Kichkina tabib
Kichkina tabib | |
---|---|
![]() | |
Janri |
drama fantastika |
Rejissyor(lar) | Zulfiqor Musoqov |
Ssenariynavis(lar) | Zulfiqor Musoqov |
Rollarda |
Murod Rajabov Dilshod Kattabekov Zikir Muhammadjonov Saida Mansurxoʻjayeva Fotima Rejametova Karim Mirxodiyev Munavvara Abdullayeva Rajab Adashev Hojiakbar Nurmatov |
Distribyutor | Oʻzbekfilm[1] |
Chiqarilgan sanasi | 1998-yil |
Davomiyligi | 88 daqiqa |
Tillar | oʻzbek, rus, fransuz |
Kichkina tabib – Oʻzbekfilm kinostudiyasi tomonidan, „Oʻzbekkino“ Davlat unitar korxonasi (1998-y) buyurtmasiga binoan suratga olingan, komediya va fantastika elementlari bilan boyitilgan dramatik film. Zulfiqor Musoqov rejissyorligida 1998-yilda taqdim etilgan mazkur filmda 90-yillarning bir qator mashxur, tajribali aktyorlari suratga tushgan. 8 yoshda boʻlgan Dilshodbek Kattabekovning kinodagi debyut roli uni butun Oʻzbekistonga mashxur qildi.
Syujeti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Film 2 ta syujet yo'nalishi bilan boshlanib, keyin bir-biriga ulanib ketadi.[2]
1-syujet yo'nalishi: Shuhrat Shodmonov - Toshkentdagi yirik xalqaro biznes-markazida o'z ofisiga, o'z ishchi-xodimlariga ega bo‘lgan sarmoyador, tadbirkor. Uning ustidan arz qilib, maoshini talab qilgan Nozim (Nozim To'laxo'jayev) ismli ishchisiga Shuhrat aka haq to'lashdan bo'yin tovlaydi. Nozim esa uning bu xatti-harakatidan chuqur norozi bo'lib, "sizni xudoga soldim" deya kabinetdan chiqib ketadi.
Bir-ikki kundan so'ng Shuhrat aka Toshkentning 90-yillardagi mashxur bo'lgan "Mezon" restoranida nevarasi Nigoraning tug'ilgan kuniga bag'ishlab ziyofat tashkil qiladi. Ziyofatda o'rtakash Husan Sharipov (kameo) va "Nola" ansambli xizmat qilishadi. Ziyofat so'nggida Shuhrat akaning ukasi Sherzod Shodmonov o'zining yangi biznes-hamkorlari bilan akasini tanishtiradi. U tadbirkorlar Shuhrat akaning firmasi orqali giyohvand moddalar kontrabandasini amalga oshirish niyatlarini taklif qilishadi. Shuhrat aka bunday tavakkalli taklifga ukasining qistovi bilan yoqar-yoqmas rozi bo'ladi. Ziyofatdagi bu suhbatni video-operator niqobi ostida tashrif buyurgan organ xodimi (rus yigit) suratga oladi va MXX xodimiga (Muhammadjon Uzoqov) taqdim etadi.
Ziyofatning ertasi kuni Nigora uyida o'zidan-o'zi xushsiz, paralich holatga tushib qoladi. Nigoraning oyisi Nargiza (Fotima Rejametova) darhol qaynatasi Shuhrat akaga telefonda habar beradi. Shuhrat aka jonholatda uyga yetib keladi. Nigorani ko'rib qo'ygan hamshira qizni kasalxonaga yotqizishni taklif qiladi. Shuhrat aka bunga rozi bo'lmaydi va respublikaning eng tajribali shifokori Boris Abramovichni tibbiy uskuna va jihozlari bilan uyiga ko'chirtirib olib keladi. Bu orada Sherzod Shodmonov fransiyalik doktorni (Pierre Schuven) , tarjimon bilan akasini uyiga boshlab keladi. Fransuz doktor Nigoraning bu kasalligini "psixosomatik" deb ataydi, Nigorani Parijdagi klinikaga olib borgan bilan biror o'zgarish bo'lishi qiyin ekanligini Shuhrat akaga tushuntiradi. Doktor Boris Abramovich esa Nigorani "uxlab yotibdi", uning uyg'onishini faqat kutish kerakligini aytadi. Shuhrat aka nima qilishni bilmaydi.
2-syujet yo'nalishi: Doniyor – bedavo dardga chalingan ogʻir kasallarni davolay oladigan gʻayritabiiy kuchga ega. Uning bu qobiliyati tufayli qishlogʻida birorta kasal qolmagan. Ammo Doniyorning oyisi Xayrinisa opa bedavo dardga chalingan, Toshkentdagi shifokor ham uni davolay olmadi va uni uyiga olib ketishga Normat akaga ruxsat beradi.
Doniyor oʻsha tunda oʻzining „Olapar“ laqabli iti bilan onasining tuzalib ketishini xudodan astoydil soʻraydi, ertalab Xayrinisa opa hech narsa boʻlmaganday tuzalib ketadi. Qishloqda Doniyorning „dushmani“ - Hasanboy „terminator“ laqabli surbet bola ham „toʻgʻri yoʻlga“ kiradi. Doniyor oʻzining „doʻsti“ – urush faxriysi Toʻqson boboning urushda yo'qotilgan chap qoʻlini „qayta tiklab“ beradi.
Bir kuni Teshavoy ismli, odamlarni ishonchiga kira oladigan, gʻayratli xarakterga ega „dallol“ oʻzi bilan opera kuylashni xush koʻruvchi, lekin ovozi xirillab qolgan jurnalistni Normat akaning (Doniyorning dadasi) uyiga boshlab keladi, va Doniyorning bu „qobiliyatini“ qonuniylashtirish uchun oʻz yordamini taklif qiladi. Doniyor jurnalistning ovozini jarangdor qilib beradi. Evaziga oʻsha jurnalist Doniyorning tibbiy faoliyati uchun „lisenziya“ yozib beradi va u haqda gazetada „Kichkina tabib“ nomli maqola (film nomi shu maqola nomidan kelib chiqqan) chop etadi. Doniyor haqida toshkentlik tadbirkor Shuhrat Shodmonovning uy xizmatkori Mashrab aka oʻqib qoladi.
Oʻsha kuniyoq Doniyorning qishlogʻiga Shodmonov oʻzining „Mercedes-Benz“ mashinasida katta tezlikda yetib keladi va undan „chuqur uyquda yotgan“ nabirasini davolab berishini iltimos qiladi. Doniyor Teshavoy aka bilan Toshkentga boradi. U Shodmonovning nevarasi – Nigorani uzluksiz davolash zarurati mavjudgi tufayli ularnikida Teshavoy aka bilan yashay boshlaydi.
Shodmonovning oilasi tinch emas: oʻgʻli Shavkat Yangiyoʻldagi jazmani bilan yashaydi, onda-sonda uyga kelib turadi va xotini bilan ajrashishni istaydi, lekin Shuhrat aka bunga yoʻl qoʻymaydi; qizi Shahnoza esa kelinoyisi Nargiza bilan gaplashmaydi, uni hurmat qilmaydi; faqat uy xizmatkori, soqov Mashrab aka (aslida u soqov emas) oiladagi totuvlikni saqlab qolishga harakat qiladi, Shuhrat aka uni shuning uchun juda hurmat qiladi.
Doniyor Nigoraning nomaʼlum kasalligi (psixosomatik) sabablarini aniqlashga astoydil harakat qiladi va oxir-oqibat buning sababi oiladagi nosogʻlom muhit („uydan farishtalar qochib ketgan“), Shuhrat akaning qingʻir ishlari, oila aʼzolarining bir-biriga mehri yoʻqligi ekanligini tahmin qiladi. Doniyor qizni noodatiy usullar bilan davolashga kirishadi. Kun bo'yi u toza havoda, quyosh ostida u Nigoraga fransuz adibi Antuan de Sent-Ekzyuperining hikoyalaridan o'qib beradi. Nigoraning oldida Shuhrat aka bilan kulgili raqsga tushadi, va shu orqali qizning emotsional tuyg'ularini qayta tiklashga harakat qiladi.
Bu orada Teshavoy aka Shodmonovning qizi Shahnozani sevib qoladi, unga sevgi izhor qiladi, lekin rad javobini oladi. Shahnoza o'z navbatida direktori Adham Hamidovichning shilqim harakatlari haqida dadasiga aytib beradi. Shuhrat aka Adhamni Shahnozadan uzr soʻrashga majbur qiladi. Shuhrat aka aybini yuvish uchun Nozimga 30 ming dollar haq to'lamoqchi bo'ladi, Nozim rad etadi, Shuhrat aka pullarni axlat yig"uvchi moshinaga uloqtiradi.[3]
Film soʻnggida Nigora tuzaladi, Doniyor qishlogʻiga qaytadi; Shavkat xotini Nargiza bilan yarashadi; Shahnoza kelinoyisidan, Mashrab amakidan ularning dilini og'ritgani uchun uzr soʻraydi, koʻp vaqtini oilasiga bagʻishlaydi va Teshavoy aka bilan munosabat oʻrnatadi; Sherzod Shodmonov hamtovoqlari bilan giyohvand moddalar oldi-sotdisi ustida qoʻlga olinadi. Shuhrat aka esa qonun oldida javob berish uchun, uni izidan Doniyorning qishlogʻigacha yetib kelgan MXX xodimlari tomon oʻz ixtiyori bilan boradi. Mashrab „qasamini buzadi“ va gapira boshlaydi. Shuhrat aka bolalarini Mashrabga topshirib ketadi.
Filmda foydalanilgan taronalar:
"Nola" - "Xoh inon, xoh inonma", "O'yna".
N'SYNC - "Tearin' up my heart".
Rollarda
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aktyor | Rol |
---|---|
Murod Rajabov | yirik tadbirkor Shuhrat Shodmonov |
Dilshod Kattabekov | kichkina tabib Doniyor |
Karim Mirxodiyev | Doniyorning menejeri Teshavoy (Teshavoy Corporation) |
Barno Nishonova | Shodmonovning nabirasi Nigora |
Fotima Rejametova | Nigoraning onasi Nargiza |
Saida Mansurxoʻjayeva | Shodmonovning qizi Shahnoza |
Munavvara Abdullayeva | Doniyorning onasi Xayriniso opa |
Bahrom Matchonov | Shodmonovning oʻgʻli, Nigoraning dadasi Shavkat |
Rajab Adashev | uy xizmatkori Mashrab aka |
Zikir Muhammadjonov | urush faxriysi To'qson bobo |
Hojiakbar Nurmatov | Shuhrat akaning ukasi Sherzod Shodmonov |
Valeriy Yuldashev | doktor Boris Abramovich |
Rixsivoy Aliyev | Jurnalist, ekspert |
Fathulla Masudov | Doniyorning katta akasi |
Nozim Toʻlaxoʻjayev | Nozim Shodmonovning sobiq hamkori |
Husan Sharipov | kameo bazmdagi oʻrtakash |
Tojiboy Normatov | Doniyorning dadasi Normat aka |
Muhammadjon Uzoqov | Milliy xavfsizlik xodimi |
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Film
- ↑ Ochilov, M.M.; Narzullayev, O.O.; Xolmatov, O.A. (2025-04-06). „Mashinali o'qitish algoritmlari asosida o'zbek tili matnlaridagi imlo xatolarini aniqlash va tuzatish“. Международный Журнал Теоретических и Прикладных Вопросов Цифровых Технологий. 8-jild, № 1. 85–94-bet. doi:10.62132/ijdt.v8i1.235. ISSN 2181-3094.
{{cite magazine}}
: Check|doi=
value (yordam) - ↑ Ochilov, M.M.; Narzullayev, O.O.; Xolmatov, O.A. (2025-04-06). „Mashinali o'qitish algoritmlari asosida o'zbek tili matnlaridagi imlo xatolarini aniqlash va tuzatish“. Международный Журнал Теоретических и Прикладных Вопросов Цифровых Технологий. 8-jild, № 1. 85–94-bet. doi:10.62132/ijdt.v8i1.235. ISSN 2181-3094.
{{cite magazine}}
: Check|doi=
value (yordam)
![]() | Filmga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |