Kontent qismiga oʻtish

Gul bir yon, chaman bir yon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Gul bir yon, chaman bir yon“
Abdurauf Olimov qoʻshigʻi
Til oʻzbekcha
Nashr qilingan 1986
Janr anʼanaviy musiqa
Davomiyligi 5:48
Matn muallif(lar)i Toʻra Sulaymon
Bastakor(lar) Abdurauf Olimov
Klipi
„Gul bir yon, chaman bir yon“ YouTubeda

Gul bir yon, chaman bir yon“ (xalq orasida „Chaman ichinda bir gul“ deb ham nomlanadi) – tojikistonlik oʻzbek sanʼatkor Abdurauf Olimov ijro etgan qoʻshiq. Ashula 1986-yil yozilgan boʻlib, Olimov shuhratini keskin oshirishga yordam bergan taronalarning biridir. Qoʻshiq musiqasini Olimovning oʻzi shoir Toʻra Sulaymon yozgan sheʼrga bastalagan.

Olimovning soʻzlariga koʻra, qoʻshiqni yaratish gʻoyasi unga 1985-yili Guliston shahrida kelgan. Shaharda Olimov qiziqchi Hojiboy Tojivoyev bilan bergan konsert dasturiga shoir Toʻra Sulaymon tomoshabin oʻlaroq borgan, dastur tugaganidan keyin ikki sanʼatkorni uyiga mehmonga taklif qilgan. Toʻra Sulaymon uyida „Gul bir yon, chaman bir yon“ sheʼri kiritilgan toʻplamiga dastxat yozib, uni Olimovga sovgʻa qilgan. Olimovga sheʼr juda xush kelgan va tez orada unga kuy bastalagan. Bu haqda Olimov shunday degan:

Soʻzlar juda chiroyli edi, kuyni esa men bastaladim. Bir yil oʻtib bu qoʻshiqni radioning oltin fondiga yozishdi. Shu-shu, bu qoʻshiq mening tashrif qogʻozimga aylandi[1].

Olimov „Gul bir yon, chaman bir yon“ qoʻshigʻini ilk marotaba toʻyda ijro etgan. Qoʻshiq birinchi marta 1986-yil Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi studiyasida yozib olingan. Radioda eshittirilganidan keyin tez suratda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistondagi tinglovchilar orasida ommalashgan.

Qoʻshiq Olimovning eng taniqli taronalaridan biri boʻlib, bir necha sanʼatkor, jumladan, Dilshod Rahmonov tomonidan kaver qilingan. Shoir Toʻra Sulaymon qoʻshiq ortidan shuhrati oshganini aytib, Olimovga minnatdorchilik bildirgan[2]. „Gul bir yon, chaman bir yon“ 2010-yil Olimovning „Gul bir yon“ albomiga kiritilgan.

  1. „Таниш қўшиқлар: Гул бир ëн, чаман бир ëн“. Ozodlik (23-iyun 2015-yil). Qaraldi: 20-iyun 2022-yil.
  2. „Таниқли ҳофиз Абдурауф Олимов билан суҳбат“. BBC Oʻzbek (23-mart 2009-yil). Qaraldi: 20-iyun 2022-yil.