Mingdevona

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mingdevona (Hyoscyamus L.) - Solanaceae (ituzumdoshlar) oilasiga mansub oʻsimliklar turkumi. Boʻyi 1,5 m gacha. Poyasi shoxlangan, sertuk. Birinchi yili uzun bandli ildiz boʻgʻiz, toʻpbarg, ikkinchi yili poya oʻsib chiqadi. Poyadagi barglari tuxumsimon, 3—7 boʻlakli, bandsiz, ketma-ket joylashgan. Gullari sargʻish, uchi keng, poya uchida toʻpgul hosil qiladi. Mevasi ikki xonali, koʻp urugʻli, koʻzachasimon koʻsakcha. Oʻrta Osiyo, Sibir, Kavkaz, Uzoq Sharqda tarqalgan. Oʻzbekistonda 2 turi (turkman va qora M.) bor, koʻproq qora M. (zaharli begona oʻt) uchraydi. M. yoʻl yoqalarida, oʻtloq va partov yerlarda, ekinzorlarda oʻsadi. Bargi tarkibida giossiamin, atropin, skopolamin va boshqa zaharli alkaloidlar bor. Barg ekstrakti va urugʻining moyi bod, asab kasalliklarida ogʻriq qoldiruvchi dori sifatida ishlatiladi. Doridarmon tayyorlash uchun maxsus ekiladi.[1][2]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Armando T. Hunziker: The Genera of Solanaceae (o'zbek tilida: Ituzumdoshlarning Turkumi). A.R.G. Gantner Verlag K.G., Ruggell, Liechtenstein 2001. ISBN 3-904144-77-4