Mir Doʻstimbiy madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Mir Doʻstimbiy madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Mir Doʻstimbiy ibn amir Tangriqulibiy
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Mir Doʻstimbiy ibn amir Tangriqulibiy
Asosiy sana:
XVI asr
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 10 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Mir Doʻstimbiy madrasasi — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Mir Doʻstimbiy madrasasi XVI asrda Mir Doʻstim guzarida[1], Buxoroda hukmronlik qilgan shayboniy Abdullaxon II davrida Mir Doʻstimbiy ibn amir Tangriqulibiy tomonidan bunyod etilgan. Sadri Ziyo maʼlumotlariga koʻra ushbu madrasa Abdullaxon ibn Iskandarxonning kuyovi Muhammad Amin ibn Muhammad Nafas mablagʻiga qurilganini yozadi. U Abdullaxon II ning Bibi Robiya qiziga uylangan. Mir Doʻstimbiy ibn amir Tangriqulibiy oʻzbek qavming qoʻshchi urugʻidan boʻlgan. U faoliyati davomida Samarqandda shayboniy hukmdor Abdulatifxonning otaligʻi boʻlgan va u yerda amirlar amiri vazifasini bajargan. U bundan tashqari Abdullaxon II ning ishonchli kishilaridan biri boʻlgan va tez-tez hukmdorning muhim topshiriqlarini bajarib turgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Buxoro amirligida faoliyat olib borgan Ostonqul qoʻshbegi 1904—1905-yillarda ushbu madrasa uchun mulkidan vaqf qilgan. Bundan tashqari 1915-yil 19-dekabr kuni Masturaoy binti Mirzo Umar ushbu madrasa uchun 5 tanob mulki xur yerini vaqf qilgan. Mir Doʻstimbiy madrasasida har bir hujrasida ikki nafardan talabalar istiqomat qilgan. Talabalar har juma va dushanba kunlari „Ixlos“ surasini uch martadan tilovat qilib, savobini voqif ajdodlari ruhiga bagʻishlagan. 1917-yil 1-iyul kuni Tuhfaoy binti Qurbonoy mazkur madrasa uchun Janubi ruddagi Oshpaymoni mavzesida 4,25 tanob yerni vaqf qilgan[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 10 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Mir Doʻstimbiy madrasasi 10 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122 bet.