Kontent qismiga oʻtish

Koptileu Nurmuhamedov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Koptileu Nurmuhamedov
Tavalludi 1903
Vafoti 1938

Koptileu Nurimbetovich Nurmuhamedov (1903-yil, Sorkoʻl volosti, Qoʻngʻirot okrugi, Xiva xonligining shimoliy chekkasi – 1938-yil) – qoraqalpoq sovet ziyolilarining ilk vakillaridan biri, Qoraqalpoq avtonom viloyati ijroiya qoʻmitasi raisi (1929—1932), Qoraqalpogʻiston ASSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasining birinchi raisi (1932—1933). SSSRdagi „Katta terror“ davrida (1937—1938) Koptileu Nurmuhamedov 1937-yilda hibsga olingan va 1938 yilda siyosiy (aksilinqilobiy) jinoyatlari uchun oʻlimga hukm qilingan. 1957-yilda vafotidan keyin reabilitatsiya qilingan.

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yoshlk yillari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koptileu Nurmuhamedov 1903-yilda Xiva xonligining shimoliy chekkasi, Qoʻngʻirot okrugi, Sorkoʻl volosti hozirgi Qoraqalpogʻiston hududi) dehqonchilik va baliqchilik bilan shugʻullangan dehqon oilasida tugʻilgan. Millati qoraqalpoq, Qiyot urugʻidan. Otasi Nurimbet, onasi Bagʻdan. Koptileu Nurmuhamedov ovul (anʼanaviy qishloq tipidagi aholi punkti) maktabida oʻqigan. Koptileu Nurmuhamedov oilada katta oʻgʻil boʻlgan. Vaqt oʻtishi bilan oʻqishni tashlab, otasiga yordam berish uchun ishga chiqqan. 14 yoshdan 17 yoshgacha Koptileu Nurmuhamedov qozoq boyi Makatay Orazimbetovga ishchi boʻlib ishlagan.

Koptileu Nurmuhamedov boshqa ishchilar baliqchilar kabi baliq tutar, qayiqlarga baliqlarni yuklardi. Bundan tashqari, boy uning ozroq savodxonligi va rus tilini cheklangan darajada bilishidan foydalangan. Bu bilimlarni Amudaryoning quyi oqimida yashovchi ruslar, shuningdek, 1875-yilda ushbu hududlarga surgun qilingan baliqchilar – Ural kazaklari bilan muloqot qilish orqali olgan. Koptileu Nurmuhamedov 17 yoshida oxirgi Xiva xoni Said Abdullaxonning taxtdan agʻdarilishi, Xivada xalq-demokratik inqilobining gʻalaba qozonishi va 1920-yilda Xorazm Xalq Sovet Respublikasining eʼlon qilinishi natijasida boyning xoʻjaligidagi mehnatdan ozod boʻladi. Oʻsha paytda Qoʻngʻirot shahri XXSR tarkibida boʻlgan. Oʻsha yillardagi siyosiy voqealar fonida odamlarning sinfiy va inqilobiy ongi, jumladan, yosh Koptileu Nurmuhamedovda ham oʻzgarish yuzberdi. 1921-yilda ota-onasiga uy ishlarida yordam berish uchun Sorkoʻlga qaytib keladi va Makatay boydagi yollanma ishchi taqdiri bilan abadiy xayrlashadi. Koptileu Nurmuhamedov Sorkoʻl volostining ijtimoiy-siyosiy hayotida faol qatnashib, komsomolga oʻtadi, 1922—1924-yillarda Xorazm komsomoli Sorkoʻl volosti qoʻmitasi kotibi boʻlib ishlagan.

1924-yilda Koptileu Nurmuhamedov Xivaga uch oylik pedagogika kursiga boradi, soʻng Qoʻngʻirotga qaytib, maktab-internatda oʻqituvchi boʻlib ishlay boshlaydi. Maktab-internatga bozorda, baliq qovurish moslamalari yonida oʻtirgan kambagʻallarning yetim va och bolalari yigʻishgan. Oʻqitish darsliklar, xaritalar va globuslarsiz amalga oshirilgan. Bosmachilar tomonidan doimiy ravishda qirgʻin qilinish xavfi mavjud boʻlgan. Koptileu Nurmuhamedov tomonidan maktab-internatga olib kelganlar orasida taniqli qoraqalpoq yozuvchisi, keyinchalik uning tavsiyasiga koʻra, Qoraqalpoq ASSR Yozuvchilar uyushmasining birinchi raisi boʻlgan Asan Begimov (1907-1958), mashhur qoraqalpoq shoiri Xojamet Axmetov (1908-1932) va boshqalar boʻlgan.

Partiyadagi faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

1924-yilning dekabr oyidan Qoraqalpoq avtonom viloyati tashkil etilgandan soʻng Koptileu Nurmuhamedov Qoʻngʻirot okrugi komsomol tashkiloti masʼul kotibi etib saylandi va u yerda 1926-yil martigacha ishlagan.1925-yil sentyabrda Koptileu Nurmuhamedov Butunittifoq kommunistik (bolsheviklar) partiyasi safiga qoʻshiladi. 1926-yil mart oyida 23 yoshli kommunist Koptileu Nurmuhamedov alohida vaziflarni bajaradigan qism safiga kommunar sifatida qoʻshiladi. Koptileu Nurmuhamedov 1926-yilning mart oyidan oxirigacha Qoraqalpoq avtonom viloyati Qoʻngʻirot okrugining (Qoraqalpoq avtonom viloyatidagi toʻrtta okruglardan biri) xalq taʼlimi boʻlimi mudiri boʻlib ishlagan. 1927-yil boshidan 1928-yil martigacha Qoraqalpoq avtonom viloyati Qoʻngʻirot va Toʻrtkoʻl okruglari boʻyicha Butunittifoq bolsheviklar kommunistik partiyasi viloyat nazorat komissiyasi masʼul vakili boʻlgan. 1928-yil martdan iyungacha viloyat prokurori yordamchisi va oʻrinbosari boʻlib ishlagan. 1928-yil 1-iyundan 1929-yil martigacha Koptileu Nurmuhamedov Butunittifoq Kommunistik partiyasi viloyat nazorat komissiyasi partiya hay’ati mas’ul kotibi boʻladi. 1927-yildan 1929-yilgacha Butunittifoq Kommunistik partiyasi viloyat nazorat komissiyasi aʼzosi, 1928—1930-yillarda Butunittifoq Kommunistik partiyasi Qozoq oʻlkasi nazorat komissiyasi aʼzosi boʻlgan. 1929—1932-yillarda viloyat ijroiya qoʻmitasi raisi boʻlgan. 1929-yil mart oyida Qoraqalpoq avtonom viloyati sovetlarining III syezida Qoraqalpoq avtonom viloyati ijroiya qoʻmitasining aʼzosi va raisi etib saylangan. 1929-yildan Koptileu Nurmuhamedov Butunittifoq Kommunistik partiyasi Qoraqalpoq viloyati qoʻmitasi aʼzosi, 1930-yildan Butunittifoq Kommunistik partiyasi Qoraqalpoq viloyat qoʻmitasi byurosi aʼzosi boʻlgan. 1930-yilda Koptileu Nurmuhamedov Qoraqalpogʻistonda savodsizlikni bartaraf etish boʻyicha partiya va hukumat tadbirlarini amalga oshirgan „madaniy kampaniyalar“ning viloyat shtabiga rais etib tayinlanadi. Birinchi besh yillik reja (1928—1932) yillarida Koptileu Nurmuhamedov Qoraqalpogʻiston rahbariyatida mas’ul lavozimlarda ishlagan, viloyat ijroiya qoʻmitasi raisi (1929—1932) va Qoraqalpoq ASSR Markaziy ijroiya qoʻmitasi raisi (1932—1933) boʻlgan.

Butunrossiya Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Prezidiumining 1930-yil 20-iyundagi qaroriga asosan Qoraqalpo Avtonom viloyati Qozogʻiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibidan chiqarilib, RSFSR tarkibiga kiritladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]