Xrestomatiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xrestomatiya (yun. chrestos — foydali va manthano — oʻqiyman) — taʼlimning biror sohasi boʻyicha muayyan ichki tamoyillar asosida tartib bilan berilgan oʻquv kitobi. X. oʻzbek tilida "majmua" deb ham yuritiladi. Ular ilmiy, badiiy, memuar, publitsistik asar yoki ulardan olingan parcha yoxud turli hujjatlardan iborat boʻlishi mumkin. Odatda, X.ga kiritilgan materiallar ayni turdagi maktabda oʻqitiladigan muayyan oʻquv predmetining maqsadiga muvofiq tarzda tanlanadi. Umumtaʼlim maktablari amaliyotida ijtimoiygumanitar yoʻnalishdagi deyarli barcha fanlar boʻyicha X.lar tuzish tajribasi mavjud. Ular oʻquvchilarda mustaqil oʻqish va ilmiy adabiyotlardan foydalanish malakasini shakllantirish jihatidan katta ahamiyat kasb etadi. "X." atamasi ilk bor mil. 4-asrda yunon grammatigi Elladiy tomonidan yunon yozuvchilarining asarlaridan olingan parchalar toʻplamiga nisbatan qoʻllanilgan. Shundan buyen Yevropa taʼlim tizimida bu didaktik ashyodan foydalanib kelinadi. Qad. Turkiston maktabxona va madrasalaridagi taʼlim jarayonida talabalarning mustaqil oʻqishi uchun foydalanilgan bayozu kulliyotlar ham oʻziga xos X. xdsoblangan. Oʻzbekistonda bevosita pedagogik maqsadda tartib bilan berilgan X.lar ilk bor 20-asr boshlarida Munavvar sori ("Sabzavor"), Abdulla Avloniy ("Birinchi muallim", "Ikkinchi muallim", "Maktab gulistoni", "Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar"), Hamza ("Yengil adabiyot", "Qiroat kitobi") va boshqa jadid maʼrifatchilari tomonidan yangi usul maktablari oʻquvchilari uchun tayyorlangan. 20-asrning 20-yillari oʻrtalarida chop etilgan Elbekning "Goʻzal yozgʻichlar", Choʻlponning "Adabiyot parchalari" singari majmualari toʻla maʼnodagi oʻquv X.laridir. 20-asrning 50-yillaridan buyen maktab oʻquvchilari va oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun muntazam ravishda X.lar nashr qilib kelinadi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyin ham umumtaʼlim maktablari va oliy oʻquv yurtlarida ukitiladigan ijtimoiygumanitar yoʻnalishdagi turli fanlardan X.lar tayyorlanmoqda. X.da berilgan matnlar, odatda, asari oʻrganilayotgan yozuvchi, faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot berilayotgan tarixiy shaxslar, tanishish uchun berilgan hujjatlar haqidagi maʼlumot hamda izohlar bilan taʼminlanadi. X.lar didaktik apparatining mukammalligi uning pedagogik jihatdan samaradorligini taʼminlaydi. X. materiallari tarixiyxronologik, mavzuviy yoki janriy xususiyatlariga koʻra joylashtiriladi. X.lar orasida adabiyot buyicha tuzilgan oʻquv majmualari alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki ular oʻquvchilarga bevosita badiiy asar matni bilan tanishish imkonini berib, ularni mustaqil fikrlashga oʻrgatadi. UzR umumtaʼlim tizimi amaliyotida adabiyot Xlaridan foydalanish tajribasi keng yoyilgan. Adabiyot X.lari qaysi tamoyillarga koʻra tuzilgani, materiallar kanday asoslarda tanlangani va joylashtirilganiga koʻra umumlashtiruvchi, yoʻnalishli va tizimli singari turlarga ajratiladi. Umumtaʼlim maktablarining 5—7sinflarida umumlashtiruvchi, 8—9sinflarida yoʻnalishli, 10—11-sinflarida tizimli X.lardan foydalaniladi. X.larning hajmini belgilashda uning qaysi sinf oʻquvchilariga moʻljallangani va qaysi oʻquv faniga doyr ekanligi hisobga olinadi.

Qozoqboy Yoʻldoshev.