Yaziglar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yaziglarsarmat qabilalaridan biri. Markazi Shimoliy Azov boʻyi sohillari boʻlgan koʻchmanchilarning yirik harbiy-siyosiy ittifoqini barpo etganlar. Ya. Volga boʻyi va Uraloldi mintaqalarida yashab, mil. av. 2-asrdan Gʻarbga yangi yaylovlar izlab siljiganlar. Ya. xoʻjaligi asosini koʻchmanchi chorvadorlik tashkil qilgan. Strabonshsht yozishicha, Ya. dastlab Azov dengizi boʻylarida, soʻngra Dneprning gʻarbidagi hududda yashashgan. Ya. roksolanlar bilan birga Rim imperiyasiga qarshi kurashgan sarmat qabilalari orasida eng faollari boʻlishgan. Bu qabilalar Dunay boʻyi viloyatlariga ham hujumlar qilganlar. Mil. av. 69 yil qishida ular Myoziyaga bostirib kirib u yerdagi Rimning 2 kogortasini tormor keltirganlar. Kelasi yili yana chopqun qilishgan, lekin bu safar yengilganlar. Mil. 1-asr oʻrtalarida Ya. Dunay va Tisa daryolari oraligʻida yashashgan. Ya.ning bir qismi Rim imperiyasi chegaralariga yaqin yerda oʻtroqlashgan va mil. 2-asrda Pannoniyaga kelib joylashgan. Ya. qoldiqlari ilk oʻrta asrlarda Markaziy Yevropaning boshqa xalqlariga aralashib ketishgan.