Manas (eposi)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"MANAS" — qirgʻiz xalq qahramonlik eposi. Asar 3 qismdan iborat (450 ming misra). Genealogik sikl asosida bosh qahramon Manas, uning oʻgʻli Semetey va Semeteyning oʻgʻli Seytekning qaxramonona hayoti tafsiliga bagʻishlangan. "M." nazmda yozilgan boʻlib, sheʼriyatning sajʼ yoʻli bilan aytilgan. "M." odatdagi qahramonlik eposi koʻlamidan ancha keng . U oʻtmish qirgʻiz hayotining qariyb barcha sohalarini oʻzida jamlagan va shu jihati bilan "qirgʻiz xalqi hayotining badiiy qomusi" deb eʼtirof etiladi. Asarning asosiy motivi qahramonona vatanparvarlikdir; unda ona yurtni tashqi va ichki yovlar zulmidan qutqarish va qoʻriqlash, zulm va haqsizlikka nafrat, diniy va milliy anʼanalarga hurmat yetakchilik qiladi. Dostonda milliy turmushning barcha jihatlari keng koʻlamda va teran aks etgan, shuning uchun ham Ch. Aytmatov uni "qadimgi qirgʻiz ruhining sarbaland choʻqqisi" deb atagan edi. Asarda, Baqay, Almambet, Qoʻshay, Sirgʻaq, Xonikey, Aloke, Chubaq, Semetey, Qoʻzqamanlar, Oychurek kabi har biri oʻziga xos harakterga ega boʻlgan oʻnlab xilma-xil yetakchi obrazlar bor. Manas esa butun epos voqealari markazida turadigan bosh qahramondir. Asarda yuzlab personajlar ishtirok etishi, voqealar qariyb yuz yillik muddat ichida Osiyoning juda katta hududi — Uzoq Sharqdagi Amur daryosi boʻylaridan tortib Oltoy, Markaziy Osiyodagi voqealarni qamrab olganligi tufayli, "M." nihoyatda keng koʻlamga ega — u hajman nafaqat turkiy ellar folkloridagi, balki dunyodagi eng yirik doston hisoblanadi; 1qismining oʻzi 250 ming misradan ortiq.

"M."ning alohida ahamiyati shundaki, u bironbir urugʻ yo qabila dostoni boʻlmay, umumxalq eposidir, ikkinchidan, unda tasvirlangan voqelik tugal — boshlanishi va yakuniga qadar mumtoz qahramonlik eposining janr xususiyatlariga toʻla muvofiq keladi va shu jihati bilan ham monumentaldir.

"M."ni oʻrganish 19-asrning 2-yarmidan boshlangan. Qozoq etnografi Ch.Ch.Valixonov, keyinroq V. V. Radlov "M."dan parchalarni ilk bor qogʻozga tushirib, uning rus va nemis tillaridagi taglamasini takdim qilishgan. 20-asrda epos manaschi Sogʻimboy Oʻroz-bekov, Sayoqboy Qoralayev va boshqa oqinlar ijrosida yozib olingan. "M." hozirda ham yaratilayotgan va jonli ijro etilayotgan dunyodagi yagona eposdir. Hozirga qadar "M."ning 70 dan ortiq varianti yozib olingan. Doston 20-asrda V. V. Jirmunskiy, M. Avezov, R.Z. Qodirboyeva va boshqa olimlar tomonidan teran tadqiq etilgan. Qirgʻiziston FA Til va adabiyot institutida ishlab turgan "M." boʻlimi manasshunoslikni ilmiy oʻrganish va muvofikdashtirish markazi hisoblanadi.

"M."ning boshqa turkiy xalqlar dostonlari bilan mushtarak jihatlari borligi toʻgʻrisida gipotezalar mavjud, ammo tasdiqlanmagan; oʻxshash motivlar esa genealogik emas, balki tipologik asosga ega.

"M." qirgʻiz xalqining milliy iftixoridir, xalqaro aeroport, institut va boshqalarlarga "M." nomi berilgan, 2 jildli "M." ensiklopediyasi nashr etilgan. "M." oʻzbek tiliga ilk bor 1958 yilda "Qirgʻiziston haqiqati" gaz. xodimlari tomonidan qisman oʻgirilgan edi. 1964 yilda Mirtemir tarjimasida eposning 1qismi bosilib chiqdi. Bu tarjima Ch. Aytmatov va boshqa qirgʻiz hamda oʻzbek olimlarining yuksak bahosiga sazovor boʻlgan. "M."ning 2qismi esa Sultan Akbariy tomonidan ancha qisqartirishlar bilan 1982 yilda nashr etildi va, nihoyat, "M."ning bolalar uchun tayyorlangan varianti tarjimasi 1995 yil bosilib chiqdi (uning tarjimoni T. Adashboyev Xalqaro "M." oltin medali bilan taqsirlandi).

1995 yil barcha turkiy tilli davlatlarda "M." eposining 1000 yilligi xalqaro miqyosda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlandi.

Zuhriddin Isomiddinov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil