Saylov tizimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Saylov tizimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Saylov tizimisaylov oʻtkazish tartiblarining hamda ularni oʻrnatuvchi huquqiy normalarning majmui. Saylov tizimi davlat vakillik organlarini shakllantirish yuzasidan mavjud bo‘lgan va fuqarolarni saylovga jalb etish, saylovlarni tashkil qilish va deputatning saylovchilar bilan oʻzaro munosabatlarini belgilaydigan tartibini, fuqarolarning barcha saylov huquqlarini oʻz ichiga oladi (qarang Saylov huquqi). Jahon mamlakatlarining davlat qurilishi tajribasida saylov tizimining quyidagi turlari qoʻllaniladi:

  1. majoritar
  2. proporsional
  3. aralash

Majoritar saylov tizimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Majoritar saylov tizimi deganda (frans. majorite — ko‘pchilik so‘zidan) vakillik organlariga saylovlarda ovoz berish natijasini aniqlash tushuniladi. Unda qonun bilan belgilangan koʻp ovozni olgan nomzod (yoki nomzodlar roʻyxati) muayyan okrug boʻyicha saylangan hisoblanadi. Hozirgi zamon konstitutsiyaviy huquqida nisbatan mutlaq va malakali koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar saylov tizimlari qoʻllaniladi. Masalan, AQSh, Buyuk Britaniya, Hindiston, Meksika va boshqalarda. Mutlaq koʻpchilik ovoziga asoslangan m ajoritar tizimda berilgan va haqiqiy deb topilgan ovozlarning umumiy sonidan mutlaq (yoki oddiy) koʻp ovoz (yaʼni 50% +1 ta ovoz) olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Agar nomzodlardan birontasi ham yetarlicha ovoz olmasa, qayta ovoz berish oʻtkaziladi, bunda nomzodlar roʻyxatida nisbatan koʻp ovoz olgan 2 ta nomzod qoldiriladi. Baʼzan qayta ovoz berish urniga 2-tur ovoz berish oʻtkaziladi, buning natijalari boshqacha tizim boʻyicha aniqlanadi (masalan: Fransiyada Milliy Majlis — parlamentga saylovlarda mutlaq ko'pchilik ovoziga asoslangan majoritar tizim, 2-tur ovoz berishda esa nisbatan ko'pchilikning ovoziga asoslangan majoritar tizim qo'llaniladi). Nisbatan ko'pchilik ovoziga asoslangan majoritar tizim eng sodda tizim boʻlib, bunda nomzodlar orasidan o'z raqiblarining har biriga nisbatan ko'p ovoz olgani saylangan hisoblanadi. Bu tizimda ko'pincha saylovchilarning qo'llab quvvatlashiga ega boʻlmagan partiya parlamentda koʻp o'ringa ega bo'lishi mumkin. AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa bir qancha davlatlarda majoritar tizimning ana shunday shakli qoʻllaniladi. Shuningdek, majoritar tizimning kamdan kam hollarda qoʻllaniladigan yana bir turi malakali ko'pchilik ovoziga (umumiy ovozlarning 2/3, 3/4 ma'qullangan qismiga) asoslangan majoritar tizim ham mavjud (masalan: Chilida parlamentning quyi palatasi — Deputatlar palatasiga saylovlarda shunday tizim qoʻllaniladi). Biroq, bunda faqat juda oz nomzodlar saylovchilarning 65% ovozini olishi mumkin bo'lganligi uchun, mandatlar, odatda, vakillikning proporsional tizimi bo'yicha taqsimlanadi. Har bir saylov okrugidan saylanadigan deputatlarning soniga qarab bir mandatli yoki ko'p mandatli majoritar saylov tizimlari bo'lishi mumkin. Bir mandatli majoritar tizimda bir okrugdan bir deputat saylanadi. Koʻp mandatli majoritar tizimda bir okrugdan bir necha deputat saylanadi.

Proporsional saylov tizimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Proporsional saylov tizimi ovoz berish natijalarini aniqlashning birmuncha murakkab tartibi boʻlib, bunda mandatlar oʻz nomzodlarini vakillik organlariga qoʻygan siyosiy partiyalar va boshqa ommaviy harakatlar oʻrtasida ular tomonidan olgan ovozlarning soniga mos ravishda taqsimlanadi. Proporsional saylov tizimida katta-katta saylov okruglari tuzilib, ularda har bir partiya oʻz vakillarining roʻyxatini ilgari suradi, saylovchilar esa tegishli partiyalar yoki ommaviy harakatlar tomonidan koʻrsatilgan vakillarning ruyxati uchun ovoz beradi. Ovoz berish natijalarini aniqlash uchun saylov mezoni (yoki kvota), yaʼni bir deputatlik mandatini olish uchun zarur boʻlgan ovozlar miqdori (odatda, kamida 4—5% qilib) oʻrnatiladi. Bunda, shartga koʻra, muayyan jamoat birlashmalarining nomzodlari ana shu belgilangan ovozlarni olgandan keyingina mandatlarni taqsimlashda qatnashadi. Avvalo saylovchilar bergan ovozlar miqdori deputatlik oʻrinlarining soniga boʻlinadi. Shunda bitta mandat doirasidagi ovozlar soni maʼlum boʻladi. Keyin har bir partiya olgan ovozlar alohida-alohida hisoblab chiqiladi. Bu miqdor deputatning bir mandati uchun zarur boʻlgan ovozlar miqdoriga boʻlinadi. Shunda mazkur siyosiy partiya yoki ommaviy harakatga berilgan deputatlik oʻrinlari soni kelib chiqadi. Bunday tizimda saylovchi amalda nomzod uchun emas, balki siyosiy partiya uchun ovoz beradi. Saylovchilarning ovozi belgilangan meʼyor doirasida va mutanosib ravishda deputatlar mandatlari sonini keltirib chiqaradi. Bu oʻrinlar partiya rahbar organlari tomonidan partiyaviy roʻyxatning bosh qismidan joy olgan nomzodlarga beriladi. Proporsional saylov tizimi Isroil, Vengriya, Avstriya, Daniya, Ispaniya, Polsha va boshqa mamlakatlarda mavjud.

Aralash saylov tizimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aralash saylov tizimi oʻzida ham majoritar, ham proporsional saylov tizimlari elementlarini mujassam etadi. Masalan Germaniyada Bundestagga saylovlarida aralash tizim qoʻllaniladi. Uning deputatlarining yarmi butun mamlakat hududini qamrab olgan bir mandatli saylov okruglarida nisbatan koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar tizim boʻyicha, 2-yarmi esa koʻp mandatli saylov okruglari hisoblangan german yerlari (federatsiya subyektlari)da siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilgan nomzodlar roʻyxati asosida proporsional tizim boʻyicha saylanadi.

Aralash saylov tizimi Bolgariya, Gruziya, Litva, Italiya va boshqa mamlakatlarda ham qoʻllaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasining saylov tizimi mamlakat Konstitutsiyasi va saylov toʻgʻrisidagi tegishli qonunlar bilan tartibga solinadi. Ularga binoan, O‘zbekistonda majoritar saylov tizimi qoʻllaniladi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini olishi kerak. Agar saylovchilarning roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning yarmidan kami saylovda ishtirok etgan boʻlsa, saylov oʻtmagan deb hisoblanadi. Agar saylov okrugi bo‘yicha 2 tadan ortiq nomzod ovozga qoʻyilgan boʻlsa va ulardan birontasi ham ko‘pchilik ovozini ololmasa, yaʼni deputat bo‘ lib saylanmay qolsa, okrug saylov komissiyasi eng koʻp ovoz olgan 2 nafar nomzodni okrugda takroriy ovozga qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bu qaror Markaziy saylov komissiyasiga yuboriladi. Markaziy saylov komissiyasining qarori asosida 2 hafta ichida takroriy ovoz berish oʻtkaziladi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Haydarali Muhamedov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil