Kontent qismiga oʻtish

Jumaniyoz Olloqulov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jumaniyoz Olloqulov
Tavalludi 1898-yil
Vafoti 1937-yil 12-iyul
Toshkent shahri, Pushkin ko'chasi
Faoliyat yillari 1916—1937-yillar
Turmush oʻrtogʻi Zoya Alekseyeva
Bolalari Ella
Otasi Polvon Naimboy о‘g‘li
Onasi Robiya xonim

Jumaniyoz Olloqulov (1898-yil, Xiva — 1938-yil, Toshkent) — Xivalik jadid maʼrifatparvarlaridan biri.

Jumaniyoz Olloqulov 1898-yil Xiva shahrida tavallud topgan. Otasi yirik qorakoʻl savdogari Polvon Naimboy oʻgʻli boʻlgan. Jumaniyoz Olloqulov maktab yoshiga yetgandan soʻng, dastlab Xivadagi eski maktabda tahsil olgan. 1907—1910-yillarda shahzodalar bilan Toʻrtkoʻlda joylashgan jadid maktabida taʼlim olgan. 1910-yildan 1915-yilga qadar Petro Aleksandrovsk shahridagi harbiy bilim yurtida oʻqigan. Jumaniyoz Olloqulov Zoya Alekseyeva bilan tumush qurgan va ularning Ella ismli qizi boʻlgan. Onasining ismi Robiya xonim edi. Jumaniyoz Olloqulovning Durdijon, Saodat Shamsiyeva hamda Soʻna Husaynzargarova ismli singillari, Madamin va Ismoil Alloqulov ismli ukalari boʻlgan.

Ish faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻqishni tugatganidan soʻng, Amudaryo boʻlimi boshqarma boshligʻi idorasida amaliyot oʻtagan. 1916-yil Yangi Urganch shahrining „Zinger“ korxonasida faoliyat olib borgan. 1917-yilning mart oyigacha Amudaryo boʻlimi devonxonasida hisobchi vazifasida faoliyat yuritgan. 1917-yilning mart oyidan 1918-yil noyabr oylariga qadar Toʻrtkoʻl shahrida soldat deputatlari Toʻrtkoʻl qoʻmitasining hisobchisi sifatida ishlagan. 1918-yil noyabr oyidan Xiva boʻyicha pasport boʻlimi boshligʻi vazifasida ish faoliyatini boshlagan. 1919-yil iyun oyidan 1920-yil fevral oyigacha Yosh xivaliklar inqilobiy qoʻmitasining kotibi sifatida ishlagan. Toshkentga kelganidan soʻng, turk subayi Mustafo Subhibey bilan tanishgan. Mustafo Subhibey Jumaniyoz Olloqulovni „Yosh xivaliklar“ inqilobiy qoʻmitasiga olmoqchi boʻldi[1]. 1920-yilning fevral oyida bolsheviklar tomonidan Xiva agʻdarilgandan soʻng, Broyda bilan Xorazmga kelgan. Jumaniyoz Olloqulov XXSRning I qurultoyida ishtirok etgan hamda Xorazm Xalq Respublikasi Tashqi ishlar noziri oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan. V.I. Lenin rahbarlik qilgan Sovet hukumati Bobooxun Salimov boshchiligidagi Xorazm hukumati delegatsiyani 1920-yilning yoz oylarida Rossiyaga taklif qilgan. Jumaniyoz Olloqulovga Sovet maʼmurlari tomonidan tuz savdosi bilan shugʻullangan degan soxta ayblov qoʻyilgan va Toshkent shahrida qamoqqa olingan. Keyinchalik, u aybsiz deb topilgan va yana oʻz ish joyiga qaytarilgan. 1921-yilning 6-mart kunida XXSR hukumatidagi Yosh xivaliklar partiyasining barcha vakillari hokimiyatdan chetlashtirilgan. 1921-yil iyun oyidan boshlab, Jumaniyoz Olloqulov Moskava shahrida Xorazmning doimiy vakili sifatida ishlagan. Ammo, 1922-yilning 22-fevral kunida Jumaniyoz Olloqulov Moskvada aksilinqilobiy “Milliy ittihod” tashkiloti aʼzosi, Afg‘oniston bilan aloqalar oʻrnatgan degan ayblovlar qoʻyilib hibsga olingan. Shundan soʻng, Xorazmga qaytarib kelingan va soxta ayblovlar sabab otishga hukm qilingan. Lekin bunga koʻpchilik norozilik bildirganligi sababli hukm bekor qilinib, 10 yillik qamoq jazosi berilgan. 1923-yilning 30-yanvar kuni XXSR MIK sessiyasida Jumaniyoz Olloqulovga nisbatan umumiy avf qoʻllanib, Xorazm Markaziy qoʻmitasi tomonidan oqlangan. 1923-yilning fevral oyida esa Jumaniyoz Olloqulov ozodlikka chiqqach, Chorjoʻyda joylashgan jamgʻarish idorasida oʻz faoliyatini qaytadan boshlagan. 1924-yilda boʻlib oʻtgan Xorazm Kommunistik partiyasi Butunxorazm qurultoyida ishtirok etgan. 1924-yilning fevral oyidan Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjalik bankida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. 1928-yil Samarqand okrug qishloq xoʻjalik bankining xodimi boʻlgan Jumaniyoz Olloqulov Fayzulla Xoʻjayev tomonidan OʻzSSR XKS referenti sifatida ishga olingan.

1937-yilning 11-iyul kuni Jumaniyoz Olloqulov aksilinqilobiy targʻibotchi sifatida aybdor deb topilgan hamda qamoqqa olingan. 1937-yilning 12-iyul kuni Toshkent shahrida joylashgan Pushkin koʻchasidagi 40-uyida tintuv oʻtkazilgan va barcha mol-mulki davlat tomonidan musodara etilgan. 1937-yil 9-dekabrda otib oʻldirishga hukm etilganiga muvofiq 1938-yilning 7-yanvar kunida otib oʻldirilgan. Turmush oʻrtogʻi Allakulova Zoya Aleksandrovnaga uning 1946-yilning noyabrida jazoni oʻtash vaqtida о‘pka shamollashi sababli vafot etganligi haqidagi soxta ma’lumotnoma taqdim etilgan[2].