Abdulloh ibn Abdulloh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulloh ibn Abdulloh
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 633-yil (hijriy 12-yil)
Oʻlim sababi Yamoma jangi
Dini Islom
Tanilgan sohasi sahoba

Abdulloh ibn Abdulloh (arabcha: عبد الله بن عبد الله — Abdulloh ibn Abdulloh ibn Ubay ibn Salul al-Ansoriy al-Xazrajiy) — sahoba.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xazraj qabilasining sayyidi, pay­g‘am­bar davri­dagi munofiqlarning rahnamosi, Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning o‘g‘li bo‘lgan. Uning asl ismi Hubob bo‘lib, musulmon bo‘lgach, otasini ham „Abu Hubob“ kunyasi bilan chaqirishgani uchun payg‘ambar „Hubob shaytondir“ deb, ismini Abdullohga o‘zgartirgan. U sahobalar rahbarlaridan biridir. U payg‘ambar bilan Badrgacha bo‘lgan deyarli har bir jangda qatnashgan.

Hijriy 6-yili Bani Mustaliq jangidan qaytayotganda Ibn Salul ichida saqlab yurgan adovatini oshkor qilib, muhojirlarga qarata „Madinaga borganimizda aziz va sharafli bo‘lganlar u yerdan kuchsiz va sharafsizlarni chiqaradi“, deb ularni haqorat qiladi. Bunga javoban Umar payg‘ambardan Ibn Salulni o‘ldirish uchun izn so‘raydi. Lekin payg‘ambar Muhammad birodarlarini o‘ldirtiryapti, degan malomatga qolmaslik uchun bunga rozi bo‘lmaydi. Payg‘ambarning bu qaroridan bexabar bo‘lgan Abdulloh ibn Abdulloh uning oldiiga borib, agar otasi o‘ldiriladigan bo‘lsa, keyinchalik hissiyotga berilib intiqom olish maqsadida bir moʻminni o‘ldirib qo‘ymasligi uchun bu vazifani shaxsan o‘zi bajarishiga ruxsat berishini so‘raydi. Payg‘ambar unga ham ruxsat bermaydi va otasi bilan yaxshi munosabatda bo‘lishini tavsiya qiladi.

Otasi vafot etgach, Abdulloh ibn Abdulloh ham otasining vasiyati, ham uxroviy manfaatni ko‘zlab, payg‘ambardan otasini kafanlash uchun ridosini so‘raydi. Shuningdek, otasining janozasini o‘qib berishini ham iltimos qiladi. Payg‘ambar Abdulloh ibn Abdulloh mansub bo‘lgan xazrajliklarni Islomga yanada moyil qilish maqsadida ridolarini beradi va mayyitga janoza o‘qib berish taklifini ham qabul qiladi. Lekin Umar bu ishga qattiq eʼtiroz bildiradi. Shunda, Tavba surasining 84-oyati nozil bo‘lib, munofiqlarning janozasini o‘qish taqiqlanadi.

Abdulloh ibn Abdullohdan Oysha hadis rivoyat qilgan. U Musaylama Kazzobga qarshi bo‘lib o‘tgan Yamoma jangida shahid bo‘lgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Ibn Hishom. As-Sӣra. — Qohira: 1955. III, 209;
  • Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1968. III, 540-542;
  • At-Tabariy. Tarӣx. — Qohira: 1326. II, 260;
  • Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1970-73. III, 296-298;
  • Az-Zahabiy. Siyar. I, 321-323;
  • Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. II, 95;
  • Al-Olusiy. Rӯh al-maʼānӣ. — Bayrut: „Dor ihyo at-turos“. X, 153-154;
  • W. Montgomery Watt. „Abd Allah b. Ubayy“. EI2 (Ing.). I, 53;
  • Talat Koçyiğit. „Abdullah b. Abdullah“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 80;
  • Alixonto‘ra Sog‘uniy. Tarixi Muhammadiy. — T.: „Movarounnahr“, 2017. 282-283;
  • Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Islom tarixi. — T.: „Hilol-nashr“, 2017. I, 270.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.