Kontent qismiga oʻtish

Kimyoviy tolalar

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Sunʼiy tolalardan yoʻnaltirildi)

Kimyoviy tolalar — tabiiy va sintetik polimerlardan olinadigan tolalar. Dastlabki xom ashyoga qarab sintetik (sintetik polimerlardan olinadigan, masalan, poliamid, poliakrilonitril tolalar) va sunʼiy (tabiiy polimerlardan, masalan, sellyuloza va uning efirlaridan olinadigan tolalar) turlarga boʻlinadi. Anorganiq birikmalardan olinadigan tolalar (shisha, bazalt, kvars tolalari)ni ham baʼzan Kimyoviy tolalarga qoʻshishadi. Sanoatda ishlab chiqariladigan Kimyoviy tolalar turlari: 1) uzun yakka tola; 2) shtapel tola (ingichka tolalarning kalta boʻlaklari); 3) filament iplar (bir talay ingichka va juda uzun tolalarning eshilgan tutami). Kimyoviy tolalar qanday maqsad uchun ishlatilishiga qarab toʻqimachilik va texnika iplariga boʻlinadi. Ularning koʻpchiligi pishiq, gʻijimlanmaydi, yorugʻlik, namlik, zamburugʻlar, bakteriyalar, kimyoviy moddalar va issiq taʼsiriga chidamli. Kimyoviy tolalarni tabiiy tolalarga aralashtirib ishlatish mumkin. Kimyoviy tolalar ishlab chiqarish uchun elastik va uzun, tarmoqsiz yoki kam tarmoklangan, makromolekula hosil qiluvchi polimerlar ishlatiladi. Bu tolalar yetarlicha katta molekulyar massaga ega boʻlib, eritilganda va qizdirilganda parchalanmasdan suyuqlanadi. Kimyoviy tolalarni ishlab chiqarish jarayoni: yigiriladigan eritmalar tayyorlash; tola olish va tolaga shakl berish; tolani pardozlashdan iborat. Kimyoviy tolalar arzonligi va sifati (mexanik xossalari: mustahkamligi, elastikligi, yeyilishi, kirishimligi) tabiiy tolalarga nisbatan yaxshi boʻlgani uchun tobora koʻp ishlab chiqariladi. 1990-yilda butun dunyoda tayyorlangan tabiiy tolalarga nisbatan 1,5 barobar koʻp miqdorda (26 mln. t ga yaqin) Kimyoviy tolalarishlab chiqarilgan boʻlsa, 2000-yilda tabiiy tolalarga nisbatan 2,5 barobar koʻp miqdorda (45—50 mln.t) Kimyoviy tolalar ishlab chiqarildi. Kimyoviy tolalar turli sohalarda tabiiy ipak, zigʻir tolasi, jun oʻrnida, gazmollar, trikotaj, qoʻlqop va paypoqlar, gilamlar, arqonlar, maxsus ish kiyimlari ishlab chiqarishda tabiiy tolalar bilan birga ishlatiladi. Oʻzbekistonda "Navoiyazot" zavodida nitron tola. Fargʻona kimyoviy tolalar zavodida atsetat tola va texnik maqsadlar uchun kapron tola ishlab chiqariladi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil