Musojon Saidjonov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Musojon Yoʻldoshevich Saidjonov (1893, Buxoro 1937.25.10, Toshkent) — Buxoroda jadidchilik harakatining namoyandasi, maʼrifatparvar, tarixchi olim, prof. (1935). Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil koʻrgan. Kogondagi rus-tuzem maktabini tugatgan (1908). 1913 yildan Yosh buxoroliklar partiyasi safida. Kolesov voqeasidan keyin Buxoroni tark etgan. Toshkentda oʻqituvchilar institutini tugatgach, Xoʻjandda muallimlik qilgan va teatr toʻgaraklarida qatnashgan. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilgach, Saidjonov oziq-ovqat noziri (1920 yil sentabr — 1921 yil mart), iqtisodiyot noziri muovini (1921 yil mart — avgust), davlat nazorati noziri (1921 yil oktabr 1922 yil yanvar), CHK (Favqulodda komissiya) raisi (1921 yil avgust — sentabr), moliya noziri (1922 yil fevral—aprel), Xalq Xoʻjalik Oliy Kengashi raisi muovini (1922 yil oktabr — 1923), maorif noziri (1923 yil iyun — 1924). Buxorolik talabalarni Germaniyaga oʻqishga yuborish tashabbuskorlaridan biri. "Milliy ittihod" tashkiloti faoliyatida qatnashib, A. Z. Validiy bilan yaqin aloqada boʻlgan. Saidjonov Buxoro ilmiy jamiyatini tuzish (1921) da faol qatnashgan va BXSR da maorif muassasalarini tashkil qilish, meʼmoriy obidalarni muhofazalash, tarixiy qoʻlyozmalarni toʻplab, ularni tartibga solish, xalq ogʻzaki ijodi namunalarini toʻplash kabi ishlarda jonbozlik koʻrsatgan. Oʻzbekiston tarixiy yodgorliklarini muhofaza qilish qoʻmitasi raisi, uning Samarqand boʻlimi ilmiy xodimi (1925— 36). S. oʻzbek olimlaridan birinchi boʻlib sharqshunoslarning Leningradda boʻlgan 3-kongressi (1935)da qatnashgan va Koʻchkunchixon maqbarasi haqida ilmiy maʼruza kilgan. Ilmiy faoliyati uchun olimga professor unvoni berilgan. "Shahrisabz meʼmoriy yodgorliklari tarixi", "Samarqandning meʼmoriy yodgorliklari", "Shayx Sayfiddin Boharziyning vaqfnomasi" nomli asarlar muallifi. Saidjonov oʻzbek davlatchiligi tarixi masalalarini xolis tadqiq qilgani, madaniy merosga hurmat bilan yondoshgani, "Milliy ittihod" tashkiloti faoliyatiga katnashgani uchun sovet rejimi tomonidan Samarqandda qamoqqa olingan (1937 yil 13 aprel) va otib tashlangan. 1965 yil 2 dekabrda oklangan.

Adabiyot[tahrir]

  • Xoʻjayev F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2 kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000.

Qahramon Rajabov, Kamol Rahmonov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil