Toshkentning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

19-asr oʻrtalarida Rossiya podsho hukumati yirik strategik mavqega ega boʻlgan Toshkentni bosib olish maqsadida harbiy yurish boshladi. Bu vaqtda Toshkent va Toshkent viloyati Qoʻqon xonligi tarkibida edi. 1864-yil 1 oktabrda Mixail Chernyayev boshchiligidagi rus qoʻshinlari Chimkent yoʻlidan kelib Oqqoʻrgʻon tepaligiga oʻrnashdilar va shaharni qamal qilib toʻplardan oʻqqa tutdilar. Toshkentliklar shaharni qattiq turib himoya qildilar. Qoʻqondan xonlik lashkarboshisi Mulla Alimqul mingboshi koʻp ming kishilik qoʻshin bilan Toshkentga yetib kelgach, Chernyayev qoʻshinlari bilan Chimkentga chekinishga majbur boʻldi.

Biroq 1865-yil 27-aprelda Chernyayev qariyb 2000 kishilik qoʻshin bilan yana Toshkent tomon yoʻlga chiqib, Chirchiq daryosi boʻyidagi Niyozbek qalʼasini egallaydi va shaharni suvsiz qoldirish maqsadida Kaykovus arigʻi (Boʻzsuv kanali) suv oladigan toʻgʻonni buzdirib tashlaydi. Lashkarboshi Alimqul ham oʻz qoʻshinlari bilan Qoʻqondan Toshkentga yetib keladi. Sulton Saidxon, Alimqul va toshkentlik akobir-ulamolar boshchiligida shaharni himoya qilishga katta tayyorgarlik koʻriladi. Chernyayev 7-mayda qoʻshinlari bilan Toshkentga yaqinlashadi. Uning qoʻshinlari Salor arigʻini kechib oʻtib, Tarxon-Sayyod (hozirgi Darxonota) arigʻining oʻng sohili (hozirgi Pushkin koʻchasi)da muqobil turgan Toshkent himoyachilariga qarata toʻpdan oʻt ochadilar.

9-may kuni shaharning shimoli-sharqidagi Shoʻrtepada Toshkent himoyachilari bilan rus bosqinchilari oʻrtasida yana qattiq jang boʻladi. Jangda Alimqul ogʻir yarador boʻlgach, himoyachilar oʻrtasida parokandalik va vahima boshlanadi. Qoʻqon xonligi askarlari Alimqul xazinasini olib oʻz yurtlariga joʻnab ketdilar. Toshkentda Qoʻqon xonligining 60 yillik hukmronligi barham topdi. Buxoro amirligi, Qoʻqon va Xiva xonligi|xonliklari Toshkent himoyachilarining yordam soʻrab qilgan murojaatlariga rad javobini berdilar. Chernyayev fursatni boy bermaslik uchun Toshkentni qamal qildi. Shahar aholisi suvsiz qoldi, oziq-ovqat zaxirasi ham tugadi. 14-iyunda Chernyayev askarlari shaharga bostirib kirishga muvaffaq boʻldi, ular doʻkon va uylarga oʻt qoʻydilar.

Shahar mudofaasida faol qatnashgan toshkentlik tarixchi Muhammad Solih „Jadidai tarixi Toshkand“ asarida yozishicha, toshkentliklar dushmanga qattiq qarshilik koʻrsatganlar. Bosqinchilar birinchi galda Oʻrda saroyini yondirdilar, keyin portlatdilar. Uch kun davom etgan jangdan soʻng 42 kun suvsiz qolgan va ochlikdan tinkasi qurigan Toshkent himoyachilari 17-iyunda ertalab taslim boʻlishga majbur boʻldilar. Chernyayev shahar ayonlaridan Toshkentning 12 darvozasi ramziy oltin kalitlarini topshirishni talab qildi. Juda koʻp odam qurbon boʻldi. Chernyayev buyrugʻi bilan uylar yondirildi, egalari otib tashlandi yoki miltiq nayzasi bilan sanchib oʻldirildi. Hech kimga shafqat qilinmadi.

Shunday qilib, podsho Rossiyasi qoʻshinlari maxsus otryadi bilan Toshkentni bosib olishga muvaffaq boʻldi. Toshkent va unga qarashli atrof yerlarda rus davlatining hukmronligi oʻrnatildi. Toshkent Rossiyaning keyinroq Turkiston xonliklarini bosib olishi uchun tayanch punktiga aylantirildi. Chernyayev, oʻz bosqinchiligini oqlash uchun Toshkent goʻyo ixtiyoriy ravishda Rossiya tobeligiga oʻtganligi haqida shahar ayonlari nomidan qalbaki hujjat tayyorladi. Bu hujjatni imzolashdan bosh tortgan Solihbek Oxun va yana ayonlardan 6 kishi Sibirning Tomsk shahriga surgun qilindi.

1865-yil sentabrda Orenburg general-gubernatori Krijanovskiy Toshkentga kelib shaharni Rossiya imperiyasi tasarrufiga oʻtganligini eʼlon qildi. 1866-yil avgustda Rossiya imperiyasining Toshkentni Rossiya tobeligiga olinganligi haqida rasmiy farmoni eʼlon qilindi. Toshkent 1867-yilda tashkil etilgan Turkiston general-gubernatorligining siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi boʻlib qoldi. Anhorning chap sohilida mustamlakachi maʼmurlar va harbiylar uchun Yangi shahar qurila boshladi. 1865-yil avgust-oktabr oylarida ruslar Toshkentning Qoʻymas darvozasi roʻparasidagi tepalikda Toshkent Tuproqqoʻrgʻoni harbiy qalʼasini barpo etishdi. Yangi shahar hududida maʼmuriy idora va mahkamalar joylashdi. Anhorning oʻng sohilidagi qadimgi Toshkent Eski shahar deb atala boshladi. Toshkentning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi butun Turkistonni bosib olinishini tezlashtirdi.

Shuningdek qarang[tahrir]

Havolalar[tahrir]