Kontent qismiga oʻtish

Navoiyazot

Vikipediya, erkin ensiklopediya

"NAVOIYAZOT" AKSIYADORLIK JAMIYATI — Oʻzbekistondagi yirik kimyo sanoati korxonasi. "Oʻzkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida. Navoiy shahrida joylashgan. Korxonada ishlab chiqariladigan asosiy mahsulot turlari: mineral oʻgʻitlar, nitron tolasi, sirka kislotasi, tiomochevina, xlor va xlor mahsulotlari, kaustik soda. Bundan tashqari, 70 dan ortiq turdagi mahsulotlar, organik va noorganik kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqariladi. Mineral oʻgʻitlar, turli xil organik sintez mahsulotlari va akril tolasi (nitron) ishlab chiqarish maqsadlarida tabiiy gazni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona sifatida qurilgan. Tabiiy gaz, havo, kaustik soda, osh tuzi va boshqa asosiy ishlab chiqarish uchun xom ashyo boʻlib xizmat qiladi.

3-d 1964-yilda Navoiy kimyo kombinati nomi bilan ishga tushirildi. Shu yili kuchsiz azot kislotasi ishlab chiqarish boʻyicha korxonada 1-agregat foydalanishga topshirildi. 1965-yildan ammiak korxona toʻliq hajmda ishlashga oʻtdi.

Xom ashyodan kompleks foydalanish natijasida korxonada nitron — "sunʼiy jun" tolasi ishlab chikaruvchi zavod kurilib, 1971-yilda ilk mahsulot olindi. Shundan beri toʻqimachilik, yengil va boshqa sanoat uchun oʻta muhim hisoblangan "sunʼiy jun" ishlab chikariladi. 1965— 75 yillarda ammiak va mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishning 1—2—3navbatlari ishga tushirildi. 2001-yilda Germaniyaning "Lurgi Xemnits GmBX" firmasining ishtirokida qurilgan va eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan xlor, oʻyuvchi soda, xlor kislotasi va natriy gipo-xlorit ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Birlashmada xlorni qayta ishlab polivinilxloridga aylantirgan holda kaustik soda ishlab chiqarish boʻyicha 2-navbat sexini qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda.

"N." a.j. mahsulotlari Rossiya, Eron, Tojikiston, Ukraina, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, AQSH, Bolgariya davlatlariga eksport qilinadi. Navoiy kimyo kombinata 1975-yilda "Navoiyazot" ishlab chiqarish birlashmasiga, 2002-yilda "Navoiyazot" ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Korxonada 11 mingga yaqin muhandis-texnik xodimlar va ishchilar mehnat qiladi (2003).

Rixsivoy Yoqubov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil