Oʻgʻit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻgʻit — tarkibida oʻsimliklar uchun zarur oziq elementlar boʻlgan yoki tuproqdagi oziq moddalarni harakatga keltiradigan organik yoki anorganik moddalar. Oʻ. deganda oʻsimlikning oziq elementlari bilan birga, tuproqqa solinganda oziq elementlarini ishga solishga yordam beradigan bakterial preparatlar, tuproq strukturasi, kimyoviy va biologik xususiyatlarini yaxshilaydigan pqeparatlar ham tushuniladi. Odam U.larni qoʻllab oʻsimliklar uchun ijobiy oziqlanish balansi yaratadi, tuproqdagi moddalar aylanishiga faol aralashadi. Kimyoviy tarkibiga qarab O'gʻitlar organik, mineral va bakterial boʻlishi mumkin. Organik Oʻ.ga goʻng, torf, sharbat, har xil kompostshr, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi, sanoat va shahar xoʻjaligi chiqindilari hamda koʻkat oʻgʻitlar kiradi. Organik Oʻ. tarkibida oʻsimliklarning oziq mineral elementlari (azot, fosfor, kaliy, mikroelementlar va boshqalar) hamda organik moddalar boʻladi. Mineral Oʻ.ga azotli oʻgʻitlar, fosforli oʻgʻitlar, kaliyli oʻgʻitlar, kompleks oʻgʻitlar, ohakli Oʻ., mikrooʻgʻitlar va boshqalar; bakterial Oʻ.ga nitragin, azotobakterin, fosforbakterin va boshqalar taalluqli. Bevosita xoʻjaliklarda olinadigan Oʻ. mahalliy, kimyoviy korxonalarda ishlab chiqariladigan Oʻ. — sanoat oʻgʻitlari deb ataladi. Oʻ. tuproqqa solinadi, oʻsimlikka purkaladi (bargidan oziqlantirish) yoki urugʻlikka ishlov berishda qoʻllaniladi. Oʻ.ni koʻp martalab katta ulushlarda solish va tuproqni madaniylashtirishning boshqa usullari (ishlov berish, almashlab ekish va boshqalar) tuproq hosil boʻlishi jarayonining yoʻnalishini oʻzgartirishi; yangi tuproq tipchalari — yuqori hosildorligi bilan ajralib turadigan madaniylashgan (har xil darajadagi) antropogen tuproqlar hosil boʻlishiga olib kelishi mumkin. Oʻ. toʻgʻri solinganda oʻsimliklar oʻsishiga, rivojlanishiga ijobiy taʼsir qiladi, hosilni oshiradi va mahsulot sifatini yaxshilaydi. Oʻ.ning samaradorligi qishloq xoʻjaligi ekinlarining biologik xususiyati, tuprokdagi oziq elementlar miqdori va boshqalarga bogʻliq. Oʻ. Oʻrta Osiyo sugʻorma dehqonchiligi sharoitida qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini oshirishning asosiy vositasidir. Oʻ.ni ilmiy asoslangan meʼyorlarda ishlatish uning atrof muhitga salbiy taʼsirini bartaraf etishga yordam beradi.

Sobirjon Azimboyev.