Xonqa bekligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xonqa bekligi
Beklik
Tarkibida Xiva xonligi
Maʼmuriy markazi Xonqa
Rahbari Hojiboy Amin o'g'li
Xaritada

Xonqa bekligi yoki Xonqa viloyati – Xiva xonligidagi 18 beklikdan biri. Xonlikning markaziy qismida joylashgan. Boshqaruvdagi tayanch bekliklardandir.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVIII asr 2-choragida xonlik hududiga tashrif buyurgan rus sayyohlari asarlarida xonlik tarkibida 21 ta maʼmuriy birlik mavjudligi qayd etilgan. Ushbu maʼlummotlarda hozirgi Xonqa shahrida oʻrnida Xonqa qal’asi borligi va bu yerda 2000 ga yaqin kishi yashaganligi haqida maʼlumot berib oʻtilgan. Beklik hududidan asosiy suv tarmoqlari oʻtgan, shu tufayli qal’a muhim tayanch nuqta vazifasini oʻtagan[1].

XIX asrda beklik 15 tuman va 119 ta masjid qavmlaridan iborat boʻlgan[2]. Beklik har yili xonga 10 ming tilladan ortiq soliq toʻlagan, mingdan oshiq askar xon askarlari safiga joʻnatilgan va hashar paytida 10 mimgga yaqin aholi qazuv ishlarida qatnashgan[3].

1873-yilgi Gandimiyon tinchlik shartnomasidan soʻng beklikda ijtimoiy va siyosiy ahvol tubdan oʻzgargan. Bu davrga kelib Xonqada bir nechta yangi zavodlar ham qurilgan. 18891890-yillarda xonqalik Avazboy qozining yerida teng shartnoma shartlari bilan rus kapitalisti K. M. Chernikov tomonidan paxta zavodi qurilgan. 1890-yilda esa yana bir kapitalist Pavel Manuylov bugʻ mashinasida ishlovchi paxta zavodini qurgan. U yana 1910-yil bu yerda koʻn zavodini ham ishga tushirdi. Sanoat Xivaga yaqinlik sabab beklik hududida tezroq oʻsgan. 1910-yilda Xonqa hokimiga ixtiyorida 12 mimg tanob haydaladigan va 15 tanob haydaladigan yerlar boʻlgan. Asfandiyorxon davrida beklikka Hojiboy Amin ogʻli hokimlik qilgan. Bu davrda Xonqa bekligida 96 ta masjid qavmi joylashgan. Xonqa shahri esa Boymachit, Said ota, Ziyom, Qozi Madamin, Xoʻjiq masjid qavmlaridan tashkil topgan. 19041907-yillarda madirlik Matyoqub Pishiq boshchiligida qoʻzgʻolon koʻtarilib u Xonqa, Bogʻot, Hazoraspga yoyiladi. 1916-yilda xalq ocharchilkdan yana qoʻzgʻolon koʻtaradi[4].

Bolsheviklar hokimyatga kelgach, bir necha yildan soʻng 1919-yil beklik qizillar tomonidan egallangan[5].

Iqtisodiyoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻsha paytda ham vohadagi aksar aholi singari beklik hududida dehqonchilik asosiy daromad sohasi boʻlgan[6]. Yana savdo va hunarmandchilik ham ancha rivojlangan. Avval beklikda asosan sholi, bugʻdoy kabi ekinlar ekilgan.Rossiya imperiyasi bosqinI davrida bu yerga sanoat kirib kelgan va bir qancha zavodlar qurilgan.

Taniqli kishilari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Beklik hududida Islomxoʻja kabi davlat arboblari tugʻlib oʻsgan. Uning otasi Ibrohimxoʻja Feruz davrida Bosh vazir lavozimida ishlagan, Islomxoʻja esa Asfandiyorxon davrida shu lavozimda faoliyat olib borgan

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Хонқа тарихи, s. 34.
  2. Хонқа тарихи, s. 35.
  3. Хива хонлигида феодал ер эгалиги ва давлат тузилиши 1959, ss. 118–150.
  4. Хонқа тарихи, ss. 45–51.
  5. Хонқа тарихи, s. 55.
  6. Хонқа тарихи, s. 49.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Нуржонов; Жуманиёзова, Мамлакат. Хонқа тарихи. “Хоразм” нашриёти. ISBN 978-9943-4488-1-0. 
  • Йулдошев, М. Хива хонлигида феодал ер эгалиги ва давлат тузилиши, Тошкент, 1959.