Badr jangi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Badr jangi

Badr jangi(arab. غزوة بدر‎‎) Muhammad (sav) rahbarligida musulmonlarning Badr qudug‘i yaqinida (Madinadan 150 km jan.-g‘arbda) Makka qo‘shinlari bilan qilgan birinchi yirik jangi (624 yshd 15 yoki 17 mart). Makkadan Falastin va Suriya yerlariga olib boradigan yirik karvon yo‘li Madina yaqinidan o‘tar edi. Bu yo‘l Makka hokimlari va savdogarlari uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Musulmonlar bu yo‘ldagi Makka karvonlarini bosib olishga, Makka zodagonlari esa karvonlarni himoya qilishga uringan. Badr qudug‘i yonida madinaliklar makkaliklarning savdo karvoniga hujum qilgan. Manbalarda ko‘rsatilishicha, jangda musulmonlar tomonidan 80 muhojir, 230 ansor, makkaliklar tomonidan Abu Jahl rahbarligida 850 kishi qatnashgan. Makkaliklar yengilgan, katta talafot ko‘rgan.

Makkaliklarning 50 dan ortig‘i halok bo‘ldi, yana shunchasi asir olindi. Ular o‘z yo‘lboshchisi Abu Jaxldan ham judo bo‘lishdi. Musulmonlardan faqat 14 kishi halok bo‘ldi. Kuchlar nisbati kam bo‘lishiga qaramay musulmonlar qozongan g‘alaba Muhammad (sav) ning siyosiy va diniy obro‘yini oshirib yubordi, Madina va butun Arabiston yarim orolida faol harakat boshlab yuborishga asos soldi. Jangda katta o‘lja, jumladan 30 ta ot, 150 tuya, ko‘p qurol, anjomlar qo‘lga kiritildi. Muhammad (sav) bu o‘ljalarni jang ishtirokchilariga taqsimlab, uning beshdan bir qismini o‘zlari olganlar. Islom anʼanasida o‘lja taqsimlashda uning beshdan bir qismi xalifalar xazinasiga tushishi, piyoda askarga bir hissa, otliq askarga ikki hissa berilishi ana shundan boshlangan. Keyinchalik bu shariatda qonunlashtirilgan[1].

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil