Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniy
Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniy [1839 - Buxoro, Boʻston qishlogʻi (hozirgi Qiziltepa tumani) — 1908] — tarixchi olim, xattot.
Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Ustozi Qozi Saʼdadsin Mohir maslahati bilan Somiy — "olijanob, yuksak" taxallusini olgan. Dastlab turli amaldorlar qoʻlida kotiblik qilgan. Amir Muzaffar (1860—85) va Abdulahad (1885—1910) hukmronligi davrlarida saroy munshiysi. Rossiya bilan Buxoro amirligi oʻrtasida boʻlgan janglarda voqeanavis sifatida bevosita ishtirok qilgan. Peterburgga borgan. Keyinchalik amirlik tuzumiga qarshi fikrlari va hajviy sheʼrlari uchun saroydan chetlashtirilgan. U, asosan, xattotlik bilan shugʻullangan.
"Daxmai shohon" ("Shohlar qabristoni") masnaviysi, "Insho", "Tuhfai shohiy" ("Podshohning tuhfasi"), "Mirʼot ul-xayol" ("Xayol koʻzgusi"), "Tarixi salotini mangʻitiya" ("Mangʻit hukmdorlari tarixi") asarlari muallifi. "Tuhfai shohiy" (1900—02) va "Tarixi salotini mangʻitiya" (1906— 07) tarixiy asarlari bitta davr — manttlar sulolasi tarixiga bagʻishlansa ham, bir-biridan keskin farq qiladi. 1-asar rasmiy siyosat talablari darajasida yozilgan boʻlsa, 2-asarda M.A.S.B. Buxoro amirligining mangʻitlar hukmronlik qilgan davrini tanqidiy nuqtai nazardan baholaydi. U oʻzi guvoh boʻlgan va eshitgan hodisalarga tayanib, amirlik idora uslubidagi illatlar, Rossiya bilan Buxoro qoʻshinlari oʻrtasidagi janglar, amir qoʻshin boshliqlarining layoqatsizligi va masʼuliyatsizligi oqibatida mamlakatning katta qismi bosqinchilar tomonidan bosib olinganligi va valiahd Abdulmalik (Katta Toʻra)ning baʼzi muvaffaqiyatli janglarini tasvirlaydi.
"Tarixi salotini mangʻitiya" asari oʻzbekistonlik sharqshunos L.P.Yepifanova tomonidan rus tiliga tarjima qilinib, faksimilesi bilan nashr qilingan (1962). Asar qisqartirilgan holda oʻzbek tiliga tarjima qilingan ("Sharq yulduzi" jur., 3son).
Ac: Ta’rix-i salotin-i mangitiya, M., 1962.
Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]
- Ahmedov B., Oʻzbekiston xalqlari tarixi manbalari, T., 1991; Buxoriylar boʻstoni, T., 1998.
- Qahramon Rajabov.[1]
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |