Rossiyada fuqarolar urushi
Rossiyada fuqarolar urushi - Oktyabr toʻntarishi natijasida Rossiyada hokimiyatni qoʻlga kiritgan bolsheviklar bilan boshqa ijtimoiy guruhlar va siyosiy kuchlar oʻrtasidagi urush (1918—1922).
Bu urush Rossiyaga bostirib kirgan 14 ta davlatning intervensiyasi bilan oʻzaro qoʻshilib ketgan. Rossiya Birinchi jahon urushidan chiqqandan keyin Germaniya va Avstriya-Vengriya qoʻshinlari unga qarashli Ukraina, Belarus, Boltiqboʻyi va Janubiy Rossiyani bosib olishgan. Brest sulhi imzolangandan keyin bu hududlarning katta qismi Germaniya ixtiyoriga oʻtgan. 1918-yil martda Angliya—AQSH—Italiya—Kanada qoʻshinlari Murmanskka tushirildi; aprelda yaponlar Vladivostokni egallashdi; may oyida Avstriya-Vengriya armiyasining asir olingan 40 ming kishilik chexoslovak korpusi askarlari isyon koʻtardi. Bularning hammasi yangi hokimiyat uchun jiddiy xavf tugʻdirgan.
Fuqarolik urushining zaminlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]1918-yil yozi — kuzida Rossiyaning 3/4 qismida turli hukumatlar tuzilgan, jumladan:
- 8 iyunda Samarada eser-mensheviklarning Volgaboʻyi hukumati — taʼsis majlisi aʼzolarining komiteti (Komuch) (hukumat raisi — eser V. K. Volskiy);
- 23 iyunda Tomskda Muvaqqat Sibir hukumati (hukumat raisi — P. V. Vologorskiy);
- 23 sentyabrda Ufa Direktoriyasi (raisi — N. D. Avksentyev);
- 28 sentyabrda Arxangelsk guberniyasida shimoliy viloyat Muvaqqat hukumati (hukumat raisi general Ye. K. Miller);
- Ashxobodda Zakaspiy Muvaqqat hukumati (hukumat raisi — eser Funtikov).
Biroq hokimiyatni zoʻravonlik bilan egallagan bolsheviklar uni qurol kuchi bilan saqlab qolishga urinishgan. 1918-yil fevralda qizil armiya tashkil qilingan, bolsheviklar „harbiy kommunizm“ siyosatiga oʻtishgan. Oziq-ovqat taqsimoti (razvyorstka) natijasida oziq-ovqat toʻplovchi otryadlar (prodotryadlar) tashkil qilinib, ular aholi qoʻlidagi oziq-ovqat mahsulotlarini tortib olish bilan shugʻullangan.
Qizil terror
[tahrir | manbasini tahrirlash]1918-yil yozida qizil armiya zudlik bilan qayta qurilgan. 18 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan barcha erkaklar uchun majburiy harbiy xizmat joriy qilindi, armiyada harbiy komissar lavozimi taʼsis etildi, sinfiylik tamoyillariga amal qilindi va markazlashtirilgan boshqaruvga oʻtildi. Sovet rejimi oʻz mavqeini saqlashda harbiy tayanchi boʻlgan qizil askarlarga koʻplab imtiyozlar bergan.
1918-yil 5-sentyabrda RSFSR Xalq Komissarlari Soveti „Qizil terror haqida“ dekret chiqarib, front va uning orqasida kurashning shafqatsiz shakli — ommaviy terrorni qoʻllagan. Butunrossiya Favqulodda Komissiyasi (BFK) ga fuqarolarni hech qanday sud va tergovsiz otish huquqi berilgan. Chekistlarning shafqatsizligi sovet hokimiyatining oʻziga xos ramziga aylangan. Bolsheviklar va sovetlarga qarshi kuchlar ham ularga nisbatan xuddi shunday choralar koʻrishgan. Fuqarolar urushi oʻzining butun dahshatli qonunlarini ommaviy ravishda namoyish qilgan.
Qizil armiyaning qayta qurilishi natijasida u tez orada dunyodagi eng katta va tajovuzkor armiyalardan biriga aylangan (1918-yil bahorida 300 ming; yozida 600 ming; kuzida 1 mln.; 1920-yilda 5 mln. kishi). 1918-yil 2-yarmida u Sharqiy frontda dastlabki gʻalabalarini qoʻlga kiritgan. Volgaboʻyi va Uralni egallagan. 1918-yil 13-noyabrda sovet hukumati Brest sulhini bekor qilgandan soʻng, Ukraina, Belarus va Boltiqboʻyi Rossiyaga qoʻshib olingan. „Harbiy kommunizm“ siyosati, kazaklar va badavlat krestyanlarni yoʻqotishga moʻljallangan harbiy harakatlarga qarshi Rossiyaning turli mintaqalarida krestyanlar va kazaklarning koʻplab isyonlari va qoʻzgʻolonlari boʻlib oʻtgan. Biroq sovet hokimiyatiga qarshi qaratilgan bunday norozilik chiqishlarini qizil armiya shafqatsizlik bilan bostirgan.
1919-yil mart—may oylarida qizil armiya Rossiya sharqida admiral A. V. Kolchak, janubda general A. I. Denikin, gʻarbida general N. N. Yudenichning juda katta hujumlarini qaytarishga muvaffaq boʻldi. Sharqiy front qoʻshinlarining may—iyul oylaridagi umumiy hujumi natijasida qizil armiya Ural, keyinchalik Sibirni egalladi. 1919-yil aprel—avgust oylarida xorijiy davlatlar Januniy Ukraina, Qrim, Bokudan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketishga majbur boʻlishgan. 1920-yil mart oyida Qizil armiyaning Janubiy front qoʻshinlari Oryol va Voronej atroflarida Denikin armiyasini magʻlubiyatga uchratib, ularni Qrimga surib chiqargan. 1919-yil kuzida Petrograd atrofida Yudenich armiyasi tormor qilingan. 1920-yil boshlarida Rossiyaning Shimoliy Guberniyalari va Kaspiy dengizi sohillari egallandi. Antanta davlatlari barcha qoʻshinlarini butunlay chaqirib olgan.
Rossiya—Polsha urushidan soʻng, qizil armiya general Vrangel qoʻshinlariga kuchli zarba bergan va ularni Qrimdan surib chiqargan. Vrangel boshchiligida 145 693 kishi 126 kemada Sevastopoldan xorijga joʻnab ketishga majbur boʻlgan. Ukraina, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston respublikalaridagi mustaqil milliy hukumatlar ham qizil askarlar tomonidan tormor keltirilgan. Bu hududlarda sovet rejimi oʻrnatilib, ular sovet Rossiyasi tarkibiga kiritilgan. 1921—22-yillarda Kronshtadt, Tambov guberniyasi, Ukrainaning koʻplab tumanlari va boshqa joylarda bolsheviklarga qarshi koʻtarilgan isyonlar va qoʻzgʻolonlar ham qizil armiya tomonidan shafqatsiz ravishda bostirilgan. Uzoq Sharqdagi oq gvardiyachilar hukumati ham tugatilgach, Rossiyada fuqarolar urushi tugagan.
Fuqarolar urushi va Turkiston
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rossiyadan farqli oʻlaroq, bu davrda Turkiston mintaqasida fuqarolar urushi boʻlmagan, xorijiy davlatlar bu hududga oʻz qoʻshinlarini ham kiritmaganlar (faqat Zakaspiy viloyati bundan mustasno). Turkistonda sovet rejimi oʻrnatilgach, bosqinchi qizil armiya va bolsheviklarga qarshi istiqlolchilik harakati boshlangan.
Keyinchalik baʼzi oq gvardiyachi ofitserlar Rossiyadan Fargʻona vodiysiga kelib, qoʻrboshilar guruhlarida harbiy instruktor sifatida faoliyat koʻrsatishgan. Katta Ergash, Madaminbek, Junaidxon bilan Kolchak, Dutov, Annenkov oʻrtasida ayrim aloqalar boʻlgan. Biroq Kolchak va boshqalarning Turkistondagi bu harakatdan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanishini sezgan qoʻrboshilar ular bilan aloqalarni toʻxtatishgan.
Oqibatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rossiyada fuqarolar urushi katta yoʻqotishlar keltirgan. Ocharchilik, turli kasalliklar, terror va harbiy harakatlarda 8—13 mln. kishi (ulardan faqat 1 mln. qizil askarlar) halok boʻlgan. Bu davrda 2 mln. kishi Rossiyani tark etgan. Xalq xoʻjaligiga keltirilgan moddiy zarar taxminan 50 mlrd. oltin rublni tashkil qiladi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1913-yilga qaraganda deyarli 20%, koʻmir qazib chiqarish 33%, neft olish 50%, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish esa 40% qisqargan[1].
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Grajdanskaya voyna v Rossii: perekrestok mneniy, M., 1994;
- Istoriya Rossii XX vek, M., 2000;
- Istoriya Sovetskoy Rossii, Sankt-Peterburg, 2001.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
- Rossiyada fuqarolar urushi
- Yevropa davlatlari va xalqlari ishtirokidagi fuqarolar urushlari
- Sanoat davridagi fuqarolar urushlari
- Inqilobga asoslangan fuqarolar urushlari
- Rus inqilobi
- Checheniston ishtirokidagi urushlar
- Rossiya ishtirokidagi urushlar
- Sovet Rossiyasi ishtirokidagi urushlar (1917—922)
- Sovet Ittifoqi ishtirokidagi urushlar
- Kommunizmga asoslangan fuqarolar urushlari
- Ukraina ishtirokidagi urushlar
- Usmonli imperiyasi ishtirokidagi urushlar