Toshkent real bilim yurti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Toshkent real bilim yurti

Real bilim yurtining zamonaviy koʻrinishi
Asos solingan 1894-yil 1-avgust
Oʻquv yurti turi bilim yurti
Yoʻnalish tabiiy fanlar, matematika
Sohasi umumiy oʻrta taʼlim
Manzili 1-uy Konstantinovskiy koʻchasi, Toshkent, Rossiya imperiyasi


Toshkent real bilim yurti – Toshkent shahrida faoliyat yuritgan real bilim yurti hisoblanadi.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1876-yilda Toshkentda toʻrt yillik pro-gimnaziya ochildi va 1881-yilda gimnaziyaga aylantirildi. Shaharda nafaqat anʼanaviy taʼlim (birinchi navbatda, qadimgi tillar[1] va zamonaviy xorijiy tillar) beruvchi taʼlim muassasalariga ega boʻlish, balki oʻsha davrdagi texnik va texnologik oliy taʼlim muassasalarida oʻqishga kirish va qoʻshimcha taʼlim olish uchun yetarli bilim bera oladigan tabiiy fanlarni qamrab olgan taʼlim muassasalariga boʻlgan ijtimoiy ehtiyoj paydo boʻldi. 19-asr oxiri 20-asr boshlarida Rossiya imperiyasidagi bunday taʼlim muassasalari real bilim yurtlari edi.

Toshkent real bilim yurti 1894-yil 1-avgustda ochilgan[2] va dastlab Vorontsovskiy prospektidagi Sesiliya Iogansonning uyidagi shaxsiy kvartirada joylashgan[3]. Biroq, tez orada, 1898-yilda arxitektorlar V. S. Geynselman va A. P. Maksimov tomonidan bilim yurti uchun maxsus bino qurilgan. U Konstantinovskiy koʻchasi[4] va Mahram shoh koʻchasi[5] kesishmasida joylashgan edi. Maktab binosi hozirgi kungacha saqlanib qolgan va meʼmoriy yodgorlik hisoblanadi[6]. Maktab binosini qurish uchun pul[7] davlat tomonidan ajratilgan va qisman xalq tomonidan xayriya shaklida yigʻilgan[8].

Reja boʻyicha[9] bino „H“ harfi koʻrinishida boʻlgan, old qismida fizika va kimyo darslari, shuningdek, geografiya va chizmachilik darslari uchun maxsus kabinetlar ajratilgan. Bu kabinetlar, boshqa sinf xonalari kabi, parket pollar va suv isitish tizimiga ega edi. Binoning orqa qismida kutubxona[10], xizmat xonalari va talabalar turar joylari joylashgan edi, chunki Toshkent real bilim yurtida Rossiya Turkistonining barcha viloyatlaridan kelgan rus harbiy xizmatchilari va ziyolilarining farzandlari oʻqigan[11]. Binoning bir qavatli qanotida cherkov faoliyat yuritgan. Markaziy kirish eshigi ustidagi ikkinchi qavatda keng majlislar zali joylashgan boʻlib, undan toʻgʻridan-toʻgʻri binoning markaziy asosiy kirish eshigi ustida joylashgan ochiq balkonga chiqish imkoniyati boʻlgan. Asosiy kirish eshigi va balkoni binoning old tomonida joylashgan kichik maydonga qaragan[12].

Real maktabning oʻqituvchilar tarkibi 13 kishidan iborat boʻlib, turli yillarda oʻquvchilar soni 300 dan 350 kishigacha boʻlgan 10 ta sinfda, xususan tayyorgarlik sinfida oʻqigan[2].

Maktabning xarajatlari yiliga 44 ming rubldan oshgan. Bunda gʻaznadan (Taʼlim vazirligi) 25 ming rubldan ortiq, mahalliy hokimiyat organlaridan (zemstvo) 14 ming rublga yaqin, maxsus jamgʻarmalar hisobidan taxminan 5 ming rubl mablagʻ ajratilgan.

Rossiyada Oktyabr inqilobidan soʻng xalq taʼlimiga oʻzgarishlardan soʻng[13] Toshkentdagi real maktab yopildi va bino tez orada Toshkentda tashkil etilgan universitetga, soʻngra Toshkent universitetidan ajralib chiqqan Toshkent politexnika instituti kimyo fakultetiga oʻtkazildi[2]. 2011-yil holatiga koʻra, binoda Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi joylashgan.

2017-yilda Prezident qarori bilan bino Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi tasarrufiga oʻtkazildi[14] va Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari roʻyxatiga kiritildi[6].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Qadimgi yunon tili va Lotin tili.
  2. 2,0 2,1 2,2 „Ташкентское реальное училище“. elmundotour.com. Qaraldi: 4-noyabr 2023-yil.
  3. Sovet davrida bu koʻcha bir necha marta nomini oʻzgartirgan: Stalin koʻchasi – Bratskiy koʻchasi – Akademik Sulaymonov koʻchasi.
  4. Hozirgi Taras Shevchenko koʻchasi.
  5. Sovet davrida bu koʻcha Oʻzbekiston koʻchasi deb atalgan, mustaqillik yillarida Oʻzbekiston shoh koʻchasi, Islom Karimov vafotidan keyin esa Islom Karimov shoh koʻchasi deb ataladi.
  6. 6,0 6,1 „"Moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk obyektlari milliy ro'yxatini tasdiqlash to'g'risidagi" Vazirlar Mahkamasi qarori“. lex.uz. Qaraldi: 4-noyabr 2023-yil.
  7. Oʻsha paytda binoni qurish qiymati 240 000 ming rublni tashkil qilgan.
  8. Masalan, Buxoro amiri Amir Abdulahadxon tomonidan 52 000 rubl xayriya qilingan. Zemstvo hisobidan, yaʼni mahalliy hokimiyat mablagʻlari hisobidan 50 000 rubl ajratilgan.
  9. Binoning zamonaviy koʻrinishi uning qurilganidan keyin koʻplab kengaytirilganligi sababli biroz oʻzgargan.
  10. Kutubxona fondida 9000 jilddan ortiq kitoblar toʻplami boʻlgan.
  11. 1905-yil 1-yanvardan 1908-yil 23-iyungacha maktab binosida joylashgan va 40 kishiga moʻljallangan oʻquvchilar kvartirasi mavjud edi. Oʻquvchilar kvartirasida qolish istagida boʻlgan talabalar yoʻqligi sababli yopilgan.
  12. Bino oldidagi bu maydon bugungi kungacha saqlanib qolgan.
  13. Barcha gimnaziyalar, real maktablar va tijorat maktablari yopilib, yagona politexnika maktablari tashkil etilgan.
  14. „Tashqi savdo vazirligi binosi Madaniyat vazirligiga beriladi“. Kun.uz. Kun.uz (2017-yil 3-avgust). Qaraldi: 4-noyabr 2023-yil.