G'arbiy yevropa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gʻarbiy Yevropa tabiiy geografik rayoni-Britaniya orollarini, Oʻrta Yevropa tekisligini, Markaziy Yevropa tekisligini, Alp tog'larini, Karpat togʻlarini va Dunay tekisligini oʻz ichiga oladi.

Britaniya orollari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻarbiy Yevropa qirgʻoqlari yaqinidagi yirik arxipelag.

Uning tarkibiga ikki yirik orol —

  • Buyuk Britaniya,
  • Irlandiya,
  • mayda orollar Anglsi, Uayt, Ichki va Tashqi Gebrid, Orkney va Shotland orollari kiradi.

Arxipelagning umumiy maydoni 325000 km2 ,bundan 244000 km2 Buyuk Britaniya orollariga, 84000 km2 esa Irlandiya oroligatoʻgʻri keladi. Oʻlka materik yaqinida, materik sayozligida joylashgan boʻlib, sharqda materik sayozligida Shimoliy dengiz joylashgan. Shimoliy va gʻarbiy sohillarni bevosita Atlantika okeani oʻrab turadi, Irlandiya va Buyuk Britaniyani Irlandiya dengizi bir-biridan ajratib turadi. Britaniya orollari qirgʻoq boʻyi suvlarining chuqurligi 200 m, ularning sayoz qismi tik tushgan jarlik bilan chegaralanadi. Oʻlkaning orollarda joylashganligi va Atlantikaning kuchli taʼsiri, qirgʻoqlarning keskin parchalanganligi, relyefining juda oʻyilib ketganligi hamda antropogen landshaftlarning keng tarqalganligi Britaniya orollari tabiatining asosiy xususiyatlarini belgilab beradi. Britaniya orollarining paleozoyda burmalangan togʻlari kuchli ravishda tik oʻyilgan, bu jarayon neogenning oxiri va antropogenning boshida kuchli roʻy bergan. Bular kuchli parchalanib ketgan relyefni vujudga keltirgan, unda burmalangan fundamentning chiqqan va choʻkkan joylari oʻzaro almashinib keladi, choʻkkan joylar turli yoshdagi va har xil yoʻl bilan paydo boʻlgan yotqiziqlar bilan qoplangan. Toʻrtlamchi davrda Buyuk Britaniya orolining janubiy qismidan boshqa butun qismi materik muzlari bilan qoplangan va bu muzlar qalin morena yotqiziqlarini qoldirgan. Soʻnggi muzlanish togʻlarda uchrab, uning markazlari Shotlandiya, Irlandiya va Uelsda boʻlgan. Britaniya orollari relyefida uncha baland boʻlmagan va tekislanib qolgan togʻ massivlari ustun turadi, bu togʻ massivlari sertepa suv osti soyliklari hamda platolari bilan almashinadi. Eng baland yeri 1300 m dan oshadi. Orollarning qirgʻoq chizigʻi tektonik yoriqlar, koʻtarilish va choʻkishlar natijasida juda parchalangan. Yirik qoʻltiqlar Buyuk Britaniya bilan Irlandiyaning yer yuzasi tekislikdan iborat sohillariga kirib boradi, yarimorollarda togʻ massivlari qad koʻtargan. Buyuk Britaniyaning shimolida Shimoliy Shotlandiya togʻligi joylashgan boʻlib, Glenmor chuqur tektonik yorigʻi togʻlikni ikki qismga: Shimoliy togʻlik va Grampian togʻliklariga ajratadi, Grampian togʻlarida orollarning eng baland choʻqqisi Ben-Nevis (1343 m) massivi joylashgan. Togʻlikning chekka shimoliy qismi yer poʻstining yaqin geologik vaqtda roʻy bergan yorilishlari va parchalanishlari natijasida Buyuk Britaniya orolidan ajralib chiqqan hamda Ichki va Tashqi Gebrid orollarnni hosil qilgan. Shotlandiyaning janubiy qismida Janubiy Shotlandiya qirlari joylashgan, ular tepasi toʻlqinsimon va balandligi 500-600 m li platodan iborat. Janubiy Shotlandiya qirlarining gʻarbiy qismi sharqiy qismiga nisbatan baland va koʻp parchalangan; unda kar koʻllari, xarsang toshlar hamda morenalar uchraydi. Grampian togʻlari bilan Janubiy Shotlandiya qirlari orasidagi graben (choʻkma)da Oʻrta Shotlandiya tekisligi joylashgan. Shimoliy Angliyada Janubiy Shotlandiya qirlaridan janubda sohil boʻylab ketgan qirlar va sertepa tekisliklar ajralib turadi. Bristol qoʻltigʻi grabeni Uels yarimorolini Kornuel yarimorolidan ajratib turadi; Kornuell yarimoroli Buyuk Britaniyaning janubi-gʻarbiy chekka qismidir. Bu yarimorol yosh choʻkindi jinslar qatlamlari orasidan qad koʻtargan peneplenlashgan qirlar bilan band. Dartmur-Forest va Eksmur-Forest kristalli massivlari Kornuel yarimorolidagi eng baland (500-600 m) joylar hisoblanadi. Orolning janubida depressiya (soylik)lar kuesta platosi relyefida yaqqol ajralib turuvchi Chiltern-Xils qirlaridan iborat, balandligi 250 m ga yetadi. Bu qirlar janubga Temza havzasi botigʻiga yoki London havzasiga tomon qiya tushib keladi. Irlandiya orolining butun ichki qismini Markaziy Irlandiya pastekisligi band etgan. Uning yuzasi karbon davrining ohaktoshlaridan tarkib topgan. Markaziy Irlandiya tekisligi hamma tomondan kuchli parchalangan va balandligi 1000 m dan oshmaydigan togʻ massivlari bilan oʻralgan. Shimolda Donegol massivi, shimoli-sharqiy sohil yaqinida Antrim togʻlari joylashgan. Irlandiya sohilining shimoli-gʻarbida Konnaut togʻlari, janubi-sharqda sohil boʻylab Unklou togʻlari choʻzilgan, janubi-gʻarbda Irlandiyaning eng baland qismi Kerri togʻlari va undagi Karrantuil choʻqqisining balandligi 1041 m ni tashkil qiladi. Britaniya orollari iqlimi koʻp jihatdan gʻarbiy havo massalari bilan bogʻliq boʻlib, kuchli va nam gʻarbiy shamollar yil boʻyi orollarga koʻp miqdorda yogʻin keltiradi. Orollarning gʻarbiy chekkalari va togʻlarning gʻarbiy yonbagʻirlariga yogʻin ayniqsa koʻp tushadi; bu yerda yillik yogʻin miqdori 1500 mm dan ayrim joylarda esa hatto 2000 mm dan ham ortadi. Janubi-Gʻarbiy Irlandiya va Kornuell yarim oroliga butun qish boʻyi qor yogʻmaydi, boshqa joylarda esa qishda atigi 10-20 kun qor yogʻadi. Sharqiy va janubi-sharqiy qismlarga yiliga 700-800 mm yogʻin tushadi. Bu yerlarda havoda bulut kamroq, shamollar ham uncha tez esmaydi. Britaniya orollari, ayniqsa ularning gʻarbiy va janubi-gʻarbiy hududlari haroratning yillik tebranishi kichikligi bilan xarakterlanadi. Yillik amplituda Irlandiyaning janubi-gʻarbida taxminan +7 +8°S ni, Irlandiyaning sharqida +100 ,+110S, Angliyaning janubi-sharqida +14°S ni tashkil etadi va qishda deyarli sovuq boʻlmasligi hamda yozning salqin kelishi bilan xarakterlanadi, yozda +30°S gacha koʻtariladi. Shotlandiyaning shimolida yozda harorat +20°S gacha koʻtariladi. Quyoshli kunlar janubi-sharqda 40% ga, gʻarbda u 17-29% ni tashkil etadi. Britaniya orollari tabiatining oʻziga xos tomonlaridan biri-uning juda sertuman ekanligidir. Tuman asosan qishda tez-tez tushib turadi, tumanlar tushishining sababi nisbatan sovuq suvning Shimoliy Atlantika oqimining bir oz iliq suvlari bilan qoʻshilishi va buning natijasida havo haroratidagi tafovutning vujudga kelishidir. Relyef va iqlim xususiyatlariga qarab orollarning daryo tarmoqlari juda zich. Oʻlkaning yirik daryolari Severn (355 km), Temza (332 km), Shannon (36 km) uzunligi jihatidan materikdagi koʻpgina daryolardan orqada turadi, biroq ular yil boʻyi sersuv boʻladi va muzlamaydi, kema qatnovi uchun qulay. Daryolar chuqur va keng estuariylar bilan tugaydi, suv qalqib koʻtarilganda estuariylarga yirik okean kemalari bemalol kirib kela oladi. Britaniya orollarida yirik koʻllar yoʻq, kichik koʻllar esa juda koʻp va goʻzaldir. Eng katta Lox-Ney koʻli Irlandiyada joylashgan boʻlib, uning maydoni 400 km2 ga yaqin. Shotlandiyaning togʻli hududlarida, Kamberlend massivida va Uelsda muzlik koʻllari juda koʻp. Irlandiya koʻllarining koʻpi karst koʻllaridir. Buyuk Britaniyaning shimolida podzol tuproqlarda qaragʻay va qayin oʻrmonlari, janubda oʻrmon qoʻngʻir tuproqlarida dub, ayrim joylarda esa buk-grab oʻrmonlari eng koʻp tarqalgan. Hozirgi vaqtda oʻrmonlar barcha orollar maydonining atigi 4- 5% ini egallaydi. Katta maydonlarni oʻtzorlar, doimiy yashil butazorlar va botqoqliklar egallaydi. Oʻrmon oʻsimliklarining yuqori chegarasi 200-300 m dan oʻtadi va 600 m dan yuqoriga chiqmaydi. Britaniya orollarining hayvonot dunyosi kambagʻal, hozirgi paytda yirik hayvonlar tabiiy holatda uchramaydi. Faqat ayrim joylarda Shotlandiya bugʻusi va bugʻuning yana bir turi (lan) alohida qoʻriqlanadi.

Oʻrta Yevropa tekisligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta Yevropa tekisligi gʻarbda Reyn daryosining quyi oqimidan boshlanib, sharqda Sharqiy Yevropa tekisligigacha kenglik boʻylab choʻzilgan. Shimolda Boltiq va Shimoliy dengizlar bilan, janubda Markaziy Yevropa togʻlari bilan chegaralangan.

Oʻrta Yevropa tekisligi boshqa oʻlkalardan relyefining tekisligi va tabiiygeografik sharoitining bir xilligi bilan farq qiladi.

Bu yerda mavjud boʻlgan ayrim geomorfologik va tabiiy geografik ichki farqlar uning hududini uch qismga boʻlishga imkon beradi.

  • Shimoliy German pastekisligi,
  • Buyuk Polsha pastekisligi,
  • Yutlandiya yarim oroli.

Oʻrta Yevropa tekisligi Boltiq qalqoni bilan paleozoyda burmalangan togʻlar oraligʻidagi bukilmada hosil boʻlgan. Bu joylar perm davrida dengiz tagida boʻlgan va bir necha marta kontinental rejim bilan almashib turgan. Boʻr va paleogen davrlarida ham suv ostida qolib dengiz yotqiziqlri toʻplangan. Neogenning oxirida kontinental rejimga oʻtgan. Toʻrtlamchi davrda relyefining shakllanishiga materik muzliklari taʼsir koʻrsatgan. Eng soʻnggi muzlik tekislikning shimoli-sharqiy qismini qoplagan. Hozirgi relyef shakllarida bu muzlikning izlari yaxshi saqlangan. Materik muzligidan keyin yangi tektonik harakatlar natijasida yer yuzasining qaytadan pasayishi va transgressiyalar sodir boʻlgan, natijada Shimoliy hamda Boltiq dengizlari vujudga kelgan. Shimoliy dengiz sohillarida parallel ravishda Gʻarbiy va Sharqiy Friz orollar tizmasi, Yutlandiya yarim orolining gʻarbiy sohiliga yaqin hududlarda Shimoliy Friz orollar tizmasi choʻzilgan. Materik qirgʻoqlari bilan orollar tizmasi oraligʻida suvning koʻtarilishi paytida suv bosadigan oʻziga xos sersuv landshaft polosasi (vattlar) shaklangan. Friz orollari dyunalar gryadasidan tashkil topgan boʻlib, ular yaqindagina quruqlikning choʻkishi natijasida materikdan ajralgan. Dollart va Zeyder-Ze koʻrfazlarining hosil boʻlishi ham yangi tektonik harakatlar bilan bogʻliq. Tekislikning gʻarbiy qismi bir xil koʻrinishdagi yassi pastekislik boʻlib, uning balandliga 100 m ga ham yetmaydi. Qirgʻoq boʻylarining aksariyat maydoni dengiz sathidan ham pastda yotadi. Reyn daryosi oʻz deltasida bir necha tarmoqlarga boʻlinib juda koʻp orollar hosil qilgan. Bu orollarning yuzasi ham dengiz sathidan pastda joylashgan. Tekislikning dengiz sohillarida polderlar va marshlar barpo etilgan. Ular maksimal darajada madaniylashtirilib rang-barang agrolandshaftlarga aylantirilgan. Polderlar va marshlar polosasidan janubda, Shimoliy German pastekisligining shimoli-gʻarbida zandra qumoq yotqiziqlardan tarkib topgan nisbatan balandroq yerlar (gorstlar) joylashgan. Gorstlar kam hosildor, baʼzan botqoqlangan yerlar boʻlib, undan janubda, togʻ etaklari yonida lyossli jinslar ustida vujudga kelgan hosildor yerlar keng tarqalgan. Vezer va uning irmogʻi Aller daryolaridan sharq tomonda Shimoliy German pastekisligi kengayib, relyef shakllari oʻzgarib boradi. Tekislikning muz bosgan shimoli-sharqiy qismi gʻarbiga nisbatan tepalik relyef shakllari va bir oz balandligi bilan farq qiladi. Bu yerda oxirgi morenalar toʻplangan joylarda tepalik gryadalar va ular oraligʻidagi pastqamliklarda koʻplab sayoz koʻllar hosil boʻlgan. Morena gryadalari oraliqlarida vujudga kelgan koʻllar genetik jihatdan morena koʻllari tipiga kiradi. Tekislikning koʻllar keng tarqalgan bunday joylari koʻllarboʻyi mintaqasi deb ataladi. Shimoliy German pastekisligidagi Meklenburg koʻllarboʻyi mintaqasi, Buyuk Polsha pastekisligidagi Pomore va Mazur koʻllarboʻyi mintaqalari shular jumlasidandir. Koʻllarboʻyi mintaqalaridagi eng baland nuqta Gdansk shahri yaqinida 337 m ni tashkil etadi. Oxirgi morena gryadalari Yutlandiya yarim orolida meridional yoʻnalishda joylashgan. Shimoliy German va Buyuk Polsha tekisliklarida oxirgi morenalar kenglik boʻylab choʻzilib, koʻllarboʻyi mintaqalari bilan birgalikda Boltiq koʻllar gryadasini hosil qiladi. Shimoldagi Yutlandiya yarim orolining yer yuzasi yassi tekislikdan iborat. Eng baland nuqtasi Iding-Skov tepaligida 173 m ga yetadi. Yutlandiya janubda Kil kanali oʻtkazilgan hududda maydoni 40000 km2 ni tashkil qiladigan Shimoliy German pastekisligi bilan tutashgan. Yarim orolning iqlimi moʻtadil dengiz iqlim xarakteriga ega. Yillik yogʻin miqdori gʻarbida 800 mm dan sharqida 600 mm gacha oʻzgaradi. Maydonining 90% i yem-xashak oʻtlar, qand lavlagi va don ekinlari bilan, 9% i oʻrmonlar bilan band. Oʻrmonlar asosan gʻarbda qaragʻaylardan, sharqda buk va emanlardan tarkib topgan. Oʻrta Yevropa tekisligining iqlimi moʻtadil xarakterga ega boʻlib, gʻarbdan sharqqa tomon oʻzgarib boradi. Iqlimning uzoqlik boʻylab oʻzgarishiga sabab dengiz havo massasini materik ichkarisiga kirib borgan sari transformatsiyalanish jarayonining kuchayishi bilan bogʻliq. Shimoliy German pastekisligining gʻarbiy qismida yillik yogʻin miqdori 700-800 mm dan Buyuk Polsha pastekisligining sharqiy qismida, Varshava atrofida 500 mm gacha kamayadi. Gʻarbda qishi ancha yumshoq boʻladi, sovuqli kunlar deyarli boʻlmaydi. Yanvarning oʻrtacha harorati +1°,-1°S ga, minimal harorat Amsterdamda −27°S kuzatilgan. Yozi salqin, bulutli kunlar koʻp boʻladi. Iyulning oʻrtacha harorati +17°,+18°S. Sharqqa borgan sari yogʻin miqdorining kamayishi bilan birga qishi sovuqroq va yozi nisbatan issiqroq boʻla boradi. Buyuk Polsha pastekisligining sharqiy qismida yanvarning oʻrtacha harorati −4°S ni, iyulniki +18°,+19°S ni tashkil etadi. Qishda sovuqli kunlar soni koʻpayadi, daryo suvlari muzlaydi, qor qoplami hosil boʻladi. Oʻrta Yevropa tekisligida gidrografik toʻr yaxshi rivojlangan. Barcha daryolar uning hududini janubdan shimolga tomon kesib oʻtib Shimoliy va Boltiq dengizlariga quyiladi. Shimoliy dengizga quyiladigan daryolar estuariylar hosil qiladi, Boltiq dengizi havzasiga qaraydigan daryolar lagunalarga quyiladi. Tekislikning eng yirik daryolari Ems (371 km), Vezer (724 km), Elba (1165 km), Oder (907 km), Visla (1092 km) hisoblanadi. Visla daryosi havzasining maydoni 198500 km2 . Oʻrtacha yillik suv sarfi quyi oqimida 1100-1200 m3 /sek. ni tashkil etadi. U Gʻarbiy Karpat togʻlaridan boshlanib, Boltiq dengizining Gdansk qoʻltigʻiga quyiladi. Elba daryosi oʻlka hududida emas, balki Gʻarbiy Yevropada ham eng uzun daryolardan biri hisoblanadi. Havzasining maydoni 148 000 km2 ,oʻrtacha yillik suv sarfi 694 m3 /sek. Bu daryolar asosan yomgʻir suvlaridan va qisman togʻlardagi qorlarning erishidan toʻyinadi. Barcha daryolar bir-biri bilan kanallar orqali tutashtirilib yagona gidrografik toʻr tizimini hosil qilgan. Oʻrta German, Kil, Vidgosh va boshqa kanallar bunga misol boʻla oladi. Daryolar va kanallar juda katta transport ahamiyatiga ega. Tekislikning tabiiy zonal landshaftlari chimli-podzol tuproqli aralash oʻrmonlardan va qoʻngʻir tuproqli keng bargli oʻrmonlardan tarkib topgan. Biroq hozirgi vaqtda bunday oʻrmonlar juda kam qolgan. Ularning oʻrnini madaniy oʻtloqzorlar, qishloq xoʻjalik ekinlari, sunʼiy daraxtzorlar egallagan. Keng bargli oʻrmonlarga xos boʻlgan buk, eman, qayragʻoch daraxtlari kamdan-kam uchraydi. Ikkilamchi antropogen oʻrmonlarda igna bargli daraxtlar koʻpchilikni tashkil etadi. Gollandiya, Yutlandiya va Shimoliy German pastekisligining gʻarbiy qismida antropogen oʻtloqzorlar koʻp, sharqqa borgan sari madaniy oʻtloqzorlar maydoni kamayib, oʻrmon landshaftlarining maydoni orta boradi. Koʻllarboʻyi mintaqalarida oʻrmon massivlari yaxshi saqlangan. Ayniqsa, Buyuk Polsha pastekisligida hozir ham inson xoʻjalik faoliyati taʼsirida kam oʻzgargan oʻrmonlar kengroq maydonlarni egallab olgan. Boltiq dengizi sohilidagi va tekislik ichkarisidagi zandra qumoq dalalarida qaragʻay oʻrmonlari uchraydi. Qolgan joylarda aralash oʻrmonlar yetakchi rol oʻynaydi. Bu oʻrmonlarda Yevropa yeli, karagʻaylar bilan birga buk, zarang, joʻka kabi keng bargli daraxtlar ham uchraydi. Aralash oʻrmonlarning oʻzgarmagan qadimgi holatdagi etaloni Yevropaning eng yirik qoʻriqxonalaridan biri Belovej pushasida yaxshi saqlangan. Oʻlka hududida oʻrmonlarning kesilib ketishi va yerlarning maksimal darajada haydalishi yovvoyi hayvonlar sonining keskin kamayishiga va ayrim turlarini yoʻqolib ketishiga sabab boʻlgan. Dashtlarga oʻxshash ochiq yerlarda esa kemiruvchi mayda choʻl hayvonlarining soni koʻpayadi. Hozirgi paytda yovvoyi hayvonlarning koʻplab turlari va ularning vakilliri qoʻriqxonalarda va milliy bogʻlarda muhofaza qilinmoqda. Jumladan, Belovej pushasida zubrlar, asl zotli bugʻular, loslar, kosulyalar, yovvoyi choʻchqalar, olmaxonlar, boʻrsiqlar muhofaza qilinib, ularning soni tiklanmoqda.

Markaziy Yevropa[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻlka gʻarbda Atlantika okeani sohillaridan boshlanib, sharqda Oder va Visla

daryolarining suv ayirgʻichigacha davom etadi.

Bu oʻlka tarkibiga

  • Fransiyaning Parij Havzasi,
  • Garonna pastekisligi,
  • Armorikon va Markaziy

massivlari,

  • Belgiya va Germaniyaning janubiy qismlari,
  • Chexiya massivi
  • Oʻrta Polsha kiradi.

Markaziy Yevropa Oʻrta Yevropa tekisligidan farq qilib, uning hududi tekisliklardan, botiqlardan, togʻ massivlaridan, platformalardan va qirlardan tarkib topgan. Shuning uchun u Markaziy Yevropa togʻ-tekislik oʻlkasi yoki Gertsin Yevropasi deb ham ataladi. Markaziy Yevropaning gʻarbiy qismida Fransiya hududida bir-biridan botiq orqali ajralib turgan, kuchli peneplenlashgan qadimgi massiv -Armorikon va Markaziy massivlar joylashgan. Armorikon massivi Fransiyaning shimoli-gʻarbiy qismida gertsin burmalanishi natijasida vujudga kelgan. Bu massivda Markaziy massivga nisbatan neogen davrida koʻtarilma tektonik harakatlar kuchli boʻlmagan. Lekin choʻkish jarayonining bir necha marta takrorlanishi uning yuzasini botiqlar bilan ajralib turgan alohida-alohida balandliklarga boʻlib yuborgan. Bretan yarim orolidagi Arre togʻi, Normandiya va Gatin qirlari qadimgi yaxlit massivning qismlari hisoblanadi. Bular toʻlqinsimon yuzali koʻtarilmalar boʻlib, kristall jinslardan tarkib topgan. Ularning dengiz sathidan balandligi 400 m ga yetadi. Markaziy massiv Markaziy Yevropaning gertsin burmalanishida vujudga kelgan eng yirik va gumbazsimon baland koʻtarilma hisoblandi. Uning asosini burmalangan qadimiy kristall va vulkanik jinslar tashkil etadi. Neogenda massivning oʻrta qismida tektonik harakatlar kuchli boʻlib, uning hududini parchalagan, turli xil yoʻnalishda chuqur yoriqlar hosil qilgan. Bu yoriqlardan vulqonlar otilib chiqqan. Vulqonlar antropogenning boshlariga qadar harakatda boʻlib, bir qator vulkanik massivlarni vujudga keltirgan. Shulardan eng kattasi Mon-Dor vulkanik massivining baland nuqtasi Pyui-de-Sansi choʻqqisi 1886 m ga yetadi va oʻlkaning ham eng baland nuqtasi hisoblanadi. Bundan tashqari Kantal (1858 m), Mezenk (1754 m) va boshqa massivlar ham bor. Markaziy massivning janubiy qismidagi kristall jinslar yura davrining ohaktoshlari bilan qoplangan va Gran-Kos platosi deb ataladi. Bu platoda karst relef shakllari yaxshi rivojlangan. Massivning 1700 m balandlikkacha koʻtarilgan sharqiy va janubi-sharqiy qismlari Sevenni deb ataladi. Uning sharqiy yonbagʻiri zinapoyasimon tik, daryo vodiylari chuqur kesilgan. Massivning shimoli-gʻarbida Limuzen platosi joylashgan. Biskay qoʻltigʻi bilan Markaziy massiv oraligʻida Goronna pastekisligi yoki Akvitaniya havzasi joylashgan, janub tomondan Pireney togʻ etaklari bilan chegaralangan. Akvitaniya havzasi tektonik botiqda vujudga kelgan. Uning poydevorini gersenoidlar tashkil etib, yuza qismi paleogen, neogen va antropogen davrlarida Pireney togʻlaridan oqizib keltirilgan yotqiziqlar bilan qoplangan. Pastekislikning balandroq janubiy qismida daryo irmoqlari bilan kuchli parchalangan bir qancha asimmetrik platolar hosil boʻlgan. Qolgan katta qismi shimolga va gʻarbga tomon pasayib borgan bir xil yassi togʻlikdir. Biskay qoʻltigʻi sohili boʻylab qum dyunalari choʻzilgan, ular Landalar deb atalib, uzunligi 150-200 km, kengligi 7-8 km va balandligi 70-100 m ni tashkil etadi. Fransiyaning shimoli-gʻarbiy qismini Parij havzasi yoki Shimoliy Fransiya pastekisligi egallagan. Parij havzasi yirik botiq shaklida boʻlib, markaziy qismidan chekka tomonlarga asta-sekin koʻtarilib boradi. Oʻrta qismi boʻr va paleogen dengiz yotqiziqlari bilan toʻlgan. Chekkalarida esa qadimgi jinslar yuzaga chiqib qolgan. Parij havzasidan Sena daryosi va uning koʻplab irmoqlari oqib oʻtadi. Havzaning sharqiy qismida kuest relef shakllari, janubiy va gʻarbiy qismlarida tepalik relef shakllari keng tarqalgan. Kuest gryadalari yura, boʻr va paleogenning karbonatli jinslaridan- ohaktosh, boʻr va qumtoshlardan tarkib topgan. Parij havzasidan sharqda Shampani, Argonn, Lotaringiya kuest gryadalari choʻzilgan. Lotaringiya kuest platosi Reyn, Mozel va Maas daryolarining vodiylari bilan kesilgan. Reyn daryosining janubiy oqimi boʻylab choʻzilgan polosada yer yuzasi kuchli parchalangan. Janubda Reyn daryosi lyossimon va allyuvial choʻkindi jinslar bilan qoplangan Yuqori Reyn tekisligidan oqib oʻtadi. Tekislikning gʻarbiy tomonida Vogezi (1423 m) va sharqiy tomonida Shvarsvald (1493 m) massivlari koʻtarilgan. Bu togʻ massivlari shimol tomon pasayib borib, gʻarbda qumtoshli Xardt va sharqda Odenvald platolari bilan tugaydi. Yuqori Reyn tekisligidan shimolda Reyn daryosi Reyn Slanes massivi hududidan oqib oʻtib, uni ikki qismga boʻladi. Shvarsvald togʻidan sharqda trias, yura davrlarining dengiz yotqiziqlaridan tarkib topgan Shvab-Frankon kuest tipik platosi joylashgan boʻlib, uning janubi-gʻarbiy ohaktoshli qismi Shvab Albi yoki Shvab Yurasi, shimoli-sharqiy kuchli parchalangan qismi Frankon Albi yoki Frankon Yurasi deb ataladi. Kuestli hududda karst relef shakllari keng tarqalgan. Frankon Albidan shimolda daryo eroziyasi bilan kuchli parchalangan, tik yonbagʻirli gorst togʻ massivlari Tyuriyagen Oʻrmoni (982 m), Frankon Oʻrmoni va Garts massivi joylashgan. Garts togʻining Brokken choʻqqisi dengiz sathidan 1142 m baland. Oʻlkadagi Chexiya massivi gertsin epoxasida burmalangan va keyin peneplenlashgan va baland koʻtarilgan gorst togʻlar bilan oʻralgan. Massivning shimoli-gʻarbida Rudali togʻlar (1244 m), janubi-sharqida Chexiya Oʻrmoni va Shumava togʻlari qad koʻtarilgan. Shumava togʻining eng baland joyi Groser-Raxel choʻqqisi 1453 m ga yetadi. Chexiya massivining shimoli-sharqiy qismini Sudet togʻlari (Snejka,1602 m) togʻi joylashgan. Bu togʻlarning geologik strukturasi qadimgi burmalangan togʻ jinslaridan va yosh vulkanik jinslardan tuzilgan. Chexiya massivining janubi-Sharqiy qismini balandligi 800 m atrofida boʻlgai Chexiya-Moraviya qirlari egallagan. Uning katta qismi kembriydan oldingi kristall jinslardan tuzilgan. Sharqiy qismidagi mezozoy oxaktoshlarida karst relef shakllari, gʻorlar keng tarqalgan. Pragadan janubda balandligi 700-800 m boʻlgan Brdi tepaligi koʻtarilgan. Chexiya massivining eng past joyi Laba daryosi vodiysidagi Polaba tekisligida 200 m ni tashkil etadi. Oʻlkaning sharqiy qismi Oder va Visla daryolarining suvayirgʻichida maksimal balandligi Lisitsa togʻi 611 m gacha koʻtarilgan. Oʻlka iqlimining shakllanishida Atlantika havo massasining roli katta. Nam dengiz havo massasi materik ichkarisiga kirib borgan sari transformatsiyalashib, gʻarbdan sharqqa tomon kontinentallik darajasi orta boradi. Bu yerning iqlim sharoiti uzoqlik boʻylab oʻzgarishdan tashqari relef taʼsirida ham oʻzgaradi. Jumladan, botiqlarning iqlimi togʻ yonbagʻirlariga nisbatan ancha kontinentalligi bilan farq qiladi. Bu oʻz navbatida yillik havo haroratidagi amplitudaning katta boʻlishiga, yogʻin miqdorining kamayishiga olib keladi. Oʻlkaning gʻarbiy okeanboʻyi qismlarida qish iliq, yoz salqin, namgarchilik koʻp boʻladi. Bretan yarim orolida yanvarniig oʻrtacha harorati +6°,+7°S ga, iyulniki +17°S ga teng. Yillik yogʻin miqdori 1500 mm ni tashkil etadi. Janubda Akvitaniya pastekisligida iyulning oʻrtacha harorati +21°,+22°S gacha koʻtariladi, yillik yogʻin miqdori 800 mm gacha kamayadi. Markaziy massivning gʻarbiy yonbagʻirlarida atmosfera yogʻinlarining miqdori yana ortadi. Yogʻin yil boʻyi asosan yomgʻir shaklida tushadi. Qor kamdan-kam yogʻadi. Iqlim sharoitini sharqqa tomon oʻzgarib borishi Parij havzasidan boshlab yaqqol seziladi. Bu yerda eng sovuq oyniig oʻrtacha harorati +2+3°C ga, issiq oyniki esa +19°S ga teng. Yiliga oʻrtacha 700 mm atrofida yogʻin tushadi. Lotaringiya platosida qishning oʻrtacha harorati 0°S ga yaqin boʻladi. Markaziy massivda qish sovuqroq va qorli boʻladi. Bu fasl toʻliq uch oy davom etadi, yozi iliq va yomgʻirli. Oʻlkadagi barcha togʻlarning gʻarbiy yonbagʻirlariga 1000 mm dan ziyod yogʻin tushadi, sharqiy havo oqimiga teskari boʻlgan yonbagʻirlarda bu koʻrsatgich 500-600 mm gacha kamayadi. Togʻlarda qish va yoz oylarining harorati ham tekislik va botiqlardagi havo haroratiga nisbatan pastroq. Masalan, Garts togʻlarida yanvarning oʻrtacha harorati — 3,5°S ga va iyulniki +10°,+11°S ga teng. Qish oylarida gʻarbiy nam shamollar esib turadi, tumanli va bulutli kunlar koʻp boʻladi, qor koplami qalin boʻlib, besh-olti oygacha saqlanadi. Oʻlka hududida yil boʻyi toʻlib oqadigan daryolar va ularning irmoqlari zich joylashgan. Eng yirik daryolari Reyn (1320 km), Sena (780 km), Luara (1010 km), Garonna (650 km), Rona (812 km) va boshqalardir. Bu daryolarning gidrologik rejimi bevosita shu joyning iqlim sharoitiga va relefiga bogʻliq. Gʻarbiy hududlardagi daryolarning suv sarfi yil boʻyi deyarli bir tekisda taqsimlangan. Sharqiy hududlarda aksincha, daryolarning suv sarfi togʻ massivlaridagi qorlarning erishi tufayli bir muncha murakkablashadi. Reyn va Rona daryolari Alp togʻlaridan boshlanib, birinchisi Shimoliy dengizga va ikkinchisi Oʻrta dengizning Leon qoʻltigʻiga quyiladi. Sena daryosi Langr platosidan boshlanib, Parij havzasini va Parij shahrini oʻrtasidan kesib oʻtib La-Mansh boʻgʻiziga quyiladi. Luara daryosi Sevenni togʻlaridan va Garonna daryosi Markaziy Pireney togʻlaridan boshlanib, Atlantika okeanining Biskay qoʻltigʻiga quyiladi. Markaziy Yevropaning sharqiy qismidan Oʻrta Yevropa tekisligining bir qator daryolari boshlanadi. Jumladan, Tyuringen Oʻrmoni togʻidan Vezer, Chexiya massividan Vltava, Sudet togʻlaridan Oder va Laba, Shvab-Frankam Albidan Nekkar va Mayn daryolari hamda Dunayning yuqori irmoqlari, Oʻrta Polsha qirlaridan Varta daryosi boshlanadi. Bu daryolarning hammasi yomgʻir suvlaridan, Alp va Pireney togʻlaridan boshlanadiganlar qor suvndan ham toʻyinadi. Markaziy Yevropaning barcha yirik daryo tizimlari — Reyn, Sena, Luara, Garonna, Sona, Mayn va boshqalar bir-biri bilan Janubiy kanal, Rona-Reyn kanali, Marna-Reyn kanali, Burundi kanali va boshqa kanallar orqali tutashgan. Bu tabiiy va sunʼiy suv tizimlar magistralli kemalarning qatnovi uchun juda qulay. Hozirgi vaqtda oʻrmonlar oʻlkaning Sudet togʻlarida, Chexiya Oʻrmonida, Bovariya Oʻrmonida, Frankon Oʻrmonida, Tyuringen Oʻrmonida, Ardennida, Shumavada va Reyn Slanes togʻlarida yaxshi saqlangan. Togʻlarning baland choʻqqilarida yel-pixta oʻrmonlari uchraydi. Rona pastekisligida va Sevenni togʻlari yonbagʻirlarining quyi qismida tuproq va oʻsimliklarning Oʻrta dengiz tipi uchraydi, Ayniqsa bu yerlarga lavanda, ladannik va timyan butalaridan tarkib topgan gariga tipidagi butazorlar xarakterli. Doimiy yashil boʻlib oʻsadigan eman butazorlari ham uchraydi. Oʻrmonlarning koʻplab kesilib ketishi yovvoyi hayvonlarning tarqalishiga va ularning areallariga kuchli taʼsir etgan. Ilgari keng tarqalgan silovsin, boʻri, oʻrmon mushugi va boshqalar hozir deyarli uchramaydi. Tekislik oʻrmonlariga xos boʻlgan hayvonlar faqat togʻ oʻrmonlaridagina saqlanib qolgan. Qoʻriqhonalarda va milliy bogʻlarda asl zotli bugʻu, kosulya, lan (bugʻu) muhofaza qilinadi. Yovvoyi hayvonlardan tulkilar va boʻrsiqlar, ochiq yerlarda dasht faunasining kemiruvchi turlari koʻpchilikni tashkil etadi. Ornitofaunasida Yevropa oʻrmonlariga xos boʻlgan barcha qushlar uchraydi. Ayniqsa kakliklar, chillar va suvda suzuvchi qushlar keng tarqalgan. Janubiy qismida Oʻrta dengiz faunasiga xos boʻlgan turlar — genettalar, sudralib yuruvchilar, ham yerda ham suvda yashovchi hayvonlar tarqalgan.

Alp-Karpat togʻlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alp-Karpat togʻlari tabiiy geografik oʻlkasi Yevrosiyoning gʻarbidagi baland, uzun va ulkan togʻ tizimlaridan hisoblanadi. Bu oʻlka Gʻarbiy Yevropa regionining janubiy qismida joylashgan va gʻarbdan Sharqqa qarab katta masofaga choʻzilgan. Alp-Karpat togʻlar tizimi shimol tomonda Markaziy Yevropaning togʻ- tekisliklari, gʻarbda Markaziy massiv va Rona daryosi, sharqda Sharqiy Yevropa tekisligi bilan chegaralanadi. Bu tabiiy geografik oʻlka Alp togʻ burmalanishida vujudga kelgan eng yosh va tektonik jihatdan serharakat togʻlardan tarkib topgan. Alp-Karpat togʻ tizimiga tutash boʻlgan va genetik jihatdan uning relefi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan bir qator tekisliklar ham bor. Bular Karpat yoyidan janubda joylashgan Oʻrta Dunay pastekisligi va Karpat togʻlari bilan Bolqon yarim oroli oʻrtasida joylashgan Quyi Dunay pastekisligidir. Har ikkala pastekislik Alp burmalanish mintaqasidagi yangi tektonik harakatlar natijasida choʻkkan yer poʻstining qismlari boʻlib, keyinchalik togʻlardan keltirilgan yotqiziqlar bilan toʻlgan va tekisliklar hosil boʻlgan. Alp togʻlarining janubiy qismida joylashgan Padana (Venesiya-Padana) pastekisligi ham shular jumlasidandir. Alp — Karpat togʻlarida, boshqa tabiiy geografik oʻlkalardagi singari, uning ayrim qismlarida tabiatning oʻziga xos ichki tafovutlari mavjud. Bunday tafovutlar birinchi navbatda iqlim sharoitini gʻarbdan sharqqa qarab kontinentallashib borishi bilan bogʻliq. Oʻlkaning Gʻarbiy Alp qismi Atlantika okeaniga yaqin boʻlganligi tufayli iqlimining tipik moʻtadil va sernam xususiyatlari bilan xarakterlanadi. Oʻlkaning Sharqiy Karpat qismi esa Atlantika okeanidan uzoqlashganligi va Sharqiy Yevropa tekisligiga yaqinlashganligi sababli iqlimning nisbatan quruqligi, moʻtadil kontinentalligi bilan farq qiladi. Bunday farqlar Alp-Karpat togʻli oʻlkasini ikkita mustaqil landshaft oʻlkasiga — Alp va Karpatga ajratishda asosiy mezonlardan biri boʻlib xizmat qiladi. Alp togʻlari. Oʻlka tarkibiga Alp togʻlari, undan shimolroqda joylashgan Yura togʻlari, Alpning janubidagi tektonik choʻkmada hosil boʻlgan Padana pastekisligi kiradi. Alp togʻlari yoy shaklida 1200 km masofaga choʻzilgan va murakkab orografik tuzilishga ega boʻlgan yirik togʻ tizimidir. Gʻarbda Oʻrta dengiz qirgʻoqlaridagi Dengizboʻyi Alpidan boshlanib, sharqda Oʻrta Dunay pastekisligigacha davom etadi. Uning kengligi 135 km dan 260 km gacha yetadi. Alp togʻlari gʻarbdan sharqqa tomon bir necha davlatlar hududini kesib oʻtgan. Shuning uchun bu togʻ tizimini ayrim hollarda uning qaysi davlatlar hududida joylashganligiga qarab Fransiya Alpi, Italiya Alpi, Shveysariya Alpi, Avstriya Alpi, Germaniya Alpi, Vengriya Alpi, Sloveniya Alpi deb ham ataladi. Alp togʻlarining geologik, orografik va geomorfologik tuzilishi nixoyatda xilma-xil. Uning tarkibi bir qator tizmalardan tarkib topgan boʻlib, gʻarbdan Sharqqa tomon asta-sekin pasayib boradi. Alp togʻlarini oʻrta qismidan chuqur tektonik vodiy kesib oʻtib, uni ikki qismga Gʻarbiy va Sharqiy Alpga boʻlgan. Bu tektonik choʻkma shimolda Boden koʻlidan boshlanib, janubda Komo koʻligacha davom etadi va muhim orografik hamda geografik chegara boʻlib xizmat qiladi. Gʻarbiy Alp yoysimon va asimmetrik relef shakllari, tik qoyalari, oʻtkir qirrali choʻqqilari bilan xarakterlanadi. Uning tashqi Fransiyaga qaragan yonbagʻri keng va nisbatan qiya, ichki Padana pastekisligiga qaragan yonbagʻri togʻ etagisiz tik tushgan va bahaybat koʻrinadi. Gʻarbiy Alp sharqiy Alpga nisbatan ancha baland. U meridional va submeridional yoʻnalgan bir guruh togʻ tizmalaridan tarkib topgan. Bular Dengizboʻyi, Kot, Gray, Pennin, Bern, Lepontin, Glarn Alplaridir. Alpning eng baland choʻqqilari ham shu tizmalarda joylashgan. Masalan, Monblan (4810 m), Monta-Roza massividagi Dyufur (4634 m), Dom (4545 m), Finsterarxorn (4274 m), Yungfrau (4158 m), Gray massividagi Gran-Paradizo (4061 m) va boshqa choʻqqilardir. Gʻarbiy Alpda togʻ muzliklari ham yaxshi rivojlangan. Sharqiy Alp Gʻarbiy Alpga nisbatan past, Sharqiy qismida kengayib yelpigʻichsimon boʻlib tarqalgan. Bu region Retiy, Bergom, Dolomit, Karniy, Yuliy, Etstal, TSillertal, Gurktal Alplaridan hamda Baland va Past Tauernlardan iborat. Bu tizmalarning eng baland nuqtalari Bernina massivida 4049 m ga, Baland Tauerning Grosglokner choʻqqisida 3797 m ga, Etstal Alpida 3774 m ga va Past Tauernda 2863 m ga yetadi. Baland togʻlar va ularning suvayirgʻich qismlari kristall jinslardan, past togʻlar ohaktoshlardan, dolomitlardan va flishlardan tuzilgan. Sharqiy Alpda temir va mis ruda konlari, magnezit koni, togʻoraligʻi choʻkmalarida qoʻngʻir koʻmir va tuz konlari bor. Alp togʻlarining orografik tuzilishida va relef shakllarining xilma-xil boʻlishida mezozoyda va paleogenda yuz bergan burmalanishlar, koʻtarilishlardan tashaqari neogenda hamda antropogenning boshlarida sodir boʻlgan kuchli vertikal tektonik harakatlar yetakchi rol oʻynagan. Relefining shakllanishiga suv eroziyasi va toʻrtlamchi davr muzliklari ham taʼsir koʻrsatgan. Alp togʻlarining shimoliy qismida Yura togʻi bilan Dunay daryolarining yuqori oqimi oʻrtaligida balandligi 400-600 m keladigan togʻoldi platolari joylashgan. Alp togʻoldi platolari Shveysariya va Germaniya hududlarida mavjud boʻlib, ular Shveysariya va Bovariya yassi togʻlari deb ataladi. Alp va Apenin togʻlari oraligʻida Padana (Venesiya-Padana) pastekisligi joylashgan. U kaynozoyning Alp burmalanishida vujudga kelgan tektonik choʻkmada shakllangan va genetik jihatdan juda yosh hisoblanadi. Dastlabki tektonik choʻkma Adriatika dengizining koʻrfazi boʻlgan. Keyinchalik koʻrfaz dengiz, daryo va togʻ muzliklari yotqiziqlari bilan toʻlib, neogenning oxirida Padana pastekisligi hosil boʻlgan. Uning katta qismi dengiz sathidan 100 m pastda yotadi. Togʻoldi etaklariga yaqin chekka polosalarda 300-500 m gacha koʻtariladi. Padanada hozirgi paytda yangi tektonik harakatlar natijasida yer yuzasining asta-sekin choʻkish jarayoni davom etmoqda. Padana pastekisligining eng sharqiy chekka qismi Adriatika dengizi bilan chegaralangan joyda lagunali sohilni tashkil etadi. Lagunali sohil qum tillaridan va orollardan tarkib topgan. Ana shunday lagunalardan birida tarixiy obidalarga boy shahar Venetsiyaning oʻzi 118 ta orollarda joylashgan boʻlib, ular 150 ta kanallar orqali ajralib turadi. Bu kanallarga 400 dan ortiq koʻpriklar qurilgan. Kanallardan eng kattasi Kanal-Grande hisoblanadi, uning uzunligi 3,8 km. Venesiyadagi barcha boʻgʻizlar va kanallar koʻcha vazifasini bajaradi. Adriatika dengizi tomonidan qarasangiz Venesiya xuddi suv akvatoriyasi ustida suzib yurgan shahardek tuyuladi. Shaharga har yili 6,2 mln. dan ortiq turistlar tashrif buyurishadi. Venesiyaning materikka eng yaqin oroli temir va avtomobil yoʻl koʻprigi orqali Padana pastekisligi bilan tutashib turadi. Alp lanshaft oʻlkasining shimoliy katta togʻli qismi moʻtadil iqlim mintaqaga va janubiy tekislik Padana qismi subtropk iqlim mintaqaga qaraydi. Alpning shimoliy va gʻarbiy qismlari Atlantika havo massasi oqimiga roʻpara turganligi sababli qishi yumshoq, yozi salqin boʻladi. Yiliga 2000-3000 mm atrofida yogʻin tushadi. Tumanli va bulutli kunlar koʻp takrorlanadi. Sharqqa borgan sari iqlimning kontinentalligi ortib, yogʻin miqdori kamayadi, ichki tizmalarda, berk vodiylarda va botiqlarda yillik yogʻin miqdori 500-800 mm ni tashkil etadi. Padana pastekisligida bu koʻrsatgich 800-1200 mm ga teng. Alp togʻlarining 2000 m dan baland qismlarida yogʻin miqdori ancha kamayadi. Havo harorati shimoldan janubga qarab koʻtarila boradi. Oʻrtacha yillik 0°S li harorat shimolda Alp oldi tizmalarida 2000 m balandlikka toʻgʻri kelsa, janubda Dengizyoni va Kot Alplarida 2600-2700 m balandlikka toʻgʻri keladi. Padana pastekisligida yanvarning oʻrtacha harorati 0°,+4°S ga, iyulniki +22°,+24°S ga teng. Bu yerda atmosfera yogʻinlarining aksariyat qismi yoz va kuz oylariga toʻgʻri keladi. Alp togʻlarida yogʻinlarning qor shaklida yogʻish miqdori balandlikka koʻtarilgan sari orta boradi. Masalan, Fransiya Alpining 700-800 m balandligida yillik yogʻin miqdorining 20%, 2000 m balandlikda 80% qor shaklida yogʻadi. Boshqa hududlarda 2000 m balandlikda 60%, 2800 m da 86% va 3600 m da 100% qor shaklida yogʻadi. Natijada nival mintaqada katta qor massasi toʻplanib muzliklar hosil qiladi. Alp togʻlarida 1200 ga yaqin muzliklar boʻlib, ularning umumiy maydoni 4140 km2 . Shundan 2690 km2 Gʻarbiy Alpga va 1450 km2 Sharqiy Alpga toʻgʻri keladi. Ulardan eng kattalari Bern Alpidagi Alech muzligi (uzunligi 26,8 km, maydoni 160 km2 ), Monblan massividagi Mer-de-Glas (uzunligi 15 km) va Pennin Alpidagi Gorner muzliklaridir. Alp togʻlarida suv zahirasining koʻpligi gidrografik toʻrni yaxshi rivojlanishiga qoʻlaylik yaratgan. Shuning uchun Alp Yevropaning muhim gidrografik tuguni hisoblanadi. Uning hududida paydo boʻlgan daryolar Shimoliy, Qora, Adriatika va Tirren dengizlariga quyiladi. Alp togʻlaridan Rona, Reyn, Adije, Drava daryolari va Po daryosining koʻplab irmoqlari boshlanadi. Yirik daryolaridan Rona va Reyn Gotard massividagi muzlikdan oʻz suvini olib, birinchisi Jeneva koʻli va ikkinchisi Boden koʻli tomon oqadi. Alpning shimoliy yonbagʻirlaridan Dunayning bir necha irmoqlari ham boshlanadi. Togʻlikning janubidagi Padana pastekisligidan Po daryosi oqib oʻtadi. Uning uzunligi 652 km, havzasining maydoni 75 000 km2 , oʻrtacha yillik suv sarfi quyi qismida 1460 m3 /sek. Po daryosining Dora-Ripariya, Dora-Beltea, Tichino, Adda, Olo, Mincho va boshqa irmoqlari oʻz suvini Alpning janubiy yonbagʻirlaridan oladi. Po daryosi delta qismida uchta yirik (Po-di-Goro, Po-della-Dontsella va Po-di-Tolle) tarmoqlarga boʻlinib dengizga quyiladi. Ular Adriatika dengiziga quyilish joyida maydoni 1500 km2 ga teng boʻlgan botqoqli delta landshaftini hosil qiladi. Daryoning 540 km masofadagi qismida kemalar bemalol qatnay oladi. Alp landshaft oʻlkasida koʻllar ham keng tarqalgan. Ular asosan Alpning shimoliy va janubiy togʻ etaklarida joylashgan. Bular shimolda Jeneva (581 km2 ), Boden (538 km2 ), Nevshatel, Syurix, Firvaldshtet va janubda Lago-Madjore, Komo, Izeo va Garda koʻllaridir. Garda koʻlining maydoni 370 km2 , maksimal chuqurligi 346 m, Komoning maksimal chuqurligi 410 m ga teng boʻlib, Yevropadagi eng chuqur koʻl hisoblanadi. Alp landshaftlari uchun vertikal va gorizontal farqlanishlar xarakterli. Ikki yoʻnalishdagi tafovutlar balandlik mintaqalik va kenglik zonallik qonuniyatlar asosida vujudga kelgan. Zonal farqlar ayniqsa quyi togʻoldi mintaqaning 800-1000 m balandlikkacha boʻlgan qismida yaxshi ifodalangan. Quyi mintaqadagi landshaft komplekslari shimolda moʻtadil xususiyatlarga, janubda Padana tekisligini oʻrab turgan Dengizboʻyi, Kot va Gray Alplarining togʻ etaklarida subtropik xususiyatlarga ega. Bu mintaqada oʻrmonlar juda siyrak qolgan. Uning gʻarbiy qismida qoʻngʻir oʻrmon tuproqlari keng tarqalgan, buk, eman va kashtanlar oʻsadi. Shimoliy qismida podzol tuproqlar aralash oʻrmonlar bilan qoplangan. Sharqda Oʻrta Dunay tekisligi bilan tutashgan joyda oʻrmon-dasht landshaftlari mavjud. Janubda buk va eman oʻrmonlari oʻsadi. Quyi mintaqada aholi zich joylashganligi tufayli tabiiy oʻsimliklar oʻrnini bogʻlar, uzumzorlar, manzarali daraxtlar, agrolandshaftlar egallagan. Shuning uchun bu mintaqani Alpning madaniy landshaftlar mintaqasi deyiladi. Alpning ikkinchi landshaft mintaqasi togʻ-oʻrmonlari boʻlib, uning yuqori chegarasi 1800 m gacha koʻtarilgan. Mintaqaning 1200 m balandligigacha qismi keng bargli oʻrmonlar, 1800 m gacha igna bargli oʻrmonlar joylashgan. Mintaqaning iqlimi moʻtadil nam va moʻtadil sovuq boʻlib, iyulning oʻrtacha harorati +10°,+15°S, yanvarniki −4°,-8°S atrofida boʻladi. Oʻrmonlarda buk va emanlardan tashqari Yevropa yeli, Yevropa qaragʻayi, Yevropa tilogʻochi, Yevropa pixtasi oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan olmaxon, rus quyoni, oʻrmon sonyasi, yovvoyi mushuk, Oʻrta Yevropa bugʻusi yaxshi saqlangan. Qoʻriqxonalarda qoʻngʻir ayiq va yovvoyi choʻchqalar uchraydi. Alp togʻlarining oʻrmonlar mintaqasidan yuqoridagi 2300 m balandlikkacha boʻlgan qismida butazorli subalp mintaqasi, 2500-3000 m gacha alp oʻtloqzorlari va undan yuqorda nival mintaqa joylashgan. Oʻtloqzorlar yozda yaylov sifatida foydalaniladi. Alpning tabiiy landshaftlarini muhofaza qilish maqsadida koʻplab milliy bogʻlar, qoʻriqxonalar va buyurtmalar tashkil etilgan. Shveysariya, Vanuaz, Gran-Paradizo milliy bogʻlari, Bavariya Oʻrmoni, Yuqori Bavariya Oʻrmoni tabiat bogʻlari, Keyra regional tabiat bogʻi, Tyuringen Oʻrmoni landshaft buyurtmasi va Shumava landshaft oʻlkasi shular jumlasidandir.


Karpat togʻlari va Dunay tekisligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻlka Alp togʻ burmalanish mintaqasida joylashgan oʻrtacha balandliklagi

  • Karpat,
  • Stara Planina togʻlaridan hamda
  • genetik jihatdan bevosita bogʻliq boʻlgan Oʻrta Dunay va Quyi Dunay tekisliklaridan tarkib topgan.

Bu oʻlka Alp togʻlari bilan Sharqiy Yevropa tekisligi oʻrtasida joylashganligi tufayli uning hududida moʻtadil mintaqaning okean va kontinental sektorlari landshaftlariga xos xususiyatlar mujassamlashgan. Shu boisdan okeanning nam iqlim taʼsiri oʻrmonlar bilan qoplangan togʻlarda va quruq kontinental iqlim taʼsiri oʻrmon-dasht hamda dasht landshaftlari hukmron boʻlgan tekisliklarda aniq ifodasini topgan. Karpat togʻlari yoysimon shaklda gʻarbdan sharqqa 1500 km masofaga choʻzilgan. Karpat togʻ tizimi Morava daryosining Dunayga quyilish joyiga yaqin joylashgan va janubi-gʻarbdan shimoli-sharqqa tomon choʻzilgan Kichik Karpat kristall massividan boshlanadi. Undan shimolroqda Karpat Sharqqa tomon burilib kengayib va koʻtarilib boradi. Slovakiya va Polsha oraligʻidagi chegarada kristall jinslardan tarkib topgan Baland Tatra va Past Tatra massivlari joylashgan. Baland Tatrada butun Karpatning ham eng baland nuqtasi Gerlaxovski-Shtit choʻqqisi 2655 m qad koʻtargan. Baland Tatradan shimolda flishlardan tashkil topgan Oʻrta, Baland va Past Beskid tizmalari parallel ravishda joylashgan. Past Beskid togʻidan sharqda Karpat shimoli-gʻarbdan janubi-sharqqa tomon choʻzilgan. Bu togʻlar majmuasi qiyalik yoy shaklini hosil qilib Gʻarbiy va Sharqiy Karpatga boʻlinadi. Sharqiy Karpat Oʻrmonli Karpat deb ham atalada. Uning baland choʻqqilari Petros (2305 m) va Goverla (2061 m) togʻlaridir. Sharqiy Karpat janubda uchburchak shaklida gʻarbga burilib Janubiy Karpat togʻ tizmasini hosil qiladi. Janubiy Karpatning asosiy qismi kristall jinslardan tuzilgan. Uning eng baland nuqtalari Moldovyanu (2544 m), Negoy (2535 m) va Paringu-Mare (2518 m) choʻqqilaridir. Sharqiy va Janubiy Karpatlar oraligʻida balanddigi 400-500 m atrofida boʻlgan Transilvaniya platosi joylashgan. Bu plato hududiy jihatdan togʻoraligʻi botigʻiga toʻgʻri kelib, gʻarb tomondan vulkanik va kristall jinslardan tarkib topgan Gʻarbiy Ruminiya togʻlari — Bixor (1848 m), Mesesh (997 m) va Metaliferi (1438 m) platosimon massivlari bilan chegaralangan. Dunaydan janubda Timok daryosigacha davom etgan Sharqiy Serbiya (1336 m) togʻlari joylashgan. Bu togʻ Karpat va Stara-Planina oraligʻidagi oʻtkinchi togʻ hisoblanadi. Undan janubi-sharqda joylashgan oʻrtacha balandlikdagi va asimmetrik shakldagi Stara-Planina togʻlari Qora dengiz sohiligacha choʻzilgan. Uning shimoliy yonbagʻri qiya boʻlib, Bolgariya platosi va Quyi Dunay tekisligi bilan tutashib ketgan. Janubiy yonbagʻri juda tik, qisqa daryo vodiylari va jarliklar bilan kuchli parchalangan. Stara-Planinani Iskir darasi koʻndalang kesib oʻtgan. Uning baland choʻqqilari Botev (2376 m) va Midjur (2168 m) togʻlaridir. Stara-Planinadan janubda uncha baland boʻlmagan Sredna-Gora togʻi joylashgan. Ularni bir-biridan tor uzun tektonik choʻkmalar — Sofiya, Karlova, Kazanlik va Sliven botiqlari ajratib turadi. Karpatning katta qismi tektonik botiqlarda vujudga kelgan tekisliklardan iborat. Neogenda choʻkkan Pannon (Vengriya) massivi oʻrnida Oʻrta Dunay tekisligi, Valaxiya togʻoldi bukilmasida Quyi Dunay tekisligi hosil boʻlgan. Bu yerdagi burmalangan strukturalar neogenning dengiz, koʻl va allyuvial yotqiziqlari hamda toʻrtlamchi davrning lyoss va lyossimon jinslari bilan qoplangan. Alp togʻ burmalanish mintaqasidagi eng yirik togʻoraligʻi botigʻi Karpat yoyining ichkari qismida joylashgan Oʻrta Dunay havzasi hisoblanadi. Uning sharqi koʻproq choʻkkan qismi Katta Vengriya pastekisligi yoki Alfeld deb ataladi. Dunaydan gʻarbda tekislik yuzasi past togʻ massivlari bilan murakkablashgan. Bular dengiz sathidan 500-700 m baland koʻtarilgan Bakon, Vertesh, Mechek togʻlaridir. Bakon togʻ etagidagi grabenda Balaton koʻli vujudga kelgan. Oʻrta Dunay tekisligining shimoli-gʻarbida Kichik Vengriya pastekisligi joylashgan. Janubiy Karpat bilan Stara-Planina togʻlari oraligʻida Quyi Dunay tekisligi yastanib yotibdi. Uning yer yuzasi Oʻrta Dunay tekisligiga nisbatan oddiy tuzilgan. Tekislik yuzasi atrofdan Dunay yoʻnalishi tomon pasayib borib allyuvial pastekislikka aylanadi. Tekislikning Qora dengiz sohiliga yaqin joyda tepaliksimon Dobrudja platosi koʻtarilib turibdi. Karpat landshaft oʻlkasi xilma-xil rudasiz foydali qazilmalarga boy. Karpatning shimoliy qismidan temir rudasi, polimetallar rudasi, gʻarbidan magnetitlar, Transilvaniya platosidan tarkibida qoʻrgʻoshin, rux, mis boʻlgan polimetallar rudasi, Metaliferi togʻidan oltin, Bixordan boksit qazib olinadi. Oʻrta Dunay tekisligida va Karpatoldi choʻkmasida neft, Transilvaniya platosida tabiiy gaz konlari uchraydi. Dunayorti togʻlarida juda katta boksit zahirasi mavjud. Karpatning iqlimi Alp landshaft oʻlkasi iqlimiga qaraganda bir oz kontinental boʻlib, iqlimning kontinentalligi faqat tekisliklarda emas, balki togʻlarda ham aniq namoyon boʻlib, gʻarbdan sharqqa tomon kuchaya boradi. Bunday hol birinchi navbatda yogʻin miqdorining uzoqlik boʻylab keskin kamayib borishida seziladi. Masalan, Karpatning shimoliy, shimoli-gʻarbiy yonbagʻirlarida yillik yogʻin miqdori 800-1200 mm boʻlsa, Oʻrta Dunay tekisligida 600-700 mm, Transilvaniya platosida 500-600 mm, sharqda Quyi Dunay tekisligida esa 350-400 mm gacha kamayadi. Yogʻin koʻproq yomgʻir shaklida tushadi, qishda Dunaybuyi tekisliklarida qor qoplami hosil boʻlib, Alp oʻlkasidagiga nisbatan uzoqroq saqlanadi. Yoz oylarida qurgʻoqchiliq tez-tez takrorlanib turadi. Chunki, tekisliklarda yozda atmosfera yogʻinlari juda kam boʻladi. Yozi issiq, iyulning oʻrtacha harorati shimolda +19°S dan janubda +22°S gacha koʻtariladi. Maksimal harorat +40°S gacha boradi. Togʻlarning 800 m balandligida iyulning oʻrtacha harorati +14°,+15°S, baland choʻqqilarda +3°,+4°S ni tashkil etadi. Qishi sovuq va uzoq davom etadi, sovuqli kunlar koʻproq boʻladi. Tekisliklarda yanvarning oʻrtacha harorati −1°,-2°S, togʻoldi hududlarida - 2°,-4°S, togʻlarda esa −10°S dan ham past. Qish tekisliklarda 2-3 oy davom etsa, togʻlarda 5-6 oy davom etadi. Minimal harorat −250 ,-30°S gacha pasayadi. Transilvaniya platosida eng sovuq oyning oʻrtacha harorati −6°S, eng issiq harorat +18°S. Karpat landshaft oʻlkasida daryolar yaxshi rivojlangan. Ularning koʻpchiligi Dunay havzasiga qaraydi. Dunayga Karpatdan boshlanuvchi Tisa, Prut, Seret, Olt, Gron, Ardjesh, Yalomitsa daryolari va Alpdan boshlanuvchi Raba, Drava daryolari kelib qoʻshiladi. Visla va Oder daryolarining yuqori oqimlari ham Karpat togʻlaridan boshlanadi. Barcha daryolar qor va yomgʻir suvlaridan toʻyinadi. Lekin ularning gidrologik rejimi bir xil emas va yil davomida oʻzgarib turadi. Karpat daryolari energiya resurslariga boy. Vag daryosida gidroelektrstansiyalar kaskadi bunyod etilgan. Tisaning yuqori oqimida, Seret daryosining Bistrisa irmogʻida yirik gidrostansiyalar qurilgan. Karpat hududida Alpga nisbatan yirik koʻllar juda kam, lekin kelib chiqishi muzlik bilan bogʻliq boʻlgan mayda koʻllar koʻp uchraydi. Dunay vodiysida qayir koʻllar keng tarqalagan. Eng yirik koʻli Oʻrta Dunay havzasining gʻarbida, past togʻlar oraligʻida joylashgan Balaton (596 km2 ) tektonik koʻlidir. Karpat togʻlarida tabiiy oʻsimliklar tekislik va botiqlarga nisbatan togʻlarda yaxshi saqlangan. Karpatning 40% dan ziyodroq hududi oʻrmonlar bilan qoplangan. Uning shimoliy qismida 600 m dan 1500 m gacha boʻlgan balandliklarda oʻrmonlar oʻsadi. Sharqiy Karpatning 500 m dan 1500 m gacha boʻlgan past va oʻrtacha balandliklardagi togʻlar oʻrmonlar bilan qoplangan. Bular uchta balandlik polosaga boʻlinadi. Birinchisi oʻrmon-qoʻngʻir tuproqlardagi keng bargli (buk, eman, grab, zarang, yavor) oʻrmonlar polosasi, ikkinchisi togʻ-oʻrmon tuproqlaridagi aralash (keng va igna bargli) oʻrmonlar polosasi va uchinchisi togʻ-qoʻngʻir va togʻ-podzol tuproqlardagi igna bargli (Yevropa yeli, pixta) oʻrmonlar polosasi. Karpatning gumbazsimon baland qismlari subalp va alp oʻtloqlari bilan qoplangan. Subalp mintaqa 1500-1800 m balandliklarda oʻtloq tuproqli yerlarda yaxshi rivojlangan. Bu mintaqada yer bagʻirlab oʻsadigan karagʻaylar, yashil zirklar, mojjevelniklar, butalardan Kochi rododendroni, yarim butalardan chernika keng tarqalgan. Subalp oʻtloqzorlari poloninalar (yaylovlar) deb yuritiladi. Poloninalarning asosiy oʻsimlik qoplamini belouslar tashkil etadi. Alp oʻtloqlari 1800 m dan yuqorida uchraydi. Bu yerda past boʻyli boshoqli oʻtlar oʻsadi. Butalardan faqat Kochi rododendroni uchraydi. Dunayboʻyi tekisliklarining tipik florasi oʻrmon-dasht va dasht oʻsimliklaridan iborat. Oʻrmon-dashtlar Oʻrta Dunay tekisligida va dashtlar Quyi Dunay tekisligida hukmronlik qilgan. Tekisliklardagi pushta deb ataluvchi dashtlar hozirgi vaqtda juda kam saqlanib qolgan. Chunki qora tuproqli Dunayboʻyi tekisliklari butunlay oʻzlashtirilib, ularning oʻrnida tokzorlar, mevali bogʻlar, manzarali daraxtlar barpo etilgan. Qishloq xoʻjaligida bugʻdoy, suli, makkajoʻxori, qand lavlagi, kartoshka va boshqalar yetishtiriladi. Transilvaniya Alpida, Sofiya, Karlova, Kazanlik botiqlarida efir yogʻi beradigan atirgul, lavanda plantasiyalari va mevali bogʻlar barpo etilgan. Dunay vodiysida qayir oʻrmonlari uzun lentasimon polosa boʻylab yaxshi saqlangan. Qayir oʻrmonlari terak, tol, togʻ terak, osinalardan iborat. Qayirlarda qamishzorlar ham uchraydi. Zoogeografik jihatdan Karpatda oʻrmon fauna kompleksi hukmronlik qiladi. Bu yerda sut emizuvchilarning 74 turi, qushlarning 280 turi, amfibiyalarning 17 turi uchraydi. Keng bargli oʻrmonlarda yovvoyi choʻchqa, asl zotli bugʻu, kosulya, tulki, boʻri, oʻrmon mushugi, oʻrmon sonyasi, yongʻoqzor sonyasi, olmaxon, savsar va boʻrsiqlar yashaydi. Togʻ taygalarida qoʻngʻir ayiq va silovsin bor. Endemik hayvonlardan Karpat tritoni uchraydi. Qushlardan kaklik, qarqur, chil, kedrovka, qora qizilishton, snigeriya, burgut, kalxat ukkilar keng tarqalgan.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]