Darxon jangi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Darxon jangi (1865 yil 8 may) — chor Rossiyasi qoʻshinlari bilan Toshkent mudofaachilari oʻrtasida sodir boʻlgan jang. General M. G. Chernyayev boshchiligidagi rus qoʻshinining Toshkentni egallash uchun yoʻlga chiqqanidan xabar topgan toshkentliklar zudlik bilan mudofaaga hozirlanadi. Sulton Saidxon va Alimqul 7 mayda ertalab Toshkentga yetib kelib, mudofaaga boshchilik qiladi. Toshkentliklar qarorgohi Mingoʻrikdagi Afrosiyob tepaligida joylashgan boʻlib, u yerda shahar himoyachilari ishtirokida oʻtkazilgan mashvaratda Alimqul nutq soʻzlaydi. Toshkentning obroʻli zodagonlari kurashni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirib, shahardagi barcha otulovlarini Toʻytepada qoldirilgan Qoʻqon qoʻshinining yuk-aslahalarini tashishga safarbar qiladi. Mingoʻrik lashkargohida sarbozlardan ilgʻor (avangard) qoʻshin tuziladi, unga Dashti Qipchoqlagi chingiziylardan boʻlgan sulton Kenesari Qosimovning oʻgʻli Siddiq toʻra qoʻmondon (muqaddam uljaysh) etib tayinlanadi va ayni vaqtda u Qoʻqon qoʻshini sipohsolori etib qam tasdikdanadi. Siddiq toʻraning ukasi Arslon toʻra esa sardor (dugʻlat, argʻin va b. koʻchmanchi qabilalarning yigitlaridan tashkil topgan barcha otliq qoʻshinlar qoʻmondoni) etib belgilanadi. Soʻng, Fargʻonadan kelgan gʻoziylar jangovar mashq qilishga kirishadi. 8 may, erta tongda Toshkent darvozalari ochilib, Eshonqul dodho madrasasi mullavachchalari, ulamolari Mingoʻrikka yoʻl olishadi. Ular oʻzlarini gʻoziy deb eʼlon qilib, qarorgoxda — Sulton Saidxon huzurida qoladi. Shu payt ruslarning piyoda va otliq otryadi Shoʻrtepadan yoʻlga chiqib, Salor boʻyiga yetib kelgani haqida xabar keladi. Shunda Alimkul zudlik bilan qoʻshinni saflaydida, ular bilan Qoʻqon darvozasi yonidan oʻtib, Tarxonsayyod (hoz. Darxon) arigʻi tomon yoʻl oladi. Alimqul qoʻshinida 36 toʻp boʻlib, ularga toʻpchiboshi Hindistoniy va hindi Baji yuzboshi rahbar edi. Bundan tashqari, qoʻshin tarkibida habash gʻulomlardan iborat yengil qurollangan jangchilar, egniga ohanpoʻsh (temir sovut), zirxpoʻsh (poʻlat sovut), oynapoʻsh (koʻzni qamashtiradigan yaltiroq metall parchalar bilan qoplangan sovut), boshiga dubulgʻa yoki kulohpoʻsh (uchli moʻyna qal-poq) kiyib olgan askarlar hamda uzoqqa otar miltiqlar bilan qurollangan oʻqchi-otliqlar otryadlari boʻlib, bu otryadlarning har biri egarlarga ortilgan, yurib ketaturib otishga moʻljallangan ikki zambarakka ham ega edi. Alimqul qoʻshini tezda Tarxonsayyodga yetib kelib, Darxonariqning oʻng sohili (qoz. Niyozbek va Pushkin koʻchasi yaqini)ga joylashadi. Muhammad Solihning yozishicha, ruslar ularni koʻrgach, toʻplardan oʻqqa tutib, hujumga tashla-nadi. Alimqul ham oʻt ochib, qarshi hujumga oʻtishga buyruq beradi. Ruslar bardosh bera olmay, Salorga, soʻng uning ortiga chekinadi. Alimqul qoʻshini esa uch tarafdan hujum qilib, ruslarni avval Nazarbek qoʻrboshi qoʻrgʻonchasiga, soʻng Alichak va Oltintepa yoʻliga va u yerdan Shoʻrtepaga siqib chiqaradi. Ruslar oʻzining Shoʻrtepadagi qarorgohiga yetgachgina Alimqul qoʻshini taʼqibidan qutuladi. Keyin Alimqul zafar nogʻoralari sadosi ostida qoʻshin bilan Darxon boʻyiga qaytadi. Toshkent ahli gʻoliblarni katta shodiyona va tuhfalar bilan kutib oladi. Yana q. Toshkentning bosib olinishi (1865).

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Sokolov Yu., Tashkent, tashkentsi i Rossiya, T., 1965; Karimov Sh., Shamsutdinov R., Turkiston Rusiyo bosqini davrida, Andijon, 1995.

Mashhura Sharipova.