Boyazid I Yildirim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sulton Boyazidning Amir Temur tomonidan asir olinishi

BOYAZID I Yildirim (1359-1403) - usmonlilar sulolasiga mansub Turkiya sultoni (1389—1402), sulton Murod I (Usmonlilar imperiyasi) (1359—1389)ning toʻngʻich oʻgʻli, sulton Oʻrxon I (1326—1359)ning nabirasi. Otasi Kosovo jangida halok boʻlgach, 30 yoshida taxtga oʻtirgan. Boyazid ota-bobolari siyosatini davom ettirib, tez orada Dunay boʻyi davlatlarini oʻziga boʻysundirdi. Soʻng, Vizantiya imperatori Ioann bilan uning oʻgʻli Andronik oʻrtasidagi ixtilofdan foydalanib, Andronikka harbiy yordam koʻrsatdida, uni Vizantiya taxtiga oʻtqazdi, Ioanni esa zindonga tashladi. Ammo, ikki yildan soʻng (1394) Andronikni taxtdan tushirib, Ioanni yana taxtiga oʻtqazib qoʻydi. Shunday qilib, Boyazid Vizantiyani butunlay oʻziga qaram qilib oldi. Keyin, Boyazid 1395—1396-yillarda Bolgariya, Makedoniya, Fessaliyani fath etdi, Gretsiyaga bostirib kirib Argos shahrni butunlay vayron qildi, Bolqon arxipelagidagi orollarga chopqun qilib, Moreya va Vengriyaga tahdid sola boshladi. Shunda Bogemiya va Vengriya qiroli Sigizmund I (1368—1437) turli mamlakatlardan katta qoʻshin toʻplab Boyazidga qarshi yurish qildi, ammo 1396-yil 28-sentabrda Nikopol shahri yonida (Dunay boʻyida)gi jangda tor-mor keltirildi (qarang Salib yurishlari). Jangdan soʻng, Boyazid asir olingan 3 ming kishini qatl ettirdi. Boyazid bu yirik gʻalaba tufayli Bosniya, Vengriyani ham qoʻlga kiritib, Bolqon yarim orolida oʻz mavqeini mustahkamlab oldi. Biroq, ketma-ket qozongan gʻalabalaridan kibrlanib ketgan Boyazid Anqara jangida Amir Temur tomonidan butunlay tor-mor etilib, oʻzi asir olindi va koʻp oʻtmay vafot etdi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil