Ravzat ar-rizvon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ravzat ar-rizvon
Muallif(lar) Badriddin Kashmiriy
Til fors

Ravzat ar-rizvon – tarixiy asar. Muallifi tarixchi va adib Badriddin Kashmiriydir. Asar Buxoro xonligida hukmronlik qilgan Shayboniylar sulolasi davri va Joʻyboriy xoʻjalari haqida maʼlumot beruvchi manbalardan biri. Mazkur asar 1590-yilda yozib tugatilgan[1].

Tarixchi olim Halim Toʻrayev Badriddin Kashmiriyni XVI asrning ikkinchi yarmida Joʻyboriy xoʻjalari tarixshunosligi asoschisi sifatida taʼriflagan. Uning fikriga koʻra asar Joʻyboriy xoʻjalari ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy va xoʻjalik faoliyatini aks ettiruvchi „shoh asar“dir[2]. Badriddin Kashmiriy ushbu asari baʼzi masalalarda „Abdullanoma“ asari bilan raqobatlasha oladi[3]. Asarning yagona qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida mavjud[1]. Ravzat ar-rizvon asaridan M. A. Abduraimov, Boʻriboy Ahmedov, I.Saidahmedov, L.Rahmonova, B.Bobojonov kabi olimlar tadqiqotlarida keng foydalanishgan[4]. Asar muallifi Badriddin Kashmiriy asli kashmirlik boʻlib, 1553-yil Buxoroga keladi va shu yerda Joʻyboriy Xoʻja Islomga shogirt tushadi. U Joʻyboriylar xonadoni shaxsiy kotibiga aylanadi va Xoʻja Islom tomonidan 500 tanga va Xoja Saʼd tomonidan yana 500 tanga bilan taqdirlangan[5]. Asar yettida bobdan iborat va Joʻyboriy xoʻjalari vakillari Xoʻja Islom va Xoʻja Saʼd faoliyati haqida maʼlumotlar keltirilgan. Asarda Joʻyboriylar oʻrtasidagi yozishmalar, tarixiy voqealar va sheʼriy parchalar mavjud[5]. Asar muallif tomonidan oʻzi koʻrgan voqealar asosida yozilgan. Birinchi bobda Joʻyboriy xoʻjalardan Xoʻja Islom faoliyati va avlodlari haqida maʼlumotlar mavjud. Ravzat ar-rizvon asarida shayboniy Iskandarxon va Xoʻja Islom oʻrtasidagi munosabatlar ham keltirilgan[5].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 Тўраев 2023, s. 81.
  2. Тўраев 2007, s. 26.
  3. Тўраев 2007, s. 27.
  4. Тўраев 2023, s. 82.
  5. 5,0 5,1 5,2 Тўраев 2023, s. 83.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Тўраев Ҳ. Бухоро тарихи ёзма манбалари. Бухоро: Durdona, 2023 — 204 bet. 
  • Тўраев Ҳ. Бухоро хонлигининг XVI–XVII асрлар ижтимоий сиёсий ва маънавий-маданий ҳаётида Жўйбор хожаларининг тутган ўрни тарих фанлари доктори илмий даражасини олиш учун ёзилган диссертация, Тошкент, 2007 — 309 bet.