Toq tuyoqlilar
Qiyofa
Toq tuyoqlilar (Perissodactyla) — sut emizuvchilar turkumi. Oldingi oyoqlarida 1,3 yoki 4 ta, orqa oyoqlarida 1 yoki 3 ta barmoq bor. Uchinchi barmogʻi boshqa barmoqlariga qaraganda yaxshi rivojlangan; uchida tuyogʻi mavjud. Gavdasi shu barmoqqa tayanadi. Jagʻ tishlari oʻsimlik mahsulotlarini chaynashga moslashgan. Kalla suyagining yuz qismi choʻziq. Oʻmrov suyagi yoʻq. Son suyagida uchinchi koʻstning borligi bilan juft tuyoqlilardan farq qiladi. Oshqozoni bir kamerali. Koʻrichagi uzun. Bitta bola tugʻadi. Toq tuyoqlilar Afrika, Osiyo, Janubiy Amerikada tarqalgan; uy hayvonlari sifatida barcha qitʼalarda bor. Janubiy Yevropada 19-asr oxirigacha yovvoyi holda yashagan. 3 oilasi: otsimonlar, karkidonlar va tapirlar mavjud.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |