladilar va asossiz ravishda Qirguli tumani ichki ishlar boʻlimiga olib borib yertoʻladagi kameraga qamab qoʻyadilar. Shu kuni tunda ichki ishlar xodimlari unga qarshi zoʻravonlik harakatlarini qoʻllaydilar. 2 iyul kuni u „Militsiya xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmaslik“ va „Mayda bezorilik“ aybi bilan sud qilinadi. M. Tojiboyevaning qonunni buzganligini isbotlovchi sudga taqdim qilingan hujjatlar yetarli emasligi va Tojiboyeva yetkazilgan tan jarohatlari yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza oʻtkazilishini talab qilgani sababli, sud ajirimi bilan ish hujjatlari prokuraturaga topshiriladi, va Tojiboyeva sud zalidan ozod qilinadi. 2002 yil 5 sentyabrda Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati sudi Qirguli tumani IIB xodimlarining gʻayriqonuniy hatti-harakatlari yuzasidan bu militsya xodimlariga qarshi xususiy ajrim chiqargan. 27 sentyabr kuni Qirguli tumani prokuraturasi sudning xususiy ajrimi asosida jinoiy ish qoʻzgʻatgan. 2002 yil 16 dekabrda „Qirguli tumani militsya xodimlarining hatti-harakatlarida jinoyat tarkibi yoʻq“ degan xulosa bilan ushbu ish yopilgan. Alimuhammad Mamadaliev ishi Moʻtabar Tojiboyeva va hukumat orasidagi toʻqnashuvlarning yanada keskinlashuviga sabab boʻldi. Aynan shu voqea "Oʻtyuraklar klubi" va uning rahbarining halq orasidagi obroʻsini yanada oshirdi va ularning faoliyatining kuchayishiga olib keldi.

Vaziyat keskinlashuvi[tahrir]

2002 yil 14 oktyabrda M. Tojiboyevaning tashabbusi bilan Jinoyat ishlari boʻyicha Oltiariq tumani sudi binosi oldida norozilik piketi oʻtkaziladi[5]. 2002 yil 7 noyabrda u "Oʻtyuraklar klubi" nomidan rasman bayonot eʼlon qiladi va 8 dekabr Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasi kuni munosabati bilan Respublika parlamenti Oliy Majlis binosi oldida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilishini toʻxtatishni talab qilib, namoyish oʻtkazilishi haqida maʼlum qiladi. M. Tojiboyeva oʻzining bayonotini barcha boshqaruv organlariga joʻnatgan. Respublika Bosh prokuraturasiga joʻnatilgan bayonotda keltirilgan vajlarni tekshirish uchun Bosh prokuratura xodimi Bahodir Po'latov Fargʻona viloyatiga kelgan va M. Tojiboyeva bilan uchrashgan. Lekin u tekshiruvni yakuniga yetkazmasdan, hech qanday ogohlantirishsiz Toshkentga qaytib ketgan[6].

Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan namoyishdan 4 kun avval, yaʼni 2002 yil 4 dekabr kuni M. Tojiboyevani Fargʻona shahar prokurori Tolib Hasanov chaqirtirib, Toshkentda oʻtkazshni rejalashtirilgan namoyishni oʻtkazmaslikni, aks holda unga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilishi haqidagi hujjatni topshiradi. M. Tojiboyeva bu hujjatni olishdan bosh tortgach, prokuror unga ikkinchi hujjatni taqdim qiladi. Bu hujjatda Tojiboyevadan "Oʻtyuraklar klubi" faoliyatini toʻxtatish, aks holda unga nisbatan yana bir jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi haqida ogohlantirgan [7]. 2002 yil 5 dekabrda esa farg'ona viloyat IIB dan M. Tojiboyevaga qoʻngʻiroq qilib, unga qarshu sud jarayoni boshlangani, lekin u sudga bormaganligini aytishgan. 6 dekabr kuni uni jinoyat ishlari boʻyisha Toshloq tumani sudiga borishi kerakligi, aks holda majburiy tartibda olib borilishi haqida ogohlantirganlar[8]. M. Tojiboyeva ushbu sud jarayoni rejalashtirilgan namoyishga toʻsqinlik qilish maqsadida uyushtirilganligiga ishonch hosil qilgan holda, bu sudda qatnashmaslikka qaror qiladi va Doʻrmon qishlogʻiga yashirinadi[9]. Shu kuni kechqurun militsiya, maxsus xizmat xodimlari va harbiylar Doʻrmon qishlogʻini oʻrab olib, qishloq ahliga M. Tojiboyeva gʻarb davlatlari ayg'oqchisi ekanligi bois uni hukumat vakillariga topshirishni talab qiladilar. Lekin hech kim kuch ishlatish xodimlariga yon bosmagandan keyin, xonadonlarda tintuv oʻtkaziladi. 2002 yil 10 dekabr kuni M. Tojiboyeva ichki ishlar xodimlari bosim oʻtkazish maqsadida uning qizini garovga olmoqchi boʻlayotganlaridan xabar topib, [10], Doʻrmon qishlogʻidan kampir qiyofasida kiyinib chiqib ketishga muvaffaq boʻladi. Shundan soʻng Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga qoʻngʻiroq qilib, qidiruv va bosimlarni toʻxtatish evaziga oʻzi taslim bo'lishga roziligini aytadi[11].

Fargʻona shahridagi piket va uning oqibatlari[tahrir]

2003 yilda 10 iyunda M. Tojiboyeva Fargʻona viloyati prokuraturasi binosi oldida piket oʻtkizadi. 2003 yil 12 sentyabrda M. Tojiboyevaning ishi rasman yopiladi, va u aybsiz deb topilib, maʼmuriy javobgalikdan ozod qilinadi.

Ommaviy noroziliklar va hukumat munosabati[tahrir]

2003 yil 20 avgust Oltiariq tumani prokuraturasi binosi oldida piketlar oʻtkaziladi. Bu piketlar paytida M. Tojiboyeva va uning hamkasblariga ichki ishlar hodimlari bilan hamkor fohishalar tomonidan hujumlar uyushtirilgan.

Avtohalokat[tahrir]

2003 yil dekabr oyi boshida Fargona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi amaldorlaridan biri shirakayf holda M. Tojiboevaga qo’ngiroq qilib, uning kuni bitgani va qilmishlari uchun jazolanishi muqarrarligini aytadi. 12 dekabrda esa M. Tojiboyeva Toshkentga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi(IIV)ga keladi va unga qarshi uyushtirilayotgan taz'yiqlarga chek qoʻyishni talab qiladi. Lekin IIV rahbariyati uni qabul qilishdan bosh tortadi. Ertasiga M. Tojiboyeva Fargʻona viloyatiga kirakash avtomobilida qaytish vaqtida yoʻl-avtomobil halokatiga uchraydi, tan jarohati olib, 12 kun shifoxonada davolanadi. Uning aytishicha, bu hodisaning oddiy tasodif boʻlish ehtimoli juda kam, chunki bu avtomobil toʻqnashuvida faqat M. Tojiboyev jabr koʻrgan, va bu avtohalokat aynan telefon orqali qilingan po'pisadan keyin sodir bo'lgan. Yoʻl hodisasi Toshkent viloyatida sodir boʻlgani sababli uni Ohangaron tumani shifohonasiga olib kelishadi.Jabrlanuvchi usbu hodisa yuzasidan qo'zg'atilgan jinoyat ishi qanday yakun topganidan bexabar bo'lgan va uning bu ishga aloqador hujjatlarni olish talabi qanoatlantirilmagan. M. Tojiboyeva davolanib, kasalxonadan chiqqandan soʻng, u shifokorlardan kasallik tarixi varaqalarni soʻraydi, lekin ular bu varaqalarni kimdir allaqachon olib ketganligini aytadi. Ahvoli yaxshilangandan soʻng M. Tojiboyeva Margʻilonga qaytadi va u yerda davolanishni davom ettiradi. Bu kasalhonada ham uning kasallik varaqalari noma'lum yongʻin oqibatida yo'qolib ketganini aytishadi.

Andijon voqealari[tahrir]

2005 yil 4 aprel kuni M. Tojiboyeva "Oʻtyuraklar klubi"nomidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga Andijon viloyatidagi siyosiy-ijtimoiy vaziyat o'ta qaltisligini bayon qilib, telegramma joʻnatadi. 13 aprel kuni esa u Bektemir tumani militsiya xodimlari tomonidan toʻxtatilib, ichki ishlar idorasiga olib boriladi va soʻroq qilinadi, lekin u halqaro nodavlat tashkilotlar va chet davlat elchixonalari bosimi ostida ozod qilinadi.

2005 yil 15 aprel kuni siyosatshunos Safar Abdullayev taxallusi ostida chop etilgan maqolalar[12] yuzasidan O'zbekiston Ichki Ishlar Vazirligida matbuot konferensiyasi oʻtkaziladi. Mazkur konferensiyada qatnashish maqsadida kelayotgan M. Tojiboyeva yoʻlda DAN xodimlari tomonidan toʻxtatiladi va boshqa bir avtomobil vositasida nomaʼlum shaxslar tomonidan olib ketiladi. Yoʻl davomida bir necha marta turli xil avtomobillar almashtirilib, M. Tojiboyeva qaytadan Bektemir tumani ichki ishlar boʻlimiga olib kelinadi, oʻsha yerda qattiqqoʻllik bilan soʻroq qilinadi va tahqirlanadi. Margʻilonga qaytgach, mahalliy shifoxonada davolanadi, lekin hech qayerda unga qarshi zoʻravonlik ishlatilgani va qiynoqqa solingani haqida bayonot bermaydi. Chunki uning oʻgʻirlanishi va tahqirlanishiga boshchilik qilgan amaldor shaxs undan sukut saqlashni talab qiladi, aks holda, bugungi hodisa uning qizi bilan ham takrorlanishini haqida ogohlantiradi.

2005 yil 13 may Andijon voqealari paytida M. Tojiboyeva sababsiz uy qamogʻiga olinadi. U yashaydigan imorat oldida qurollangan ichki ishlar boʻlimi xodimlari qorovul qilib qoʻyiladi. Uy qamogʻida M. Tojiboyeva Andijondagi namoyish ichtirokchilari va halqaro jurnalistlar oʻrtasida aloqa oʻrnatib berishga erishadi. Shu kuni soat taxminan 17 da Farg'ona viloyati IIB terrorizmga qarshi kurash bosgqarmasi rahbarlari M. Tojiboyevani yashash joyidan viloyat ichki ishlar boshaqmasiga olib ketish to'g'risida farmoyish beradilar, va bu yerda uni 2005 yil 16 maygacha boshqarma kamerasida saqlaydilar. Unga biror kishi bilan bogʻlanishga ruxsat berilmaydi.

Qamoqqa olinishi[tahrir]

2005 yil 20 sentyabrda Andijon voqealari boʻyicha sud jarayonlari boshlanadi. Bu jarayonlar davomida Respublika Bosh prokurori oʻrinbosari M. Tojiboyevaning bu ishlarga toʻgʻridan-toʻgʻri aloqasi borligida va uni inson huquqlari himoychisi degan qalbaki nom bilan davlatga qarshi harakatlarni amalga oshirishda ayblaydi.

M. Tojiboyeva 2005 yil 8 oktyabrda Dublinda boʻlib oʻtadigan inson huqularibo'yicha halqaro konferensiyasiga taklif qilinadi. Bu konferensiyada uning Andijon voqealariga oydinlik kiritish maqsadida nutq soʻzlashi va o'z fikrlarini bayon qilishi kutilgan edi. Lekin 2005 yil 7 oktyabrda M. Tojiboyeva O'zbekiston Ishlar Vazirligining xavfsizlik xodimlari tomonidan yashash joyida tovlamachilikda ayblanib hibsga olinadi.

Hibsga olingandan soʻng M. Tojiboyeva yashayotgan turar joy ichki ishlar xodimlari tomonidan tintuv qilinib, uning shaxsiy buyumlari musodara qilinadi, undan tashqari, garchi ayblov M. Tojiboyevaga shaxsan qaratilgan bo'lsada, "Oʻtyuraklar klubi" xodimlarining yulari ham tintuv qilinib, barcha hujjat va maʼlumotlar (video, audiotasmalar va hokazo) ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketiladi.

Dastlab M. Tojiboyeva Fargʻona viloyatining vaqtinchalik tergov izolyatorlarida 10 kun, keyinchalik 4 oy davomida boshqa qamoq izolyatorlarida saqlanib, tergov qilinadi. Tergovlar davomida unga hibsga olinishining asosiy sabablari maʼlum boʻladi: inson huquqlarining faoli boʻlishi va "Oʻtyuraklar klubi"ni boshqarishi, hukumat aʼzolarining manfaatlariga zid kelishi M. Tojiboyevaning hibsga olinishiga olib kelgan.

Manbalar[tahrir]

  1. http://uzb.at.ua/news/2006-4-29-63-0-
  2. http://www.memo.ru/hr/politpr/asia/uzbekistan/uz271102-3.htm
  3. http://www.fergananews.com/article.php?id=442&print=1
  4. http://www.harakat.net/harakat.php?id_harakat=37&id_topic=62&id_stat=110
  5. http://www.lenta.cjes.org/?m=10&y=2002&lang=rus&nid=4169
  6. http://www.jarayon.com/index.php?option=com_content&view=article&id=1226:--2002---&catid=99:maqolalar-boshqa-tillarda&Itemid=112
  7. http://www.centrasia.ru/news2.php?st=1044048000
  8. http://www.zonakz.net/articles/2102
  9. http://www.zonakz.net/articles/2100
  10. http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1042064220
  11. http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1040504460
  12. http://www.ozodlik.org/content/article/1309297.html