Shimoliy Uzoq Sharq o'lkasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shimoliy Uzoq Sharq oʻlkasi- Yevrosiyoning eng chekka shimoli-sharqiy qismini egallaydi, uning tarkibiga

Ushbu oʻlka T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1], X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2] larning kitoblarida Osiyoning Shimoliy Osiyo tabiiy geografik rayoni tarkibidagi tabiiy geografik oʻlka sifatida ajratilgan.

Geografik oʻrni[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻlka tabiati shakllanishida uning geografik oʻrni, shimol va sharq tomonlarida sovuq Chukotka, Bering va Oxota dengizlari bilan chegaralanganligi, qishda yuqori atmosfera bosimi taʼsirida boʻlishi va relyefining xilma-xilligi katta rol oʻynagan. Oʻlka hududi shimoldan janubga 3000 km masofaga choʻzilgan, maydoni 1 mln. km2 ga yaqin.

Relyefi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻlka murakkab tektonik strukturasi va togʻli relefi bilan farq qiladi. Tekislik yuzalar kam tarqalgan boʻlib, ular materik ichkarisiga kirib borgan dengiz qoʻltiqlari sohillarida va yirik botiqlarda joylashgan. Bular Anadir va Penjina pastekisliklari, Parapol doli, Markaziy Kamchatka botigʻi va boshqalar. Paleozoyning oxiri va mezozoyning boshlarida oʻlkaning shimoliy qismi Verxoyansk-Chukotka geosinklinal dengiz havzasining sharqiy chekkasi boʻlib, unda choʻkindi jinslar toʻplana borgan. Mezozoy burmalanishida oʻlkaning shimoliy chekkalaridagi strukturalar — Chukotka togʻligi va Ekiatap tizmasi paydo boʻlgan. Burmalar hosil boʻlgan paytda intruziyalar chiqib oltin, qalayi ruda konlarini vujudga keltirgan. Oʻlkaning katta qismi kaynozoy burmali strukturasining Tinch okean mintaqasiga qaraydi. Asosiy qismining tarkib topishida Alp orogenezi hal qiluvchi rol oʻynagan. Alp burmalanishi bosqichida boʻr, paleogen va neogen yotqiziqlari burmalanib, shimoli-sharqiy yoʻnalishdagi burmali strukturalar vujudga kelgan. Shu davrda ulkani qamrab olgan vulkanik harakatlar ham nihoyatda kuchli boʻlgan. Neotektonik harakatlar antropogenda ham juda faol davom etgan. Natijada eski yoriqlarga koʻndalang ravishda koʻplab yangi tektonik yoriqlar paydo boʻlib, burmali strukturalarni alohida-alohida palaxsalarga boʻlib yuborgan. Vulkanik harakatlar kuchayib bazalt, andezit lavalari oqib chiqqan, koʻplab plato va kichik burmali massivlarni hosil qilgan. Strukturalarni vujudga keltiruvchi neotektonik harakatlar hozir ham faol davom etmoqda. Vulkanlarning otilishi, tez-tez boʻlib turadigan zilzilalar bu zonada geosinklinal taraqqiyot bosqichini davom etayotganligidan dalolat beradi. Oʻlkaning xarakterli relyef tiplari — past togʻ va oʻrtacha baland togʻ massivlaridir. Ularning ayrimlari chuqur vodiylar bilan kuchli parchalangan, ayrimlarida yassi tepalar saqlanib qolgan, relyef tiplarining oʻrtacha balandligi 500 m dan 1700 m gacha. Chukotka togʻligining eng baland joyi 1508 m, Markaziy Koryak massividagi Muz togʻining balandligi 2562 m. Markaziy Koryak massivi Koryak togʻligining orografik yadrosi boʻlib, undan oʻrtacha balandligi 1000-1500 m boʻlgan Janubiy Mayn, Pikas, Olyutor, Paxachi va boshqa togʻ tizmalari atrofga tarqalgan. Oʻlkaning eng baland togʻlari Kamchatka yarim orolida joylashgan. Kamchatka yarim oroli Koryak togʻligidan va materikdan Parapol doli choʻkmasi orqali ajralib turadi. U shimoldan janubga 1200 km masofaga choʻzilgan, maksimal kengligi 480 km, maydoni 350000 km2 . Yarim orol hozirgi zamon Sharqiy Osiyo geosinklinal zonasida joylashgan va uning

togʻ tizmalari nisbatan yaqinda burmalangan.

Kamchatka relyefining xarakteriga koʻra gʻarbdan sharqqa tomon 5 qismga boʻlinadi:

  • Gʻarbiy sohil tekisligi,
  • Oʻrtaliq tizmasi,
  • Markaziy Kamchatka togʻoraligʻi botigʻi,
  • Sharqiy tizma
  • Sharqiy vulkanik hudud.

Yarim orolning gʻarbiy qismini kengligi 80-100 km keladigan Gʻarbiy Kamchatka pastekisligi egallagan. Markaziy qismida Oʻrtaliq tizma joylashgan boʻlib, uning eng baland nuqtasi Klyuchi Sopkasida 4780 m ga yetadi. Tizmaning oʻrta qismida parchalanib ketgan lava platolari va vulkan konuslari joylashgan. Oʻrtaliq va Sharqiy tizmalar oraligʻida kengligi 50-80 km gacha choʻzilgan lavalar, flyuvioglyasial, prolyuvial va allyuvial yotqiziqlar bilan qoplangan Markaziy Kamchatka botigʻi joylashgan. Murakkab strukturali sharqiy tizma Ganal, Valagin, Tumrok va Kumroch togʻlaridan tarkib topgan. Sharqiy tizmada Kamchatkaning baland choʻqqilaridan shimolda Shiveluch (3283 m) va janubda Nomsiz (3628 m) vulkanlari joylashgan. Sharqiy vulkanik plato soʻngan va harakatdagi vulkanlarga juda boy. Kronoki vulkani dengiz sathidan 3528 m, Koryak 3456 m, Avacha 2741 m qad koʻtargan. Umuman Kamchatkada 160 ta vulqon mavjud boʻlib, shundan 28 tasi harakatdagi vulqon hisoblanadi.

Iqlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻlkaning iqlimi musson xarakterga ega boʻlsada, uning shimoliy qismida janubga nisbatan musson iqlim belgilari ancha kuchsiz namoyon boʻladi. Qishda Arktika frontining Oxota tarmogʻi siklonlari oʻtib, yogʻinni bir oz koʻpaytiradi. Oʻlkaning shimoliy hududlarida yoz salqin keladi va qisqa davom etadi. Iyulning oʻrtacha harorati Chukotka togʻligida va yarim orolida +4°,+6°S, yanvar oyiniki −24°,-32°S ni tashkil etadi. Anadir va Penjina pastekisliklarida issiq oyning oʻrtacha harorati +8°,+12°S, sovuq oyniki −24°,-28°S boʻladi. Janubda havo ancha iliq, Kamchatkada, Kuril orollarida va Oxota sohillarining janubida iyulning oʻrtacha harorati +16°S, yanvarniki −15°S gacha koʻtariladi. Atmosfera yogʻinlari oʻlkaning shimolida gʻarbdan sharqqa tomon 250 mm dan 500 mm gacha orta boradi. Koryak togʻligining gʻarbiy yonbagʻrida 300-350 mm, sharqiy yonbagʻrida 800 mm gacha yogʻin tushadi. Kamchatka yarim orolining sharqiy sohillari uchun dengiz iqlimi xarakterli, yillik yogʻin miqdori 700 mm dan 1100 mm gacha boradi. Qor qoplamining qalinligi 1,5-2 m ni, shimolda esa 50 sm ni tashkil etadi. Kamchatkada hozirgi zamon muzliklari ham mavjud. Muzliklarning umumiy maydoni 874 km2 boʻlib, uning koʻp qismi Oʻrtaliq tizmada joylashgan. Bu yerda qor chizigʻi 1500-1600 m balandlikdan oʻtadi. Eng katta muzlik Klyuchi Sopkasi hududidagi Erman muzligi boʻlib, maydoni 34,1 km2 , uzunligi 16 km. Baland choʻqqilarni va vulqon sopkalarini 5-7 qirrali yulduzsimon qiyofadagi muzliklar qoplagan.

Gidrografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻlkada gidrografik toʻr yaxshi rivojlangan, ammo yirik daryolar juda kam. Eng yiriklari Anadir, Penjina va Kamchatka daryolaridir. Anadir daryosi (1145 km) Anadir yassi togʻligidan, Mayn irmogʻi Koryak togʻligidan boshlanib, Bering dengizining Anadir qoʻltigʻiga quyiladi. Penjina (640 km) Kolima togʻlaridan boshlanib, Oxota dengizining Penjina koʻrfaziga quyiladi. Bu daryolar qor va yomgʻir suvidan toʻyinadi. Kamchatka (770 km) daryosining toʻyinishida yer osti suvlari katta rol oʻynaydi. Kamchatka yarim orolida vulkanik koʻllar va issiq buloqlar keng tarqalgan. Eng yiriklari Kronosk (212 km2 ) va Kuril (76 km2 ) vulkanik koʻllaridir. Geyzernaya daryosi vodiysida 22 ta harakatdagi yirik geyzerlar mavjud. Ulardan eng kattasi Velikan geyzeri qaynoq suvni 40-50 m gacha balandlikka otadi. Geyzer buloqlari suvining harorati −100°S ga teng.

Tabiat zonalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shimoliy Uzoq Sharq oʻlkasida sovuq va nam iqlim sharoitida tundra landshaftlari keng tarqalgan. Tundraning janubiy chegarasi Magadan yaqinidan oʻtadi. Zonaniig torfli-gleyli tundra tuproqlari mox, lishaynik, qiyoq, momiqbosh, golubika, brusnika, yernik, qutb boshoqlilari bilan qoplangan. Oʻrmon-tundra zonasi yer bagʻirlab oʻsuvchi kedr, olxa va past boʻyli oʻrmonlardan tashkil topgan. Oʻlkaning janubida, Jugjur togʻlarida togʻ-tayga landshaftlari hukmronlik qiladi. Bu zonada Ayan yeli, oq poʻstloqli pixta, toshqayinlar oʻsadi. Oʻrmonlar tagida tipik togʻ-tayga podzol tuproqlar rivojlangan. Togʻlarning 1100-1300 m dan yuqori qismida baland togʻ tundra mintaqasi boshlanadi. Oʻlkaning shimoliy qismi uchun Sharqiy Sibir fauna elementlari, janubiy qismi uchun Manjuriya fauna elementlari xos. Kamchatka faunasi esa orol xarakteriga ega boʻlib, bir oz farq qiladi. Uning tarkibida Kamchatka soboli, qoʻngʻir ayiq, suvsar, tulki, shimol bugʻusi, Kamchatka sugʻuri, qor quyi uchraydi. Sibir taygasidan olmaxonlar Parapol doli orqali kirib kelgan.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]