Tulyaremiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tulyaremiya (AQSH Kaliforniya shtatidagi Tulyare degan joy nomidan olingan, dastlab shu yerdagi zararlangan yumronqrziklardan topilgan) — hayvonlar (koʻproq qoʻy, moʻynali hayvonlar) va odamda uchraydigan tabiiy oʻchokli oʻtkir infeksion kasallik; hayvonlarda kasallik koʻpincha yashirin kechadi; odamda oʻpka, limfa tugunlari (bubon — shish hosil qilib), ichak zararlanishi bilan oʻtadi. T. kasal kemiruvchilardan yuqadi. Kasallik odamdan odamga yuqmaydi. Qoʻzgʻatuvchilari organizmga shikastlangan teri, koʻz shilliq qavati, nafas yoʻllari, meʼdaichak yoʻli orqali kiradi. Kasallikning yashirin davri (qarang Inkubatsion davr) 3—7 kun (baʼzan 21 kungacha). Kasallik toʻsatdan boshlanadi, harorat 38—39° gacha koʻtariladi, et uvishib, bosh, muskullar ogriydi, bemor qayt qilishi, alaxlashi, burni qonashi mumkin. Kasallikning birinchi kunidan boshlab bemor darmonsizlanadi, boʻshashadi, loqayd boʻlib qoladi, koʻp terlaydi. Qoʻzgʻatuvchilar odam organizmiga zararlangan teri (shilingan, kesilgan va tirnalgan joydan), koʻz shilliq pardasi orqali tushganida uning oʻrnashgan joyi yaqinidagi limfa tugunlarida (qarang Limfa sistemasi) yalligʻlanish jarayoni roʻy beradi va bubon paydo boʻladi. Qoʻzgʻatuvchilar nafas yoʻllari orqali oʻtganda bronxit, oʻpka yalligʻlanishi, hazm yoʻlining shilliq qavati orqali kirganida koʻngil aynib, qorinda kuchli ogʻriq paydo boʻlishi mumkin. T.ga shubha boʻlgan joylarda kemiruvchilar va qon soʻruvchi boʻgʻimoyokdilarni yoʻqotish choralari koʻriladi, ichiladigan va xoʻjalik suvlari zararsizlantiriladi.