Saylov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladigan saylovlarda saylovchilar oʻz tanlovlarini berilgan varaqaga yozib, saylov qutisiga tashlashadi.

Saylov — ovoz berish orqali davlat organlari, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa tuzilmalarni tashkil etish vositasi. Fuqarolarning oʻz saylov huquqini amalga oshirishi — ularning davlatni boshqarishda ishtirok etishining eng muhim shakllaridan biri. S. oʻtkazish tartibi va qoidalari, odatda, qar bir davlatning konstitutsiyasi va boshqa konstitutsiyaviyhuquqiy hujjatlarda belgilanadi. S. turli koʻrinishda boʻladi. Unda aholi qatnashishi yoki ularning vakillarigina ishtirok etishi mumkin. S. ochiq yoki yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Qaysi organ saylanayotganligiga qarab parlamentga yoki prezidentlikka S, parlamentning umumiy yoki bir qismi uchun S oʻtkazilishiga qarab yalpi yoki qisman S. boʻlishi mumkin. Hududiga qarab umumdavlat yoki mahalliy; oʻtkazilish vaqtiga qarab navbatdagi yoki muddatdan oldingi; bir partiyali, koʻp partiyali yoki partiyasiz; muqobillik asosida va nomuqobil (agar yagona nomzod koʻrsatilsa); toʻgʻri yoki koʻp bosqichli; asosiy yoki qoʻshimcha S. oʻtkazilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga binoan, mamlakat Prezident saylovi, OʻzR Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga S. tegishlicha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi 3-oʻn kunligining 1-yakshanbasida oʻtkaziladi. S.lar umumiy, teng , toʻgʻridantoʻgʻri S huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi (yana q. Saylov tizimi, Saylov huquqi)[1].

Keng miqyosli saylovlar zamonaviy demokratiyaga xosdir; antik Yunonistonda mansabdorlar asosan qur’a tashlash yoʻli bilan aniqlanar edi (qadimgi Afinada saylovlarda faqat badavlatlar qatnashishi mumkin edi).

Saylovlarning statistik tahlili bilan shugʻullanuvchi fan psefologiya deyiladi.

Oʻzbekistonda saylovlar[tahrir]

Oʻzbekiston Respublikasida Prezident saylovi, hokimiyatning vakillik organlari saylovi umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasining 18 yoshga toʻlgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.[2]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. OʻzR Konstitutsiyasi, XXIII bob

Havolalar[tahrir]