Kasalxona

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kasalxona (Braziliya)

Kasalxona — bemorlarni yotqizib davolaydigan muassasa. Poliklinika bilan birlashtirilgan kasalxonalar bemorlarni poliklinikada va uyda tibbiy yordamning barcha turlari bilan davolaydigan davolash-profilaktika muassasasi hisoblanadi; poliklinika bilan birlashtirilmagan kasalxona faqat statsionarda davolaydi. Ish hajmi va maʼmuriy boʻlinishiga koʻra, respublika, viloyat (oʻlka), shahar, tuman va uchastka kasalxonalari farq qilinadi. Koʻp sohali (turli xil ixtisosliklari boʻyicha boʻlimlari bor) va ixtisoslashgan (sil, yuqumli, ruhiy, oftalmologik va b.) kasalxonalar boʻlib, bular mazkur kasallik boʻyicha malakali va ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatadi. 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga moʻljallangan bolalar kasalxonasi ham koʻp sohali va ixtisoslashgan kasalxonalarga boʻlinadi. Tibbiyot instituti yoki ilmiy tadqiqot institutining bazasi hisoblangan kasalxona klinik kasalxona deb ataladi. Bundan tashqari, aholiga kasbiga qarab xizmat qiladigan temir yoʻl transporta kasalxonasi, suv xoʻjaligi xodimlari kasalxonasi va boshqa kasalxonalar boʻladi. Kasalxonada bemorni vrach koʻzdan kechiradigan, hujjatlar rasmiylashtiriladigan qabulxona, zarur sanitariya-gigiyena choralari amalga oshiriladigan xonalar, davolash boʻlimlari (jarrohlik, terapiya va b.), davolashdiagnostika boʻlimlari (rentgenologiya, fizioterapiya); laboratoriyalar, dorixona, oshxona, maʼmuriy-xoʻjalik boʻlimlari va boshqalar boʻladi. Birlashgan kasalxonaga, bundan tashqari, poliklinika ham kiradi. Kasalxonani bosh vrach boshqaradi, bemorlar davolanadigan ixtisoslashgan boʻlimga esa shu ixtisoslik boʻyicha malakali vrach mudirlik qiladi. Birlashgan kasalxonaning boʻlim mudiri poliklinikadagi tegishli boʻlimga ham rahbar boʻlishi mumkin. Xodimlar soni kasalxonadagi oʻrinlar soniga bogʻliq. Kasalxonalarning tuzilishi va funksiyasi, shuningdek, unda ishlaydigan tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari, majburiyatlari va boshqalar OʻzR Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va tavsiya etilgan maxsus davlat meʼyornormalari, yoʻriqnoma va koʻrsatmalariga amal qilgan holda olib boriladi.

Hozirgi Oʻzbekistan hududida qadimda ham kasalxonaga oʻxshash davolash maskanlari mavjud boʻlgan. Amir Temur boshqa mamlakatlarning mashhur tabiblarini poytaxt Samarqandga olib kelib, maxsus shifoxonalar ochgan. Movarounnahr va Xurosonda shifoxonalar uchun alohida binolar qurilgan. Shifoxonalar ochishga Alisher Navoiy ham katta ahamiyat bergan. Turkistonning baʼzi viloyatlarida maxsus shifoxonalar boʻlganligi manbalarda qayd etilgan. Turkiston chor Rossiyasi tomonidan bosib olinganidan keyin oʻlkada Gʻarbga xos tibbiy muassasalar vujudga kelgan. Bunga qadar mahalliy aholi xalq tabobati (tabiblar, shikastbandlar)dan foydalangan. Toshkentda birinchi davolash muassasasi 1868-yil harbiy garnizon qoshida ochilgan lazaret boʻlib, u 1869-yil harbiy gospitalga aylantirilgan. Keyinchalik Samarqandda (1872), Xivada (1872), Buxoroda (1891) kichikroq kasalxonalar ishga tushirilgan. 1883-yil oxirida Toshkentda ayollar va bolalar uchun birinchi ambulatoriya-shifoxona ochilgan. 1903-yil Yangi shahar kasalxonasi qurilgan. 1913-yil Eski shahar kasalxonasi (hoz. 1-shahar klinik kasalxonasi) ish boshlagan. 1916-yil temir yoʻl xodimlari uchun maxsus kasalxona qurilgan. 1918-yil sobiq kadetlar korpusi binosida kasalxona (hoz. 1-ToshTIning oʻquv bazasi), 1926-yil Toshsovet nomli fizioterapiya kasalxonasi; Koʻkcha dahasida epidemiologiya kasalxonasi (hoz. 1-Yuqumli kasalliklar kasalxonasi) ishga tushgan.

Oʻzbekistonning barcha shahar va viloyatlarida yirik kasalxonalar mavjud. Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 1-klinik kasalxonasi, 15-, 17-shahar klinik kasalxonalari, tez tibbiy yordam kasalxonasi, shuningdek, 1- va 2- Tosh-TI (oʻquv bazasi)ga qarashli kasalxonalar faoliyat koʻrsatadi. Mamlakatda 1020 ga yaqin kasalxona bor (2002)[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil