Togʻayli baliqlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Togʻayli baliqlar (Chondrichthyes) — umurtqalilar sinfi. Uzunligi 6 sm dan 20 m gacha. Skeleti togʻay, terisi plakoid tangachalar bilan qoplangan yoki tangachalar boʻlmaydi. Jabra yoriqlari 5—7, baʼzan 4 juft, tashqariga ochiladi: jabra qopqoqlari boʻlmaydi. Suzgich pufagi yoʻq. Ichagida spiral klapan, yuragida arterial konus bor. Anal va siydik chiqarish teshigi qorin suzgichlari asosida. Ichki urugʻlanadi. Kopulyativ organlari juft, qorin suzgichlardan hosil boʻladi. Tirik tugʻadi, tuxumdan tirik tugʻadi yoki uvildiriq tashlaydi. Tana suyuqligi tashqi muhitga nisbatan gipertonik. Chuchuk suvlarda Togʻayli baliqlarning qon bosimi pasayib ketib, tezda halok boʻladi. Chuchuk suv Togʻayli baliqlari yuqori osmotik bosimni saqlash uchun juda koʻp siydik ajratib chiqaradi.

Togʻayli baliqlar plastinka jabralilar va yaxlit boshlilar kenja sinflariga boʻlinadi. 650 ga yaqin turi bor. Dengizlarda, bir necha turi chuchuk suvlarda yashaydi. Akulalar va skatlar katta turkumlari turlari keng tarqalgan; deyarli barcha dengizlarda uchraydi.