Xoja Nihol madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Xoja Nihol madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Xoja Muhammad Nihol ibn Xoja Abdulloh
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Xoja Muhammad Nihol ibn Xoja Abdulloh
Asosiy sana:
XVIII asr
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 25 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Xoja Nihol madrasasi — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Xoja Nihol madrasasi XVIII asrda Tirgaron guzarida[1], ashtarxoniy hukmdor Ubaydullaxon davrida Xoja Muhammad Nihol ibn Xoja Abdulloh tomonidan bunyod etilgan. Madrasa Registon janubida, Iskandarxon masjidi koʻchasida va Chorsuqi va Qozixona yaqinida pishiq gʻisht va yogʻochdan qurib bitkazilgan. Madrasa sharqiy tomonida keng darsxona, ichki-tashqi maydoni, qishki va yozgi masjidi boʻlib, tepa qismi bir nechta gumbaz va ravoqlardan iborat. Madrasa gʻarbida esa Chorsuqi sangin madrasasi, shimolida koʻcha, sharqida Iskandarxon masjidi, janubida esa Bobojon ibn Abdulloh va Boqijon ibn Abdurahim hovlisi mavjud boʻlgan. Xoja Nihol madrasasi toʻrtinchi darajadagi oliy toifaga mansub boʻlgan va unda muftiy dars bergan. Abdurauf Firat maʼlumotlariga koʻra, madrasa yillik vaqf mablagʻi 50 ming tangani tashkil etgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Abdusattor Jumanazarov madrasa yillik vaqf mablagʻini undan ham koʻp deb yozgan. Madrasa vaqfi uchun koʻplab mulklar vaqf qilingan. Madrasa oldida katta kutubxona ham mavjud boʻlgan. Ushbu kutubxonada yuzlab jildli kitoblar yigʻilgan va ularning bir qanchasi roʻyxati vaqf hujjatlaridan oʻrin olgan. Xoja Muhammad Nihol ashtarxoniy hukmdorlar Subhonqulixon va Ubaydullaxon davrida saroydagi taniqli kishilardan boʻlgan. U ashtarxoniylar davrida Ubaydullaxon tomonidan saroybonlikka tayinlangan[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 25 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Xoja Nihol madrasasi 25 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122 bet.