Kontent qismiga oʻtish

Oʻgʻit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(O'g'itdan yoʻnaltirildi)

Oʻgʻit — tarkibida oʻsimliklar uchun zarur oziq elementlar boʻlgan yoki tuproqdagi oziq moddalarni harakatga keltiradigan organik yoki anorganik moddalar

Oʻgʻit deganda oʻsimlikning oziq elementlari bilan birga, tuproqqa solinganda oziq elementlarini ishga solishga yordam beradigan bakterial preparatlar, tuproq strukturasi, kimyoviy va biologik xususiyatlarini yaxshilaydigan pqeparatlar ham tushuniladi. Odam U.larni qoʻllab oʻsimliklar uchun ijobiy oziqlanish balansi yaratadi, tuproqdagi moddalar aylanishiga faol aralashadi. Kimyoviy tarkibiga qarab oʻgʻitlar organik, mineral va bakterial boʻlishi mumkin. Organik oʻgʻitga goʻng, torf, sharbat, har xil kompostlarr, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi, sanoat va shahar xoʻjaligi chiqindilari hamda koʻkat oʻgʻitlar kiradi. Organik oʻgʻit tarkibida oʻsimliklarning oziq mineral elementlari (azot, fosfor, kaliy, mikroelementlar va boshqalar) hamda organik moddalar boʻladi. Mineral oʻgʻitga azotli oʻgʻitlar, fosforli oʻgʻitlar, kaliyli oʻgʻitlar, kompleks oʻgʻitlar, ohakli oʻgʻit, mikrooʻgʻitlar va boshqalar; bakterial oʻgʻitga nitragin, azotobakterin, fosforbakterin va boshqalar taalluqli. Bevosita xoʻjaliklarda olinadigan oʻgʻit mahalliy, kimyoviy korxonalarda ishlab chiqariladigan oʻgʻit — sanoat oʻgʻitlari deb ataladi. Oʻgʻit tuproqqa solinadi, oʻsimlikka purkaladi (bargidan oziqlantirish) yoki urugʻlikka ishlov berishda qoʻllanadi. Oʻgʻitni koʻp martalab katta ulushlarda solish va tuproqni madaniylashtirishning boshqa usullari (ishlov berish, almashlab ekish va boshqalar) tuproq hosil boʻlishi jarayonining yoʻnalishini oʻzgartirishi; yangi tuproq tipchalari — yuqori hosildorligi bilan ajralib turadigan madaniylashgan (har xil darajadagi) antropogen tuproqlar hosil boʻlishiga olib kelishi mumkin. Oʻgʻit toʻgʻri solinganda oʻsimliklar oʻsishiga, rivojlanishiga ijobiy taʼsir qiladi, hosilni oshiradi va mahsulot sifatini yaxshilaydi. Oʻgʻitning samaradorligi qishloq xoʻjaligi ekinlarining biologik xususiyati, tuproqdagi oziq elementlar miqdori va boshqalarga bogʻliq. Oʻgʻit Oʻrta Osiyo sugʻorma dehqonchiligi sharoitida qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini oshirishning asosiy vositasidir. Oʻgʻitni ilmiy asoslangan meʼyorlarda ishlatish uning atrof muhitga salbiy taʼsirini bartaraf etishga yordam beradi.